Isteʼmolchining maʼlum qilishicha, u Navoiy shahrida joylashgan “Xurshid dent” xususiy klinikasida 3 million soʻmga tish qoʻydirgan hamda davolatgan, ammo oradan ikki oy oʻtgach, qoʻyilgan tishlar yaroqsiz holga kelib qolgan. Shu bois fuqaro sifatsiz qoʻyilgan tishlar uchun toʻlagan pulini qaytarib olishda huquqiy va amaliy koʻmak soʻragan. Mazkur murojaat oʻrganilishi natijasida isteʼmolchining sifatsiz tishlar uchun toʻlagan 3 million soʻmi qaytarilishiga erishildi.

Shunday murojaatlardan yana birini Vobkent tumanida yashovchi fuqaro F.Rustamov yoʻllagan. Unda qayd etilishicha, isteʼmolchi Vobkent tumani markaziy bozorida faoliyat yuritayotgan tadbirkordan 3 million 750 ming soʻmga buyurtma asosida oshxona mebellar toʻplamini xarid qiladi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay, mebellar nosoz xolatga kelib qoladi. Fuqaro bu borada tadbirkorga bir necha marta arz qilishiga qaramasdan, hech qanday samara boʻlmagan. Mazkur murojaat oʻrganilishi natijasida qisqa muddatda oshxona mebeli taʼmirlab berildi.

Shuningdek, Toʻrtkoʻl tumanida yashovchi fuqaro Yu.S ham oʻz murojaatida tumanda joylashgan “BLACKWOOD” MCHJ korxonasiga 16 million soʻmlik 13 ta plastik deraza hamda 4 ta plastik eshikka buyurtma berganini, eshik va derazalar oʻrnatilganidan keyin nosozligi maʼlum boʻlgani, tadbirkor esa turli bahonalar qilib nosoz eshik va derazalarni almashtirib berishdan bosh tortganini maʼlum qilgan. Oʻrganish natijasida sifatsiz plastik eshik va deraza romlari yangisiga almashtirilishiga erishildi, deya xabar bermoqda federatsiya matbuot xizmati.