Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning tartib-taomillari murakkab va foydalanish uchun qiyin boʻlib qolgan, ayrim hollarda esa korrupsiya va byurokratiya holatlariga olib kelgan.
Qurilishda nima gap?
Qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish uchun tuman (shahar) xokimliklariga murojaat qilish kerak boʻlgan.
Shu bilan birga Davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonidagi ishtirokchilar oʻrtasida (mahalla fuqarolari yigʻini, muhandislik tashkilotlari, qurilish boʻlimi, sanitariya-epidemiologik, yongʻin xavfsizligi, ekologiya va boshqa organlar) qogʻoz hujjatlar almashinuvi oʻzi kelgan holda amalga oshirilib kelingan. Bu esa jarayonni ancha sustlashtirib, xizmat koʻrsatish muddati oshishiga sabab boʻlayotgan edi.
Hozirgi kunda DXA tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi. Unga koʻra, qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun bir vaqtning oʻzida murojaat qilinib 9 ish kuni mobaynida QR-qoʻyilgan dalolatnoma hamda reyestrdan koʻchirmani olishlari mumkin.
Sohani nima kutmoqda?
Tez vaqtda arxitektura qurilishi sohalari yana-da takomillashtirilishi kutilmoqda.
Masalan:
- bino va inshoot tashqi koʻrinishini oʻzgartirishni kelishish vakolatini hududiy boshqarmalardan tuman qurilish boʻlimlariga berish;
- kadastr pasporti, obyektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi, koʻchmas mulk davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi reyestrdan koʻchirmani Davlat xizmatlari markazlari va my.gov.uz portaliga murojaat qilib bir vaqtda olinishi;
- qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda vakolatli organlar tomonidan belgilangan muddatlarda ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasa “Sukut – alomati rizo” tamoyiliga koʻra tizimda avtomatik tarzda ruxsatnoma shakllanib ariza beruvchiga yuborilishi rejalashtirilgan.
Huquqbuzarliklarga jazo muqarrarmi?
Ushbu sohani yaxshilash uchun talaygina ishlar amalga oshirilmoqda, biroq qonun buzilish holatlari hali-hanuz uchrab turibdi.
DXA esa nafaqat xizmatlar olish tartibini soddalashtiradi, balki aholi manfaatlarini himoya qilish, shu bilan birgalikda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida huquqbuzarliklar sodir boʻlganda oʻz vaqtida tegishli choralarni koʻrib borishni ham oʻz oldiga qoʻyilgan asosiy vazifalardan hisoblaydi.
Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joriy yilning bugungi kuniga qadar qurilish organlari tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatishda 2 137 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi.
Shundan, 1900 ta holatda muddat buzilgan boʻlsa, 2 ta ortiqcha hujjat talab qilish, 5 ta holatda toʻgʻridan-toʻgʻri davlat xizmati koʻrsatilgan, 159 ta holatda murojaat asossiz ravishda rad qilingan, 3 ta holatda vakolatli idoraning qonuniy talabi bajarilmagan va 68 ta holatda boshqa qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlari boʻyicha vakolatli idoralarga taqdimnoma, ogohnomalar kiritish bilan bir qatorda, aybdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi maʼmuriy bayonnomalar ham rasmiylashtirildi. Natijada 146 nafar shaxs maʼmuriy, 22 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.
Misol uchun, Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “BARAKAT GREENHOUSE” MCHJning arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish toʻgʻrisidagi arizasi Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi masʼul xodimi N.M tomonidan asossiz rad etilganligi sababli Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 215(5)-moddasiga asosan maʼmuriy jarima jazo chorasi qoʻllanildi.
Shuningdek, Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanida yashovchi fuqaro B.N.ning yakka tartibdagi uy-joy qurishga (rekonstruksiya qilish) loyiha-smeta hujjatlarini kelishish boʻyicha arizasi Qurilish boʻlimi boshligʻi J.Q tomonidan belgilangan tartib buzilgan holda asossiz rad etilganligi sababli Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 215(5)-moddasiga asosan maʼmuriy jarima jazo chorasi qoʻllanildi.