Bugungi kunda milliy sifat infratuzilmasini xalqaro meʼyorlarga moslashtirish chora-tadbirlaridan koʻzlangan maqsad ham shu.
Xalqaro standart – xalqaro bozorga yoʻl, degani. Kelajakni oʻylagan ishbilarmon aynan shunday yoʻl tutishni afzal biladi. Bugun yurtimizda mazkur masalaga jiddiy eʼtibor qaratilgan va buning uchun tegishli shart-sharoit yaratib berilyapti. Jumladan, Prezidentimiz oʻtgan yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda soʻzlagan nutqida bunga alohida toʻxtalib, “...Oʻrta korxonalarning rivojlanishi va raqobatdosh boʻlishida xalqaro standart va sertifikatlash tizimini joriy etish oʻta muhim ahamiyatga ega. Ular ishlab chiqarishga qanchalik tez joriy etilsa, ichki bozorda sifatli mahsulotlarimiz ham koʻpayadi”, deya alohida taʼkidlagan edi.
Shundan kelib chiqib, mahalliy tadbirkorlarga koʻmak berish tizimli yoʻlga qoʻyildi va bu ularga katta qulaylik yaratdi. Misol uchun, bir xil tovarlarga bir tashqi savdo shartnomasi doirasida muvofiqlik sertifikatini bir yildan oshmagan muddatga bir marotaba berish tartibi joriy etildi. Natijada tadbirkor har safar takrorlanadigan rasmiylashtirish ishlaridan qutuldi. Yana bir eʼtiborli jihati, birgina ushbu tartib qoʻllana boshlagandan beri soha vakillarining sarflanadigan 25, 7 milliard soʻm miqdorida mablagʻi tejalibdi. Endi bunga ketadigan vaqtning qanchalik tejalganini oʻzingiz tasavvur qilavering. Axir, bungacha tadbirkor har bir shartnoma uchun alohida shunday sertifikat olishi kerak edi-da. Vaqt esa tadbirkor uchun juda qadrli.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan sertifikatlashtirish organini aniqlab, ariza taqdim etish uchun sarflanayotgan oʻrtacha vaqt 3–4 kundan 1 kunga, rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikatlarini bojxona idoralari elektron tizimdan toʻgʻridan-toʻgʻri olish vaqti 2 kunga qisqardi. Bu esa sertifikatlashtirish tizimi shaffofligini oshirib, qalbakilashtirish va korrupsiya holatlarni minimallashtirdi.
Bundan tashqari, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi bilan hamkorlikda meva-sabzavot, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qiluvchi 61 ta eksportchi korxonaga rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikati bilan bogʻliq xarajatlar qoplab berildi. “OʻzTest” davlat muassasasi koʻmagida 27,1 million AQSH dollarilik meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlari Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Qatar va MDH davlatlariga eksport qilindi.
Joriy yilda 491 holatda tadbirkorlik subyektlari tomonidan mahsulotning muvofiqligini deklaratsiyalash yoʻli bilan muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilishi tufayli ular 785,6 million soʻmi mablagʻ iqtisod qildi.
282 ta fermer xoʻjaligining 11 ming gektar ekin maydonida esa Global G.A.P. va Organic xalqaro standartlari joriy qilinib, sertifikatlashtirildi. “OEKO-TEX” xalqaro standarti joriy qilingan toʻqimachilik korxonalari soni 53 taga yetkazildi. 33 ta korxonaga SE markirovkasi olinishi oʻz mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozoriga olib kirish imkonini berdi.
“GSP+” doirasida eksport hajmini kengaytirish boʻyicha ushbu tizimda eksport qilinadigan 1 ming 533 xil mahsulotga Yevropa Ittifoqi davlatlariga belgilangan talablar oʻrganildi. Natijada 575 ta korxona tomonidan 590 tur mahsulot Yevropaning 27 ta davlatiga eksport qilindi. Aytaylik, Polshaga umumiy hisobda 129 million dollarlik mahsulot sotilgan boʻlsa, shundan 96 million dollariligi, yaʼni 75 foizi GSP+ asosida amalga oshirilgan.
“OʻzTest” davlat muassasasi faoliyatidagi eng muhim jihatlardan biri shuki, hududlarda faoliyat yuritayotgan 16 ta sinov laboratoriyasi Oʻz DSt ISO/IEC 17025:2019 standarti boʻyicha akkreditatsiyadan oʻtkazildi.
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida qayd etilgan vazifalar samaradorligini taʼminlash maqsadida 2023–2024-yillarda Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazini yanada rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Unga binoan, tashqi bozorga chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlar uchun rasmiylashtirilgan sinov bayonnomalarining xorijiy davlatlarda tan olinishiga erishish choralari koʻriladi. Muvofiqlikni baholash sohasida milliy imijni yaxshilash hamda koʻrsatilayotgan xizmatlarni raqamlashtirishni jadallashtirish, xavf darajasi yuqori boʻlgan (oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi, metall, elektrotexnika) mahsulotlarni sertifikatlashtirish yuzasidan notifikatsiyalangan idora maqomini olish choralari koʻriladi.
Eksportga yoʻnaltirilgan hamda mahalliy sanoat mahsulotlarining xalqaro xavfsizlik koʻrsatkichlarini (ISO, IEC, EN, UNECE, CODEX STAN, CISPR, SE markirovka, Yevropa iqtisodiy komissiyasi qoidalari) standartlar asosida aniqlash, muvofiqligini baholash boʻyicha sinov laboratoriyalari modernizatsiya qilinadi.
Dunyoda oʻz oʻrniga ega xorijiy tashkilotlar bilan korxonalarda mahsulotlarni xalqaro Global G.A.P., Organic, Halal, GMO, Kosher sertifikatlashtirish hamda ISO standartlar boʻyicha sifat tizimlari keng joriy etiladi.
Bularning bari sohada malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojni oshiradi. Shu maqsadda muvofiqlikni baholash sohasida mutaxassislar tayyorlash va malakasini doimiy oshirib borish maqsadida Germaniya, Fransiya, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, BAA, Belarus Respublikasi bilan oʻzaro hamkorlik kelishuvlari imzolangan. Yaqin kelajakda kadrlar layoqatliligini oshirishni ragʻbatlantirishni taʼminlovchi kompleks tizim ishga tushiriladi.
Umuman olganda, bugungi kunda mamlakatimizda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar orqali yaqin kelajakda ijobiy natijalarga erishilishi kutilayotgani diqqatga sazovordir.
Jumladan,
— Oʻzbekistonning Butunjahon savdo tashkiloti (JST)ga qoʻshilishi boʻyicha bajarilayotgan ishlarni hisobga olgan holda, xalqaro bozorda yurtimiz mahsulot va xizmatlarining raqobatbardoshligi oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda isteʼmolchilarni himoya qilish;
— xorij bozorlariga yetkazib berilayotgan mahsulotlar sinov natijalarining tan olinishiga erishish;
— savdoda texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, ichki va tashqi bozorlarda mahsulot raqobatbardoshliligini oshirish;
— mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari, ijtimoiy sohalari, birinchi navbatda, qonun bilan tartibga solinadigan sohalarda muvofiqlikni baholashda davlat funksiyalarini bajarish boʻyicha ehtiyojlarini qoplashga koʻmaklashish.
Sinov va sifat nazorati tizimini takomillashtirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan bugungi saʼy-harakatlar Oʻzbekistonni jahon bozori bilan faol hamkorlik qilish va iqtisodiyotni samarali rivojlantirishga qaratilgan. Sohada yechimini kutayotgan muammolarni oʻz oʻrnida hal etish, ortiqcha maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf qilish, mahsulotlar muvofiqligini baholash tizimini takomillashtirib borish mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga keng imkoniyat yaratadi.
Jasur SHUKUROV,
Oʻzbekiston ilmiy-sinov va
sifat nazorati markazi direktori