Shu sababli bundan bir muddat oldin Sogʻliqni saqlash vazirligida oʻtkazilgan uchrashuvda amaliyot uchun foydali boʻlmagan hujjat va hisobot shakllarini qisqartirish yuzasidan maxsus ishchi guruh tuzilgan edi.
Oʻtgan qisqa vaqt ichida vazirlik tomonidan tuzilgan ishchi guruh bu boradagi vaziyatni chuqur oʻrganib, mavjud 26 turdagi jurnal hamda 33 turdagi hisobot shakllaridan bir qismi amaliyotda keraksiz, degan xulosaga keldi.
Masalan, aholi juda koʻp murojaat qilgan pallalarda qabul boʻlimi hamshirasining “Ambulator-poliklinika muassasasiga kelganlarni qayd etish jurnali”ni toʻldirishi juda koʻp vaqt yoʻqotilishiga, oqibatda odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan edi. Qolaversa, bemorlar qabul boʻlimidan roʻyxatdan oʻtgach, shifokor huzuriga kirish uchun yana roʻyxatga yozilishi zarur edi.
“Tibbiyot xodimlarining jarohat holatlarini qayd qilish jurnali”ga esa noxush vaziyatlar yuz bermasa, oylab, hatto yillab ehtiyoj boʻlmasligi mumkin. Lekin hamshira ana shu hujjat turiga har kuni “Bugun koʻngilsiz holatlar sodir boʻlmadi” degan mazmundagi qaydlarni kiritib borishi shart edi.
Yana bir misol: oilaviy poliklinikaning muolaja hamshirasi har bir bemorga “ukol” qilgach, buni bir nechta blankalar, hatto maxsus jurnalga ham “falon dona shpris, falon gramm spirt, falon gramm paxta ishlatildi” degan maʼlumotlar bilan yozib borishi lozim edi. Bu esa boshqa bemorlarning uzoq kutib qolishiga sabab boʻlayotgandi.
Ana shunday noxush holatlarga chek qoʻyish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi qabul qilindi. Unga koʻra, shu yil 1-fevraldan koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktlarida yuritiladigan 26 turdagi tibbiy hisob jurnallaridan 14 tasi qoldirildi. Qolgan 14 tasidan 10 tasi soddalashtirildi. 33 turdagi tibbiy karta va blankalar esa 14 tagacha qisqartirildi.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlanmagan tibbiy hisob hujjat shakllaridan foydalanish qatʼiyan man etildi.
Endi shifokor va hamshiralar asosiy vaqtini ortiqcha qogʻozbozlik, yaʼni, hisobotu hujjatlar toʻldirishga emas, balki bosh vazifasi boʻlgan bemorlarni davolashga yoʻnaltiradi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.