Ammo tan olish lozim, mamlakatimizda yaqin-yaqingacha ogʻir yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan bemorlarni jarrohlik yoʻli bilan davolash mushkul vazifa edi. Hozirga kelib esa bunday murakkab operatsiyalar nafaqat poytaxtimiz, balki viloyat markazlarida mahalliy shifokorlarimiz tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ular orasida esa xorijning nufuzli taʼlim muassasalarida tahsil olgan va tajriba orttirib qaytgan oʻzbek mutaxassislari talaygina.
Jizzaxlik Sardor Toʻraqulov ana shunday umidli oʻzbek shifokorlaridan. U Qrim Federal universiteti qoshidagi tibbiyot akademiyasini tamomlagan. Keyinchalik Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida klinik ordinatura boʻyicha tahsil olgan. Oʻqishni tamomlagach, oʻtgan yili Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialida ish boshladi.
— Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazi kardioxirurgiya sohasidagi dunyoning eng yirik ilmiy muassasalaridan biri sanaladi, — deydi S. Toʻraqulov. — Ochiq yurakda oʻtkaziladigan operatsiyalar soni boʻyicha ham Yevropada yetakchi oʻrinni egallaydi. Bu yerda kardioxirurgiyaning eng choʻqqisi hisoblangan aortaning chiqish joyi bilan ishlash boʻyicha katta tajriba toʻpladim.
Oʻqishni tamomlagach, 45 nafar talaba orasida faqat mengagina ushbu markazda ishlash taklifi berildi. Ammo Vatanimga qaytish, olgan bilimlarimni xalqimiz salomatligi yoʻlida sarflashga qaror qildim. Boshida biroz ikkilanish va hadik bor edi. Biroq keyinchalik bu eng toʻgʻri qaror boʻlganini tushunim yetdim.
S. Toʻraqulov Oʻzbekistonga qaytgach, oʻtgan yilning iyun oyida beri 100dan ziyod murakkab kardiojarrohlik amaliyotlarida ishtirok etdi.
— Rossiyada oʻqib yurgan kezlarim mamlakatimizdan borgan juda koʻp bemorlar bilan suhbatlashganman, — deydi S. Toʻraqulov. — Oʻshanda “bunday imkoniyatni mamlakatimizda ham yaratsa boʻladi-ku” degan xayol koʻp oʻtgan. Shu sababli kardioxirurgiyani u yerda mukammal oʻrganib, Oʻzbekistonda rivojlantirishni maqsad qilganman.
Jizzaxdagi faoliyatim davomida ushbu orzularim asta-sekin ushalmoqda. Eng asosiysi, endi yurtdoshlarimizning kardiologiya boʻyicha chet elga borib davolanishlariga hojat yoʻq. Sababi mamlakatimizda buning uchun sharoit va imkoniyatlar yetarli.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.