Farg'onalik jurnalist SHarifa Murod ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ayni jarayon borasida o'z mulohazalarini yozib qoldirdi.
Jurnalistning ta'kidlashicha, Uchko'prik tumani ma'muriy sudida o'qituvchilarning tibbiy ko'rikdan bepul o'tishini talab qilib tumandagi 4-maktabning 6 nafar o'qituvchisining manfaatlarini ko'zlagan holda Adliya bo'limi tomonidan sudga kiritilgan ariza ko'rib chiqildi.
Sud shu kungacha ikki marta qoldirilgan edi. Bu safar ham javobgar tarafning vakili sud qoldirilishini talab qildi. Ammo sud`ya bu talabni qondirish uchun hech qanday vaj yo'qligini aytib, sud majlisini davom ettirdi.
Uchko'prik tumani adliya bo'limi bosh maslahatchisi Vohidjon erkaboevning so'zlari tinglandi. So'ngra "Mehnat kodeksi"ning 214-moddasi va "Ta'lim to'g'risida"gi Qonunning 45-moddasi qo'llanilib, sud`ya hal qiluvchi qarorini chiqardi. Qarorga ko'ra, Adliya bo'limiga tibbiy ko'rikdan o'tishni bepul qilish haqida ariza bergan 4-maktabda faoliyat olib boradigan 6 nafar o'qituvchining talabi qondirildi. endi bu o'qituvchilar bepul tibbiy ko'rikdan o'tishadi.