Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni Oʻzbekistonda mustaqil sud hokimiyatini shakllantirishga qaratilgan sud-tizimini demokratlashtirish va isloh qilish, qonunchilikni liberallashtirish, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlovchi keng koʻlamli tadbirlarni amalga oshirishga yoʻl ochadi.

Mazkur farmonning qabul qilinishi sud-huquq islohotining muhim bosqichi, ulkan yutugʻi boʻldi va qonunchilikda tub burilish yasaydi. Ushbu farmonning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida chuqur tushunchaga ega boʻlishimiz, umuman sohadagi islohotlarga boshqacha nazar bilan qarashimiz va qonun ustuvorligini taʼminlashda adolat mezoniga rioya qilgan holda sudlar faoliyatini tashkil qilish lozim boʻladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarining tashkil etilishi sud tizimini boshqarish vazifalarining takrorlanmasligiga, yagona sud amaliyoti taʼminlanishiga, sudlar tizimining amaldagi tuzilmasi va shtat birligi xizmat vazifalarini oqilona taqsimlash, sudlarni zamon talablarini inobatga olgan holda takomillashtirish va maqbullashtirishga imkoniyat yaratadi.

Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazish, maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlarini tugatilishi ishlarni koʻrishda sansolarlikka yoʻl qoʻyilishining oldi olinishiga zamin yaratadi. Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari saqlab qolinishi ushbu yangilik ish hajmini sezilarli darajada qisqartirish, aksariyat ishlarni koʻrib chiqish tartibini soddalashtirish va tezlashtirishga imkon yaratadi, fuqarolarning odil sudlovga hech bir toʻsiqsiz murojaat qilishi uchun imkon yaratiladi.

Sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish institutini tugatish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish sud-huquq islohotlari yangi bosqichining asosi boʻlib, sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlarini bekor qilishga, sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi va quyi sudlar yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklarni viloyat sudlari oʻz vakolati doirasida bartaraf qilishlari shartligi mustahkamlab qoʻyildi, shuningdek fuqarolarning viloyat sudlaridan norozi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga adolat izlab kelishlarini kamaytirish chorasi hisoblanadi, bunday sarson sargardonlikka yoʻl qoʻyishning oldi olinadi.

Jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilash, jinoyat ishining umumiy tartibda koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichini kiritilishi odil sudlovni toʻla-toʻkis amalga oshirish, qonunning ustuvorligini taʼminlashga, asosiy vazifalari shaxsni javobgarlikka tortish va jazo tayinlash boʻlib qolmasdan, balki jinoyatchilikning oldini olish va uni keltirib chiqaradigan sabablarini aniqlashga koʻproq qaratilishi maqsadida kiritilganligi yaxshi natija beradi degan umiddamiz. Chunki, shaxsni javobgarlikka tortish va sud kursiga oʻtqazish soʻngi choradir.

Tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqishi bu jahon andozalariga mos keladigan islohotlardan biri boʻladi va viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning fuqarolar tomonidan qilingan murojaatlarida keltirilgan vajlarga boʻladigan munosabatlarini tubdan oʻzgartirishiga olib keladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sudlov tarkibing tuzilishi, bu investorlarga haq- huquqlarini himoya qilishda katta yoʻl ochadi va investorlar huquqlarining ishonchli sud himoyasida boʻlishini kafolatlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tuzilmasida Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi tarkibiy tuzilma (lavozim)lar kiritilishi esa doimiy ravishda sudlar faoliyatida normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllash amaliyoti boʻyicha monitoring oʻtkazib, joylarda bevosita sud amaliyotini oʻrganishga va tadqiqot natijalari yuzasidan uni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga imkon beradi.

Har qanday qonun hujjati ham ijtimoiy turmushning oʻzgarishiga, jamiyatning taraqqiyotiga qarab takomillashib borishi tabiiy hol. Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonuni loyihasining ishlab chiqilishi sud-huquq islohotlarini amalga oshirishda muhim qadam boʻladi. Mazkur Qonunning muhim xususiyati shundan iboratki, sudlarning tuzilishi, tuman (shahar), tumanlararo, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlarining, Rayosatining Plenumining vakolatlari doirasi; sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarga nisbatan qoʻyiladigan talablar; sudyalar, sud raislari va rais oʻrinbosarlarini tayinlash (saylash) tartibi; sudyalarning maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish; sudyalarga nisbatan intizomiy ish faqat sudyalarning tegishli malaka hayʼatlari tomonidan qoʻzgʻatilishini nazarda tutgan holda, sudyalarning intizomiy javobgarligi, intizomiy ishni qoʻzgʻatish va koʻrib chiqish tartibi; sudyalar vakolatlarini toʻxtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibi; sudyalarning moddiy taʼminoti va ularni ijtimoiy himoya qilish choralarini kiritilishi qonunan mustahkamlab qoʻyilishi sud islohotlarining mantiqiy davomi boʻladi.

Inson huquq va erkinliklarini amalga oshirish, qonunlar ustuvorligi gʻoyasini hayotga tatbiq etishni taʼminlovchi asosiy mexanizm boʻlmish mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish va takomillashtirish Oʻzbekistonda davlat tomonidan olib borilayotgan huquqiy siyosatning tamal toshi hisoblanadi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar sudyalarimizni qonun ustuvorligini taʼminlashda tinmasdan izlanishiga, tajribalarini boyitib borishiga, kasbining sharaflash yoʻlida hech qachon charchamasliklari, sudya degan ulugʻ nomga dogʻ tushirmaslik uchun oʻz xalqiga, davlati tomonidan qabul qilingan Konstitutsiya va qonunlarga sadoqatli boʻlish ham qarz, ham farzdir.

Buyuk maʼrifatparvar shoir Alisher Navoiy oʻz asarlarida adolat, haqiqat va ezgulikni yuksak tarzda tarannum etgan. Shoirning qozilar xususidagi quyidagi fikrlari asrlar oʻtsada, oʻzining ahamiyatini yoʻqotgan yoʻq. “Qozilar yovuzlik va ezgulik oʻrtasidagi farqni ajratadi. Uning qalbi ilohiy bilimlar bilan poklangan, aqli aniq fanlar bilan charxlangan, shaxsiy manfaatlaridan uzoqda boʻlishi kerak. Qozining hukmi diniy bilimlar durdonasi boʻlishi, har bir kishini — xoh doʻst, xoh dushman boʻlsin, adolat bilan sud qilishi lozim. Uning bilimdonligi va ulugʻvorligi yorqin qalblarni junbishga soladi, ziyrak va aniq tergovi qabih insonlarni dahshatga soladi. Qonunni buzuvchi tamagir qozi adolat devorini buzadi.”

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan ushbu jarayonlar Prezidentimizning tashabbusi bilan bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin ifodasidir.Sud va sudyalarimizning obroʻsini koʻtarish ularning mustaqilligini taʼminlash har doim davlatimiz rahbarining diqqat-eʼtiborida turibdi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu farmonning qabul qilinishi haqiqatdan ham xalqimiz koʻz oʻngida sud haqiqiy odil, insonparvar, qonun ustuvorligini taʼminlaydigan organga aylanishi uchun astoydil va muntazam oʻz kasbini sevuvchi sudyalar mustaqilligini taʼminlash uchun huquqiy asoslarni kengaytirish imkonini beradi.

Xalqimizning tom maʼnodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun islohotlarga nafaqat masʼul shaxslar, balki har bir fuqaro ham hissasini qoʻshishi zarur. Sudning mustaqilligi va taʼsirchan faoliyati soʻzda emas, amalda taʼminlanishi uchun qonun ustuvorligini taʼminlash, jamiyatning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, odamlarning oʻz huquqlarini talab qilish qobiliyatini rivojlantirish, qilmish uchun jazoning muqarrarligini taʼminlashga erishish lozim boʻladi.

Altingul Yusupbayeva,

Yuristlar malakasini oshirish markazi

boʻlim boshligʻi