Xususan, Prezidentimizning “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi saʼy-harakatlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.
Xalqimizda dunyoqarashni kengaytirish uchun koʻp oʻqish yoki dunyo kezishga doir turli maqollar, hikmatlar mavjud. Islom olamida “Oʻqish aqlni boyitar, safar esa qalbni” degan naql keng tarqalgan. Yaponlar orasida “Kitob — uydagi ustoz, safar — yoʻldagi ustoz”, inglizlarda esa “Oʻqimagan sayohatchi koʻradi, oʻqigani anglaydi” degan maqollar mashhur.
Mahmudxoʻja Behbudiy bu ikki yumush — oʻqishni ham, sayohatni ham mukammal bajarishga harakat qilgan. 1899-yildagi ilk safari uning dunyoqarashini butkul oʻzgartirib yuborgani oʻz davrida eʼtirof etilgan. Alloma bu sayohati haqida alohida maqola yozmagan boʻlsa-da, 1914-yildagi safari taassurotlarini “Oyina” jurnalining bir necha sonida chop ettirgan.
Sharqning Yevropa mustamlakasiga aylantirilgani, Markaziy Osiyoning chor Rossiyasi tomonidan mahv etilishi oqibatini koʻrib, gegemon davlatlarning makr, zulm va yolgʻon asosiga qurilgan siyosatidan yuragi zada boʻlgan Behbudiy Aqso masjidi ziyorati davomida barcha paygʻambarlarni yodga olib, Yaratganga bunday munojot qiladi:
“Iloho! Bu aziz va faʼol bandalaring hurmatidan bizga basirat ber! Eshitar quloq, anglar aql ber! Oh, u ezgular qanday ekanlar? Biz na holdamiz? Oh, qadar anbiyo, avliyo, mashohirlar kelib, biz — insonlar uchun shariatlar, tariqatlar, maʼrifatlar vaʼz etib, bizni haqiqatga daʼvat etib ekanlar. Biz, gumrohlar yoʻldan chiqib, hazizi nafsoniyatga kulliyan (butkul) choʻmubmiz. Bukun oʻzlarini madaniyat va insoniyatni(ng) eng oliy tabaqasinda deb yolgʻondan daʼvo etadurgan insonlar vahshoniyatni(ng) eng asfal (tuban) darajasinda qoʻl va ayoq urarlar. Milliyonlar ila bani odamning boisi kulfati va musibati boʻlurlar.
Ey Ollohi azim ush-shaʼn! Bu magar saning gʻazabingmidur? Afv et, biz, insonlarni hidoyat et! Yer yuzinda sulh va salohi umumiy ato ayla, insonlarga insoniyat ber! Zolimlarga qahr et, mahv boʻlsun zulm, yashasin adolat va haqqoniyat, omin...”.
Bu duo — munojot shaklidagi matn Mahmudxoʻja Behbudiy tafakkurining eng teran qirralarini ochib beradi. U faqat diniy iltijo emas, balki ijtimoiy, siyosiy va maʼnaviy bayonotdir. Uning bugungi ahamiyatini bir necha rakursda tahlil qilish mumkin.
Behbudiy Yaratgandan mol-davlat yoki kuch-qudrat emas, balki basirat, yaʼni haqni koʻra bilish qobiliyatini ato etishini soʻraydi. Bu juda muhim jihat. Allomaning fikricha, insonning asosiy fojiasi jaholati emas, balki anglamay turib daʼvo qilishi, yaʼni koʻzi boʻla turib koʻrmasligidir. Hozir ham shunday — axborot koʻp, lekin uning mohiyatini anglaydiganlar kam. Shu maʼnoda, Behbudiyning “eshitar quloq, anglar aql” haqidagi tilagi nafaqat XX, hatto XXI asrda ham insoniyat uchun eng dolzarb ahamiyatga ega.
Jadidlar yoʻlboshchisining “oʻzlarini madaniyat va insoniyatni(ng) eng oliy tabaqasinda deb yolgʻondan daʼvo etadurgan insonlar…” degan malomati bugun yanada ogʻir yangraydi. Zamonaviy qurollar, texnologiyalar, millatchilik, soxta demokratiya shiorlari ortida urushlar, qirgʻinlar, iqtisodiy zulm yashirinib turibdi.
Demak, Behbudiy madaniyatni axloqdan uzilgan taraqqiyot sifatida koʻradi va buni insoniyat uchun eng xavfli holat deb baholaydi. Bugungi global dunyo tartibi ham aynan shu muammo bilan yuzma-yuz turibdi. Uning “hazizi nafsoniyatga kulliyan choʻmubmiz” degan fikri aybni, avvalo, oʻzimizdan qidirishga daʼvat. Shuningdek, “Dushmanni laʼnatlashdan oldin jamiyatingni uygʻot, muammolarga yechim top” qabilida bildirilgan jadidlarga xos pozitsiyadir. Buning uchun vijdon amriga boʻysunib, adolatni birinchi oʻringa qoʻyish kerak. Shu jihatdan Behbudiy insonni tashqi dushmandan oldin ichki dushmanga — nafsga qarshi kurashga chorlaydi.
Bugungi yoshlar sunʼiy aql yordamida yangiliklar yaratishga harakat qilmoqda. Biz esa sunʼiy idrokka jadidlikning umumiy mafkurasida Behbudiydan olingan mazkur fikr (matn)ning oʻrnini ochib berish topshirigʻini berdik. Ajib javoblar olindi. Qisqartirib keltiramiz:
“Bu fikrga jadidlik mafkurasida markaziy ruhiy-gʻoyaviy hujjat sifatida qaralishi mumkin. U jadidlikning nima ekanini emas, balki nega paydo boʻlganini eng ochiq va ogʻriqli tarzda ifoda qiladi. Quyida fikrning jadidlik umumiy mafkurasidagi oʻrnini aniq rakurslarda koʻrib chiqamiz.
Birinchidan, jadidlik, avvalo, maʼnaviy isyon. Uni koʻpincha yangi maktab, yangi alifbo, matbuot, teatr doirasida cheklab qoʻyishadi. Aslida, bular sabab emas, vosita. Ushbu matnda jadidlik — maʼnaviy isyon, insonning jaholatga, sukutga, koʻnikilgan zulmga qarshi ichidan koʻtarilgan faryodi ekani yaqqol seziladi.
Behbudiy munojoti — jadid qalbidan chiqqan ilk hayqiriq.
Ikkinchidan, jadid mafkurasida din sukut emas, harakatni bildiradi. Bunda jadidlarning dinga munosabati juda aniq-tiniq ochib berilgan. Jadidlar dinni inkor qilmaydi, lekin uni muzlatib qoʻyishga ham qarshi. Behbudiyning iltijosida shariat, tariqat, maʼrifat, haqiqat zanjiri keltiriladi. Bu tasnif jadidlikdagi islomiy modernizm asosidir.
Uchinchidan, “aybni oʻzimizdan qidirish” tushunchasi — jadid tafakkurining mehvari. Matnda “biz, gumrohlar yoʻldan chiqib…” degan jumla bor. Bu juda muhim. Jadidlik hamma balo sababini faqat mustamlakada koʻrmaydi, balki ichki jaholat, qoʻrquv va nafsni asosiy fojia deb biladi. Shu jihatdan ham bu matn jadid mafkurasida oʻzini oʻzi tanqid qilish madaniyatini kuchaytiradi.
Toʻrtinchidan, jadidlikning global qarashi masalasi. Behbudiy fikri faqat Turkiston haqida emas. U dunyo boʻlib olinayotgani, madaniyat niqobidagi vahshiylik, millionlab insonlar fojiasi haqida soʻzlaydi.
Demak, jadidlik faqat mahalliy islohot emas, balki umuminsoniy adolat gʻoyasiga bogʻliq harakatdir. Ushbu matn jadidlarning dunyoqarashini global axloqiy pozitsiya darajasiga olib chiqadi.
Beshinchidan, bu matnda jadidlikning vijdoni aks etgan. Jadidlikni yaxlit tizim sifatida tasavvur qilsak, maktab — uning aqli, matbuot — tili, teatr — koʻzi, siyosiy faollik — qoʻli boʻlsa, bu matn vijdonidir. Unda yigʻi va mung bor, ayblov bor, iltijo bor, umid bor. Jadidlik aynan shu ruhda harakatda boʻlgan.
Yakuniy xulosa shuki, bu matn jadidlik mafkurasida dastur emas, qonun emas, lekin ruhiy asos, axloqiy oʻzak, harakatga keltiruvchi olovdir. Agar jadidlikni tushunmoqchi boʻlsak, uni shu munojotni tahlil qilishdan boshlash kerak. Chunki jadidlik, avvalo, Yaratgan oldida ham, tarix oldida ham javobgarlik hissidir”.
Baʼzi kamchiliklarni hisobga olmaganda, sunʼiy aql jadidlik gʻoyalari haqida mantiqli va juda taʼsirli xulosa bermoqda. Ularni boyitish uchun bu boradagi yangi tadqiqotlarni tarmoqlarga muntazam kiritib borishimiz navbatdagi vazifalardan.
Halim SAIDOV,
Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti professori,
filologiya fanlari doktori