Zero, jamiyatning farovonligi va demokratiyaning ustuvorligi avvalo, jamiyatda tartib-qoidaning hukmronligi bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu jarayonda nafaqat jamiyatda mavjud qonunlarning mukammalligi, ularning hayotga tadbiq etilishi va nazorati, shu bilan birga inson va fuqarolarning mavjud tartib-qoidalar, qonunlarni tan olishi, ularga ongli ravishda rioya qilishi, bo‘ysunishi, ijrosi jarayonida bevosita faol ishtirokchi bo‘lishi ham hal qiluvchi muhim omillardan hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida asosan har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanishi belgilangan.

Shuningdek, Bosh qomusimizning 138-moddasida sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar uchun majburiydir.

Ushbu normalarni amalda to‘liq ruyobga chiqarish uchun nafaqat mustaqil, xolis hamda adolatli sud, balki sud qarorlarini to‘liq ijro etilishini ta’minlash uchun vakolatli organlar hamda sud qarorlari ijrosini amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari ham aniq belgilanishi lozim bo‘ladi.

Chunki, sud qarorlarini ijro etish mexanizmlari amalda to‘liq ishlamasa, odil sudlovga murojaat qilish ham ma’nosiz bo‘lib qoladi.

2022-yilda Oliy sud va Adliya vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan monitoring natijasida sud hujjatlarini o‘z vaqtida ijro etmaslik holati bilan bog‘liq 128 ta holat aniqlangan, ularning 19 tasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularning 90% holatida harakatsizlik sababli fuqarolarning huquqlari buzilgani ma’lum bo‘lgan.

Bir necha asrlar davomida biron-bir davlat sud hujjatlarini majburiy ravishda qo‘llamasdan erkin ijro etishiga erisha olmadi, chunki mavjud qarzdorlikni qaytarish yoki majburiyatlarni bajarish uchun pul yoki mol-mulkni ixtiyoriy ravishda berish hamon fuqarolarning huquqiy madaniyatining ajralmas qismiga aylanmagan.

Ushbu pozitsiya Yevropa inson huquqlari sudining bir qator qarorlarida aks ettirilgan bo‘lib, unda “agar davlatning huquqiy tizimi qonuniy kuchga kirgan sud qarorini bir tomonga nisbatan bekor qilishga ruxsat bergan bo‘lsa, odil sudlovga kirish huquqi xayoliy bo‘lar edi” deb belgilanganligini ko‘rishimiz mumkin. Mamlakatimizda sud hujjatlarini ijro etish faoliyatini jadal rivojlantirish borasida qator izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoev 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Sud qarorlari ijrosini soʻzsiz taʼminlamay turib, fuqaro va tadbirkorlar huquqining ishonchli tiklanishiga erishib boʻlmaydi. Shu bois majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlarni ham kiritamiz. Natijada sohaga sunʼiy intellekt joriy etilib, kelgusi ikki yilda ijro harakatlarining 30 foizi inson omilisiz amalga oshiriladi” deb ta’kidlagan edi.

Xulosa qilib aytganda, fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarining ishonchli tiklanishi sud qarorlari ijrosining so‘zsiz ta’minlanishiga bog‘liq. Bu nafaqat majburiyat - bu jamiyat taraqqiyotining asosi.

Sud qarorini ijro etish-bu faqat qonunga bo‘ysinish emas, bu o‘zaro ishonch, barqaror iqtisodiyot va huquqqiy davlat qurishning asosiy sarti hisoblanadi.

 

Bozorov Maqsudali,
   Toshkent davlat yuridik universitetining jinoyat-protsessual
huquqi kafedrasi o‘qituvchisi