Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 10 Avgust 2020 5993

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, uning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuv tamoyili qoʻllanilishini yana-da kengaytirish hamda ushbu sohada xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani joriy etishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi.

    Shu bilan birga, sud-tergov amaliyotini tahlil qilish va fuqarolar murojaatlarini oʻrganish natijalari jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlash boʻyicha mexanizmlar toʻliq ishga solinmaganligidan, shuningdek, qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vakolatlarini aniq belgilash bilan bogʻliq boʻshliqlar mavjudligidan dalolat bermoqda.

    Mamlakatimizda jinoyat ishlarini tergov qilish faoliyatini xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda yaxshilash, qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini roʻyobga chiqarish, jinoyat-protsessual qonunchiligini yana-da takomillashtirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:

    1. Quyidagilar sud-tergov faoliyatini yana-da takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

    shaxsning huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, protsessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillarni toʻplash va mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilgʻor xorijiy tajribada keng qoʻllaniladigan isbotlash standartlarini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqish;

    huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, sodir etilgan har bir jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini hamda shaxs, jamiyat va davlatga yetkazilgan zarar toʻliq qoplanishini taʼminlash;

    shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash bilan bogʻliq qilmishlar sodir etilishining oldini olish boʻyicha samarali mexanizmlarni joriy qilish, shuningdek, bunday qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish;

    jinoyat ishlarini tergov qilish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, surishtiruv va dastlabki tergov organlarining moddiy-texnika bazasini yana-da mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish;

    jinoyatchilikning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va ularda qonunga itoatgoʻylik ruhini shakllantirish mexanizmini joriy qilish.

    2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari boʻyicha milliy markazining jinoyatlarni fosh etish faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:

    tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlari tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan ariza, tushuntirish yoki koʻrsatuvlar olishni mazkur jinoyat ishi yurituvida boʻlgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshirish (belgilangan tartibda himoyachidan voz kechilgan hollar bundan mustasno);

    jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni ushlab turish muddatini u haqiqatda ushlangan vaqtdan boshlab hisoblash;

    shaxs amalda ushlangan yoki uni jinoyat ustida ushlash bilan bogʻliq tezkor tadbir amalda yakunlangan yoxud gumon qilinuvchi deb eʼtirof etilganligi haqidagi qaror unga maʼlum qilingan paytdan boshlab u bilan bogʻliq protsessual harakatlarni oʻtkazishdan oldin uning advokat bilan xoli uchrashishi taʼminlanishi shartligini belgilash;

    aybiga iqrorlik boʻyicha kelishuv institutini joriy qilish. Bunda, ayrim jinoyatlar toifalari boʻyicha shaxs aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilgan, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan hollarda surishtiruv va dastlabki tergov organlari bilan yozma kelishuv tuzilishi hamda unga nisbatan sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng koʻp jazoning yarmidan koʻp boʻlmagan miqdori va (yoki) muddatigacha jazo tayinlash;

    jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida guvoh va jabrlanuvchini ogʻir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zarurati tufayli kechroq soʻroq qilish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, ularning koʻrsatuvlarini gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, prokuror yoki advokatning iltimosnomasiga koʻra sud tomonidan taraflarning ishtirokida oldindan mustahkamlab qoʻyish (deponirovaniye) tartibini joriy qilish;

    oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar boʻyicha, shuningdek, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash masalasi koʻrib chiqilayotganda himoyachining ishtirok etishi shartligini belgilash.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari boʻyicha milliy markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan tegishli qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

    3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari boʻyicha milliy markazining jinoyat ishlarini sudda koʻrishni yana-da takomillashtirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:

    agar sud tergovi vaqtida sudlanuvchining unga ilgari ayblov qoʻyilmagan jinoyatni sodir etganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, sudlanuvchini yangi ayblov boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortish asoslarini aniqlash haqida iltimosnomani sudga kiritish huquqini ish boʻyicha barcha taraflarga berish;

    agar sud tergovi vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, ushbu shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun asoslarni aniqlash haqida iltimosnomani sudga kiritish huquqini ish boʻyicha barcha taraflarga berish;

    shaxsga eʼlon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida koʻrilayotganligidan qatʼi nazar, yarashuv instituti doirasiga tushadigan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasi yoki qismiga oʻzgartirilgan hollarda yarashuv institutini qoʻllash tartibini joriy qilish;

    sudlanuvchining jinoyat sodir etilishiga daxli boʻlmaganligi asosi bilan oqlov hukmi chiqarilgan hollarda jinoyatni haqiqatda sodir etgan shaxsni aniqlash va ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish uchun jinoyat ishini prokurorga yuborish tartibini oʻrnatish.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari boʻyicha milliy markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan tegishli qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

    4. Quyidagilar taqiqlansin:

    tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan shaxsni gʻayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash. Bunda, tezkor-qidiruv tadbirlari natijalari faqat ular qonun talablariga asosan olingan va shaxsda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari yoki tezkor tadbirda ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlariga bogʻliq boʻlmagan holda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud boʻlgandagina sud hukmida dalil sifatida tan olinishi mumkin;

    shaxsni jinoyat ishida gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud boʻlgan hollarda (ekspertiza yoki taftish oʻtkazish talab etiladigan hollar bundan mustasno), uni guvoh tariqasida soʻroq qilish, shuningdek, unga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining protsessual huquqlari tushuntirilguniga qadar undan biron-bir yozma yoki ogʻzaki koʻrsatuvlar olish;

    ushlangan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud boʻlmagan hollarda ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va soʻroq qilish;

    surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan jinoyat ishi doirasida sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va boshqa sud protsessi ishtirokchilarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish yoki soʻroq qilish (ular bilan bogʻliq boʻlgan alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yoki sudning yozma topshirigʻi mavjud hollar bundan mustasno).

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari boʻyicha milliy markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan tegishli qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

    5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

    tergovga qadar tekshiruv yoki tergovda ushlangan shaxsni va ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni oʻtayotgan mahkumni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, shuningdek, vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini guvohlantirish ularning yoki advokatining iltimosnomasiga asosan 24 soat ichida vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari yoki jazoni ijro etish muassasalari tasarrufida boʻlmagan tibbiy muassasalar xodimlari tomonidan amalga oshirilishi shart, bunda xarajatlar iltimosnoma kirituvchi taraf hisobidan qoplanadi;

    ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilmasligiga oid qoida voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, ayollar, oltmish yoshdan oshgan erkaklar va ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi;

    voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari hamda pensiya yoshiga yetgan shaxslarga nisbatan uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar boʻyicha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.

    6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda jinoyat ishining tergovga tegishliligi institutini yana-da takomillashtirish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

    Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishi bir surishtiruv yoki dastlabki tergov organidan boshqasiga oʻtkazilishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan amalga oshirilishi mumkinligini nazarda tutsin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Davlat xavfsizlik xizmati raisi, ichki ishlar vaziri, Milliy gvardiyasi qoʻmondoni va Davlat bojxona qoʻmitasi raisining alohida eʼtibori jinoyat ishlarining tergovga tegishliligi toʻgʻrisidagi jinoyat-protsessual qonunchiligi normalariga soʻzsiz rioya etilishi uchun jinoyat ishlarini tergov qilish vakolatiga ega boʻlgan tegishli tuzilmalar rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanishiga qaratilsin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori jinoyat ishlarini tergovga tegishliligiga oid qoidalarga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash boʻyicha tizimli choralar koʻrib borsin.

    7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

    “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimida yaratilgan jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa maʼlumotlarni elektron roʻyxatga olish va ularni koʻrib chiqish natijalarining yagona elektron hisobini yuritish imkonini beruvchi dasturiy modulni barcha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarga ulanishini va 2021-yil 1-yanvardan boshlab toʻliq ishga tushirilishini;

    uch oy muddatda jinoyatlar haqidagi ariza, xabar va boshqa maʼlumotlarni qabul qilish va koʻrib chiqish, shuningdek, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini oʻtkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishini taʼminlasin.

    8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar:

    surishtiruvchi va tergovchilarni videotasvirga olish vositalari bilan taʼminlash;

    tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarini tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishda foydalaniladigan texnik vositalar va uskunalar bilan toʻliq jihozlash va ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash choralarini koʻrsin.

    9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi:

    2021-yil 1-yanvarga qadar Toshkent shahar prokuraturasi tergov boʻlinmalari va Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergov boshqarmasining faoliyatini xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribaga muvofiq namunaviy tarzda tashkil etsin. Bunda, ularni zamonaviy kriminalistik uskunalar bilan jihozlangan avtotransport vositalari, protsessual harakatlarni audio va videoga qayd etish tizimlari hamda stenografiya yuritish uskunalari bilan taʼminlashga, shuningdek, xizmat binosida maxsus tergov hamda gumon qilinuvchi va ayblanuvchining himoyachi bilan xoli uchrashish xonalarining mavjudligiga alohida eʼtibor qaratilsin;

    2021-yil yakuniga qadar tergov boʻlinmalarining namunaviy faoliyatini tashkil etishning natijalarini inobatga olgan holda bunday tajribani boshqa barcha surishtiruv va dastlabki tergov tuzilmalarida joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.

    Belgilab qoʻyilsinki, ushbu Farmonning 8 va 9-bandlarida nazarda tutilgan tadbirlar bilan bogʻliq sarf-xarajatlar tegishli davlat organlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari va xalqaro hamkorlar koʻmagi hisobidan hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

    10. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:

    bir oy muddatda Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tergov sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasasini tashkil etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;

    ikki oy muddatda prokuratura organlarining belgilangan shtat birligi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar prokuraturalari tizimida prokuror-kriminalist lavozimini joriy etish;

    uch oy muddatda Davlat byudjeti parametrlarida prokuratura organlari uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida va byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan prokuror-kriminalistlarni zamonaviy maxsus jihozlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

    11. Ushbu Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida bir oy muddatda:

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori (Yoʻldoshev), Davlat xavfsizlik xizmati raisi (Azizov), ichki ishlar vaziri (Bobojonov), Milliy gvardiyasi qoʻmondoni (Djurayev) va Davlat bojxona qoʻmitasi raisi (Azimov) – respublika va viloyatlar darajasidagi hayʼat yigʻilishlarini onlayn tarzda oʻtkazib, unda surishtiruv va dastlabki tergov tuzilmalari rahbarlari va masʼul xodimlariga sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlash boʻyicha yangi qabul qilingan choralar mazmun-mohiyati yetkazilishi va amaliyotga toʻgʻri tatbiq etilishini taʼminlasin;

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi (Kamilov) – Oliy sud Plenumining navbatdan tashqari yigʻilishida qabul qilingan Farmon normalari sudlarda toʻgʻri tatbiq etilishi, shuningdek, sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlash ustidan sud nazoratini kuchaytirish masalalarini koʻrib chiqsin;

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori (Xodjayev) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi va “Dunyo" axborot agentligi bilan birgalikda – ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda ushbu Farmonda belgilangan chora-tadbirlarni aholi va ekspertlar hamjamiyati orasida keng yoritish choralarini koʻrsin.

    12. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda axborot berib borsin.

    13. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

    14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,
    2020-yil 10-avgust