Subsidiya: Murojaat nega rad etiladi?

    Ijtimoiy hayot 26 Yanvar 2022 9267

    Subsidiya nimaligini barchamiz yaxshi bilamiz. Subsidiya berilishi uchun masʼul organlar vakillaridan shakllantirilgan maxsus komissiya ariza beruvchilarga mezonlar boʻyicha ball berishidan ham xabarimiz bor. Yaʼni, ana shu berilgan ballar asosida talabgorga subsidiya ajratiladi yoki aksincha. Xoʻsh, talabgorning arizasi qanday hollarda rad etiladi? Bunday boʻlmasligi uchun qanday mezonlarga javob berish kerak? Bugun shular haqida batafsil toʻxtalmoqchimiz.

    Talabgor qaysi mezonlar boʻyicha oʻrganiladi?

    Ariza beruvchining arizasi u roʻyxatga olingan doimiy yashash joyidagi tuman yoki shahar komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi:

    tibbiyot birlashmasi — ariza beruvchi va uning oila aʼzolari orasida surunkali kasallikning ogʻir turlaridan azob chekuvchi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj boʻlgan shaxslar, birinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning, yolgʻiz oʻzi ogʻir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan ayollarning mavjudligini;

    ichki ishlar boʻlimi (boshqarma) — ariza beruvchining boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) yashashini;

    moliya boʻlimi — taqdim etiladigan subsidiyalarning miqdori boʻyicha ajratilgan mablagʻlarning mavjudligini;

    davlat soliq inspeksiyasi — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, turar joyda ijara shartlari asosida yashashi hamda ariza beruvchi va uning yaqin qarindoshlarining (arizada koʻrsatilgan holatlarda) daromadlarini;

    aholi bandligiga koʻmaklashish markazi — ariza beruvchining kam taʼminlanganligi, “Mehnat — migratsiya” dasturida roʻyxatdan oʻtganligi hamda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotganligini (oshirganligini);

    tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi — ariza beruvchida, shu jumladan, uning turmush oʻrtogʻi va farzandlarida mulk huquqi bilan turar joyning bor-yoʻqligi, yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi, uy-joy umumiy maydonining bir shaxs uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ijtimoiy normaga muvofiq emasligini;

    tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari — ariza beruvchining ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar toifasiga mansubligini;

    yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimi — ariza beruvchining alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar toifasiga mansubligini;

    tuman (shahar) hokimligi — ariza beruvchining yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toifasiga mansubligini;

    ishtirok etuvchi tijorat banklari — ariza beruvchi fuqaro (birgalikda qarz oluvchi)ning ajratiladigan ipoteka krediti boʻyicha toʻlov qobiliyati, unga ajratilishi mumkin boʻlgan ipoteka krediti va sotib olishi mumkin boʻlgan uy-joyning yuqori qiymati, kredit tashkilotlaridan avvalgi olingan kreditlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorliklarning mavjud emasligini tasdiqlaydi.

    “Oyligim kam boʻlsachi?”

    Shu savolga javob izlayotganlar eʼtibor qiling. Agar ariza beruvchining oʻrtacha oylik daromadlari miqdori koʻrsatilgan meʼyorlardan kam boʻlsa, uning daromadlari hisob-kitobiga xotini (eri), ular bilan bir uyda birgalikda yashovchi ota-onasi hamda farzandlarining (shu jumladan, asrab olingan farzandlari) yoki u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin.

    Bunda ariza beruvchining oʻrtacha oylik daromadlari miqdoriga yaqin qarindoshlarining oʻrtacha oylik daromadlari miqdori qoʻshilganda va daromadlar miqdori koʻrsatilgan meʼyorlardan oshib ketgan taqdirda, uning faqat yetmagan qismi inobatga olinadi.

    Xoʻsh, yaqin qarindoshlar kimlar?

    Yaqin qarindoshlar deganda ariza beruvchining ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalari va opa-singillari, eri (xotini), farzandlari, shu jumladan, farzandlikka olinganlar, bobolari, buvilari, nevaralari, er — xotinning ota-onasi tushuniladi.

    Onlayn ariza topshirganlar qanday saralanadi?

    YAIDXP (my.gov.uz) orqali berilgan arizalar masʼul tashkilotlar oʻrganib chiqish natijalariga koʻra kiritilgan maʼlumotlar asosida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi avtomatlashtirilgan tarzda ballar koʻrinishida baholanadi. Baholash natijalari komissiyaga ariza beruvchi ishtirokida muhokama etish uchun yuboriladi.

    Qanday hollarda subsidiya ajratish rad etiladi?

    a) talab etiladigan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda;

    b) taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;

    v) taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki soxta maʼlumotlar mavjud boʻlganda;

    g) ariza va tegishli hujjatlar qabul qilishning oxirgi sanasi tugagandan keyin taqdim etilganda;

    d) masʼul tashkilotlar xulosalariga asosan jami 30 dan past ball toʻplaganda;

    ye) ilgari shahar va qishloq joylarda arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartira yoki yakka tartibdagi uy-joy hamda subsidiyalar olgan oila aʼzolari (eri, xotini) takroriy murojaat etganda;

    j) joriy yil uchun ajratiladigan subsidiyalar soni tugaganda;

    z) ishtirok etuvchi bank tomonidan ariza beruvchi fuqaro (birgalikda qarz oluvchi) ajratiladigan ipoteka krediti boʻyicha toʻlovga layoqatsiz deb topilganda;

    i) ariza beruvchida kredit tashkilotlaridan oldingi olingan kreditlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik mavjud boʻlganda;

    k) oilalarning oʻrtacha oylik daromadi:

    qishloq joylarda — MHTEKMning 3,0 baravaridan kam va 6,9 baravaridan yuqori;

    shaharlarda — MHTEKMning 3,0 baravaridan kam va 8,0 baravaridan yuqori;

    Toshkent shahrida — MHTEKMning 3,0 baravardan kam va 9,2 baravaridan yuqori boʻlganda.

    Maʼlumot oʻrnida MHTEKM-822 000 soʻmni tashkil qiladi.

    DXA Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati.