Xususan, kuni kecha Fargʻona shahri markazidagi “Toʻqimachilar” madaniyat va istirohat bogʻida sayyor tibbiy qabul tashkil etildi. Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan boʻlgan ochiq muloqotida belgilangan muhim vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda vazirlik markaziy apparati jamoasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va shifokorlari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari olimlari hamda mahalliy mutaxassislar, jami 200 nafardan iborat maxsus guruh aholini qabul qildi.
Sayyor qabulda bemorlar tibbiy yordamga muhtojlik darajasiga koʻra tasniflanib, koʻrsatiladigan tibbiy xizmat hajmi tuman, viloyat va respublika miqyosida belgilab olindi. Murakkab jarrohlik amaliyotlari talab etiladigan, biroq davolanishga imkoni yoʻq fuqarolarga esa shu yerning oʻzida order rasmiylashtirildi. Shuningdek, tadbir doirasida viloyatdagi qator tibbiyot muassasalarida poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar boshchiligida koʻplab yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati oʻtkazilgan ana shunday operatsiyalar tufayli yana sogʻlom hayotga qaytgan bir necha bemorlar bilan suhbatlashdi.
Oʻzbekiston tumanining Beruniy mahallasida yashovchi 36 yoshli Gulbahor Saidahmedova uch yildirki, ogʻir dardning azobini tortadi. Oʻtgan bu vaqt u uchun hayotidagi eng ogʻir damlar boʻldi. Avvaliga bemor hammasi yaxshi boʻlib ketar, degan umid bilan yashab yurdi. Biroq oxir-oqibat kasallik uni toʻshakka mixladi. Soʻnggi tekshiruvlardan soʻng esa unga ogʻir xastalik — ikki tomonlama koksartroz tashxisi qoʻyildi. Bu orada G.Saidahmedova viloyatdagi bir necha tibbiyot muassasasida muolajalar olib yurdi, ammo kutilgan natija boʻlmadi. Shifokorlar bemorda murakkab endoprotezlash operatsiyasi oʻtkazish lozimligi, bu amaliyot esa juda qimmatligini aytganida, yaqinlarning ilojsizlikdan boshi qotdi. Fargʻona viloyatida boshlangan sogʻlomlashtirish aksiyasi esa Gulbahorning qalbida sogʻayishga umid uygʻotdi.
— Inson dardga chalinib, toʻshakda yotib qolganida yaqinlaridan yanada koʻproq mehr kutarkan, — deydi bemor. — Ammo kezi kelganda hamma qadrdonlaring ham senga suyanch boʻla olmas ekan. Davlatimiz esa ana shunday ogʻir damda yolgʻizlatib qoʻymadi. Qoʻlim “kalta” boʻlib, kimdan najot kutishni bilmay qolgan paytimda darddan sogʻayishimga, oʻz oyoqlarim bilan yana emin-erkin yura olishimga yordam berdi.
Quvonarlisi, viloyatimizda oʻtkazilayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi tufayli poytaxtga borishimga hojat qolmadi. Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari saʼy-harakatlari bilan uzoq yillik darddan shu yerning oʻzida xalos boʻldim. Nasib etsa, endi Toshkentga davolangani emas, sayohat uchun boraman.
32 yoshli Oʻgʻiloy Ahmadaliyeva — Quva tumanining Ahillik mahallasidan. Uning oyogʻida ham bir necha oy avval qattiq ogʻriqlar boshlangan. Shu kungacha qilingan muolajalar esa kutilgan natijani bermagan. Soʻnggi oʻtkazilgan tomografiya tekshiruvida ushbu bemorga ham koksartroz tashxisi qoʻyildi.
— Tanang darddan azob chekib tursa, hech qanday xursandchilik tatimaskan, — deydi Oʻ.Ahmadaliyeva. — Ayniqsa, oʻz oyoqlaring bilan yura olmasang, bundan yomoni yoʻq ekan. Ochigʻi, oxirgi paytlar shu qadar tushkunlikka tushib qoldimki, “endi yura olmasam kerak” deb oʻylagandim.
Viloyatimizda oʻtkazilayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi hayotimga qayta umid bagʻishladi. Shifokorlarning aytishicha, yaqin kunlarda yana bemalol yura olarkanman. Bemor odamning koʻngliga hech nima sigʻmaydi. Oʻzidan oʻtganini oʻzi biladi.
Fargʻona tumani, Vodil qishlogʻi, Chimyon mahallasida yashovchi Abdunazar Toʻrayev ham yigirma besh yildirki, yuqori qon bosimidan aziyat chekadi. Yillar davomida qilingan muolajalar esa samara bergani yoʻq.
Aksincha, yildan-yilga ahvoli yanada ogʻirlashdi. Kasallik zoʻrayib, umumiy holatida salbiy oʻzgarishlar kuzatila boshladi. Ayniqsa, oxirgi yillar kuchli bosh ogʻrigʻi, hushdan ketish, qoʻl-oyoqlarda holsizlik, nutq chalkashishi, koʻrish qobiliyatining sustlashishi kabi asoratlar bemorni ancha holdan toydirdi.
Shu yil oʻtkazilgan tomografiya tekshiruvlaridan soʻng unda ateroskleroz kasalligi aniqlanib, bosh miya qon tomirlari toʻsilib qolgani maʼlum boʻldi.
— Dardning yaxshisi boʻlmaydi, — deydi Abdunazar aka. — Inson kasal boʻlganida hayotning qadrini, salomatlikning haqiqiy qimmatini his qilarkan. Qolaversa, xastalik aniq boʻlsa-yu, davolanishga imkoning boʻlmasa, bundan yomoni yoʻq. Chunki chorasizlikdan nima qilishni, qayerdan najot kutishni bilmaysan.
Mana shunday ogʻir paytda viloyatimizda oʻtkazilayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi oilamiz joniga oro kirdi. Hozir oʻzimni yaxshi his qilyapman. Shifokorlarning aytishicha, yaqin kunlarda yana sogʻlom hayotga qaytarkanman.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Fargʻona filiali kardiojarrohi Hondamir Mamadaliyevning aytishicha, uyqu arteriyasini ateroskelerozdan tozalash — anchagina murakkab muolaja. Buning uchun bemorning boʻyin qismi jarrohlik yoʻli bilan ochilib, bosh miyaga ketgan arterial qon tomirlari xolesterindan tozalanadi. Shunisi eʼtiborliki, bunday murakkab operatsiya Fargʻonada ilk bor oʻtkazildi.
Ana shunday ogʻir xastalikka chalinganlardan yana biri oltiariqlik Sobirjon Rahmonov boʻlib, 2021-yil yanvar oyida insult xastaligini boshdan kechirgan. Shundan soʻng oʻsha yili may oyida unda kardiojarrohlik operatsiyasi oʻtkazilgan. Biroq bemor muolajadan keyin ham butunlay sogʻayib ketmadi. Soʻnggi tibbiy tekshiruvlardan keyin uning uyqu arteriyalarini ateroskelerozdan tozalash kerakligi maʼlum boʻldi.
— Kasallikning kelishi oson, ketishi qiyin ekan, — deydi bemor. — Buni esa oʻz boshimdan oʻtkazib bildim. Ammo dard qanchalik ogʻir boʻlmasin, inson tushkunlikka tushmasligi kerak. Ayniqsa, oilaviy sharoiti davolanishga imkon bermaydigan biz kabi bemorlarga davlatimiz tomonidan alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilayotgani sogʻayishimizga yanada ishonch bagʻishlamoqda. Operatsiyam muvaffaqiyatli oʻtdi. Buning uchun shifokorlardan minnatdorman.
Hosiljon Tillaboyev — Quva tumanining Guliston mahallasidan. 62 yoshli bemor 2021-yil dekabr oyida infarktni boshdan oʻtkazgan.
Shundan soʻng unda yurakni stentlash operatsiyasi bajarildi. Biroq bu bilan kasallik xavfi chekingani yoʻq. Bemorni yurak sohasidagi ogʻriqlar bezovta qilavergach, qayta tibbiy tekshiruvlardan oʻtdi.
Yakunda shifokorlar unda aorta-koronar shuntlash operatsiyasini bajarish lozim, degan xulosaga kelishdi. Buning uchun Fargʻonaga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidan yetakchi kardioxirurg mutaxassislar jalb etildi.
— Ochigʻi, shifokorlar yuragimda murakkab operatsiya oʻtkazilishini aytganida, boshim qotib qoldi, — deydi H.Tillaboyev. — Chunki oilaviy sharoitimiz jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga imkon bermasdi. Shifoxonadan qoʻngʻiroq qilib, “davlat hisobidan bepul operatsiya qilinasiz”, deyishganida quvonchim ichimga sigʻmadi. Qolaversa, biz uchun poytaxtdan eng malakali shifokorlar kelibdi. Ogʻir darddan butunlay xalos boʻlganimdan, davlatimizning mehr va eʼtiboridan xursandman. Shuningdek, Fargʻonada boʻlib oʻtayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi doirasida quvasoylik Abdukarim Mamatbekovning yuragida ham aorta-koronar shuntlash operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
— Oxirgi paytlarda yurak sohamda qattiq sanchiqlar paydo boʻlib, qon bosimim tez-tez koʻtariladigan boʻlib qolgandi, — deydi bemor. — Shu bois bu yil mart oyida Quvasoy shoshilinch tibbiy yordam boʻlimida muolaja oldim. Biroq soʻnggi EKG tekshiruvidan keyin shifokorlar kasalligimni butunlay davolash uchun operatsiya oʻtkazish lozimligini aytishdi.
Bu orada Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan biz kabi ehtiyojmand bemorlarda bepul operatsiyalar amalga oshirilayotganidan xabar topdik. Shukr, davlatimizning eʼtibori, qoʻli yengil shifokorlarning koʻmagi bilan ogʻir darddan xalos boʻldim. Nasib boʻlsa, tez kunda yana yaqinlarim bagʻriga qaytaman.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, Fargʻonada boshlangan sogʻlomlashtirish aksiyasi doirasida oʻtgan bir hafta davomida viloyat tibbiyot muassasalarida 100 dan ziyod murakkab va yuqori texnologik operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi, deyiladi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.