Gulistondagi oshxonada gaz balloni portlashi oqibatida uch kishi vafot etdi

    Shu yil 2-dekabr kuni soat 10:49 da Guliston shahrining “Taraqqiyot« MFY hududida joylashgan ovqatlanish shoxobchasida sodir boʻlgan yongʻin haqida tez tibbiy yordam «Call-markazi”ga soat 11:13 da xabar kelib tushgan, deya xabar beradi SSV axborot xizmati.

    Shu yil 2-dekabr kuni soat 10:49 da Guliston shahrining «Taraqqiyot« MFY hududida joylashgan ovqatlanish shoxobchasida sodir boʻlgan yongʻin haqida tez tibbiy yordam “Call-markazi”ga soat 11:13 da xabar kelib tushgan, deya xabar beradi SSV axborot xizmati.

    Aytilishicha, tez tibbiy yordam brigadasi zudlik bilan soat 11:25 da voqea joyiga yetib borib, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordamni koʻrsatgan.

    Hodisa oqibatida 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish va tan jarohatlari olgan. Shundan 26 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan, 3 nafarining ahvoli qoniqarli boʻlgani bois ambulator yordam koʻrsatilib, uyiga javob berilgan.

    Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron Toʻlaganov boshchiligidagi kombustiolog, reanimatolog, neyroxirurg, qoʻshma jarrohlar xirurgi, travmatolog va mikroxirurglardan iborat malakali mutaxassislar shu kunning oʻzida voqea joyiga yetib borib, bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatmoqda.

    Oʻta ogʻir qabul qilingan bemorlardan 3 nafari vafot etgan. Hozirgi paytda shifoxonaga yotqizilgan 1 nafar bemorning ahvoli oʻta ogʻir boʻlib, u sunʼiy nafas olish apparatida. Reanimatsiyadagi mavjud bemorlarning 5 nafari stabil ogʻir, nafasi mustaqil, hushida.

    Ayni paytda qabul qilingan bemorlardan ikki nafari homiladorligi sababli Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filialiga koʻchirilgan. Ularning ahvoli qoniqarli. Qolgan 15 nafar bemorning ham ahvoli qoniqarli boʻlib, ular tegishli boʻlimlarda muolaja olmoqda.

    Shifoxonada bemorlar uchun zarur boʻlgan barcha dori-darmonlar mavjud. Ularga tegishli standartlar asosida malakali tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi har bir bemor salomatligini oʻz nazoratiga olgan.

    Sirdaryo viloyati IIB esa hodisa ortidan bir kishi qamoqqa olinganini, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini, tergov harakatlari davom etayotganini bildirdi.