Mazkur hujjat mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishga doir umumiy qiymati 102,5 million AQSH dollarilik qoʻshma chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi. U toʻrt asosiy yoʻnalishdan iborat.
Dastlabki yoʻnalish yurtimizda perinatal xizmatlar koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash bilan bogʻliq dolzarb vazifalarga qaratilgan.
Onalik va bolalikni muhofaza qilishga ixtisoslashgan tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish, davolash muassasalalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, kam vaznli chaqaloqlar hayotini saqlab qolishdek muhim chora-tadbirlar shular jumlasidan.
Ikkinchi yoʻnalish milliy kalendarga kiritilgan vaksinalar bilan bolalarni emlash, mavjud sanitar punktlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, u orqali mamlakatimizda immunizatsiya jarayonlarini takomillashtirish kabi vazifalarni oʻz ichiga oladi.
Qolaversa, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi qator umumtaʼlim maktablarining sanitariya-gigiyena holati hamda oʻquvchilarning salomatligi uchun muhim boʻlgan suv taʼminotini yaxshilashga yoʻnaltirilgan yirik loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, bolalarda yod yetishmovchiligi, kamqonlikning oldini olish singari qator masalalar yechimi ham koʻzda tutilgan.
Uchinchi yoʻnalish onalar va bolalarning ovqatlanishini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlardan iborat. Ular orasida 6-23 oylik bolalar va 35 yoshgacha boʻlgan xotin-qizlarni temir hamda foli kislotasi bilan taʼminlash, umumtaʼlim maktablarida ovqatlanish standartlarini ishlab chiqish kabi dolzarb vazifalar ham bor.
Soʻnggi yoʻnalish oʻsmirlarga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirishni nazarda tutadi. Buning doirasida maktab oʻquvchilari salomatligi bilan bogʻliq milliy strategiya ishlab chiqish, shu yoshdagi oʻgʻil-qizlarga xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot xodimlari uchun oʻquv dasturlari tayyorlash, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etuvchi platforma yaratish kabi loyihalar roʻyobga chiqariladi.
Umuman, ikki tomonlama imzolangan “Yoʻl xaritasi” ijrosi yurtimizda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, shu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi tibbiyot xodimlarining bilim va tajribasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.