Davlatimiz rahbari boshchiligida 2020-yil 1-iyunda milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda kadrlar masalasiga alohida toʻxtalib, statistika tizimining barcha mutaxassis kadrlarini oʻqitish, malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi.

Shundan kelib chiqib, Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan belgilangan aniq reja asosida, qoʻmita markaziy apparati va hududiy statistika idoralari xodimlarini tizimli oʻqitish boʻyicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Ushbu grafik asosida tizim xodimlarining malakasini oshirish hamda sohaga doir bilim va salohiyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan onlayn seminarlar tashkil etib kelinyapti.

24-iyunda Davlat statistika qoʻmitasi Statistik registrlarni yuritish va tizimli xizmat koʻrsatish boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan videokonferensiya ham aynan hududiy boshqarmalar xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan.

Videokonferensiyada Davlat statistika qoʻmitasi xodimlari va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda statistik registrlarni yuritish va tizimli xizmat koʻrsatish, korxona va tashkilotlar statistikasini oʻtkazish usullari boʻyicha qoʻmita mutaxassislari hududiy statistika boshqarmalari xodimlarining bilim va salohiyatini oʻrgandi.

Tadbirda qoʻmitaning Statistik registrlarni yuritish va tizimli xizmat koʻrsatish boshqarmasi va hududiy statistika boshqarmalari xodimlari sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama va tahlil qilgan holda tizimni rivojlantirish boʻyicha fikr-mulohaza almashdi.

Hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga qoʻmita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega boʻlgan taklif va tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Davlat statistika qoʻmitasi matbuot xizmati.