Sudoche ko‘llar tizimi rasman xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq yerlari nominatsiyasiga kiritildi

    Ayni paytda respublikadagi xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suv-botqoq yerlarning umumiy soni toʻrttaga yetdi va bu hududlarning maydoni bugungi kunda 674,4 ming gektarni tashkil etadi.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Sudoche koʻllar tizimini Ramsar roʻyxatiga xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suv-botqoq yerlari nominatsiyasiga kiritish boʻyicha rasmiy hujjatlarni tayyorlash va taqdim etish boʻyicha barcha ishlarni yakunladi. Obyekt roʻyxatga 2522-raqam ostida kiritildi.

    Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston avvalroq Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan Sudoche koʻllar tizimini xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suv-botqoq hududi deb eʼlon qilgandi. Bugungi kunda chegaralari aniqlangan koʻllar Ramsar konvensiyasining 2.1-moddasiga muvofiq rasmiy ravishda Xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suv-botqoq yerlar roʻyxatiga kiritilgan.

    Ayni paytda respublikadagi xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suv-botqoq yerlarning umumiy soni toʻrttaga yetdi va bu hududlarning maydoni bugungi kunda 674,4 ming gektarni tashkil etadi.

    Taʼkidlash joizki, Konvensiya Kotibiyati xabarida roʻyxatga yangi obyektning kiritilishi Oʻzbekistonning dunyodagi eng muhim suv-botqoq yerlarini saqlash va ulardan barqaror foydalanishga qaratilgan Ramsar konvensiyasini amalga oshirishga sodiqligini koʻrsatishi alohida taʼkidlangan.

    Hujjatdan maqsad global bioxilma-xillikni saqlash va inson hayotining barqaror rivojlanishi uchun muhim boʻlgan suv-botqoq yerlarning xalqaro tarmogʻini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

    Maʼlumot uchun, Sudoche 1960-yillarda dunyodagi toʻrtinchi yirik koʻl hisoblangan Orol dengizining kichik qismi boʻlib, joriy yilning may oyida koʻllar tizimi Oʻzbekistondagi xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan Ramsar suv-botqoq yerlari roʻyxatiga kiritilgan 4-obyektga aylandi. Roʻyxatga, shuningdek, yurtimizning Dengizkoʻl koʻli (2001), Arnasoy koʻllar tizimi (2008), Toʻdakoʻl va Quyimozor suv omborlari (2020) kirgan.