Institutsional oʻzgarishlar uzoqni koʻzlagan strategik siyosat, tibbiy infratuzilmani yangilash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar natijasidir.

Xalqaro standartlar asosida tashxis va davolash protokollari joriy etilib, yuqori texnologiyali klinikalar hamda ixtisos­lashgan markazlar barpo etilmoqda. Sunʼiy intellektga asoslangan raqamli diagnos­tika tizimlari tashxis aniqligini keskin oshirib, shifokorlar yuklamasini kamay­tirmoqda. Jumladan, mammografiya, KT va MRT kabi yoʻnalishlarda sunʼiy intellekt platformalarining 98 foizga yaqin ishonch­liligi amaliyot samaradorligini sezilarli oshirmoqda.

Tibbiy taʼlimda ham modernizatsiya da­vom etib, oliygohlar sunʼiy intellektga asoslangan oʻquv platformalariga oʻtmoqda, ilmiy markazlar esa yuqori texnologiyali la­boratoriyalar bilan taʼminlanmoqda. Nvidia kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilayotgan super kompyuter klasteri va laboratoriyalar yurtimizda tibbiyot ilmining yangi yoʻnalish­larini rivojlantirish uchun muhim zamin yaratadi.

Yana bir innovatsion jihat — tibbiy turizmning oʻsishi, xorijiy bemorlar uchun yuqori sifatli xizmatlar taklif etayotgan zamonaviy klinikalar koʻpayishi mamlaka­timizni mintaqada raqobatbardosh tibbiyot markaziga aylantirmoqda. Texnologik ta­raqqiyot shunday surʼatda davom etsa, Oʻzbe­kistonning tibbiyot xabi sifatidagi nufuzi yaqin istiqbolda mustahkamlanishi tabiiy.

Prezidentimizning sunʼiy intellekt boʻyicha xalqaro forumdagi nutqida nafaqat sunʼiy intellektning bugungi ahamiyati, balki uning kelajakda iqtisodiyot, ilm, taʼ­lim, tibbiyot va ijtimoiy hayot uchun qanday transformatsiya kuchiga aylanishi mumkinli­gi chuqur tahlil asosida bayon etildi.

Davlatimiz rahbari yoshlar tomonidan yara­tilgan sunʼiy intellekt loyihalari bilan tanishar ekan, axborot texnologiyalarining mamlakat barqaror taraqqiyoti, milliy iq­tisodiyot raqobatbardoshligini oshirish va global innovatsion jarayonlarda munosib oʻrin egallashdagi hal qiluvchi ahamiyati­ni alohida taʼkidladi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan raqamli islohotlar, milliy SI strategiyasining qabul qilinishi, sarmoya ortishi, zamonaviy taʼlim dasturlari va oʻquv laboratoriyalari tashkil etilishi yangi Oʻzbekistonning ilmiy-texnologik qudrati tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Sunʼiy intellekt texnologiyalarining inson hayotiga eng tez va samarali taʼsir koʻrsatayotgan yoʻnalishlaridan biri tibbiyot­dir. Bugun raqamli diagnostika tizimlari joriy etilishi natijasida yurtimizda 50 mingdan ortiq bemorga sunʼiy intellekt yordamida aniq tashxis qoʻyilgani, bu jarayon vaqti bir necha kundan soatlarga qisqargani, shifokorlar yuklamasi keskin kamaygani soha imkoniyatlari qanchalik kengayganini yaqqol koʻrsatadi. Mammografiya, onkologiya va kardiologiyada sunʼiy intellekt platfor­malari tomonidan berilgan xulosalarning 98 foizi shifokorlar tomonidan tasdiq­langani ushbu texnologiyaning ishonchlili­gi, ilmiy asoslangani va amaliy qiymatini yanada mustahkamlaydi. Xususan, Qoraqal­pogʻistondagi “Salomatlik marafoni” doi­rasida mammografiya tekshiruvlarining 70 foizi mahalliy SI platformalar orqali tahlil qilinishi, tashxis qoʻyish vaqtining 5-7 barobar qisqarishi raqamli tibbiyot ke­lajagi naqadar ulkan ekanini koʻrsatdi.

Sunʼiy intellektning bunday yutuqla­ri tibbiy amaliyotni zamonaviy darajada individuallashtirish, xavf omillarini oldindan bashorat qilish, kasalliklar dina­mikasini real vaqt rejimida kuzatib borish va jamiyat salomatligini strategik boshqa­rish imkoniyatini yaratmoqda. Inson qadri va xalq manfaatlari ustuvor boʻlgan bugungi islohotlar jarayonida tibbiyotni diversi­fikatsiyalash nafaqat davolash samarador­ligini oshiradi, balki profilaktika, yaʼni kasalliklarning oldini olish tizimini ham yangi bosqichga olib chiqadi. Shu sababli sunʼiy intellekt endilikda tibbiy bilim, raqamli maʼlumotlar tahlili, klinik qaror qabul qilish va laboratoriya tadqiqotlarini avtomatlashtirishning asosiy omiliga ay­lanmoqda.

Prezidentimiz tomonidan eʼlon qilin­gan “5 million sunʼiy intellekt yetakchi­lari” dasturi aynan SI sohasida malakali kadrlarni tizimli ravishda tayyorlash, oliy va umumiy taʼlimda sunʼiy intellekt savod­xonligini kuchaytirish, maktabdan tortib, universitetgacha yagona ilmiy-innovatsion ekotizim yaratishni nazarda tutadi. Zamo­naviy laboratoriyalar, tashkil etiladigan super kompyuter klasteri, xalqaro tajriba almashish platformalari, iqtidorli yoshlar uchun tanlovlar va stajirovkalar — bu­larning barchasi mamlakatimizni nafaqat texnologiyalar isteʼmolchisi, balki ular­ni yaratuvchi, eksport qiluvchi hamda jahon miqyosida raqobatlasha oladigan markazga aylantirish yoʻlidagi ulkan qadamlardir. Ayniqsa, tibbiyot sohasida sunʼiy intel­lekt texnologiyalariga asoslangan maxsus laboratoriyalar tashkil etilishi katta aha­miyatga ega. Bunday laboratoriyalar klinik maʼlumotlarni intellektual tahlil qilish, raqamli diagnostika algoritmlarini yara­tish, ilgʻor neyrotarmoq modellari va mashi­nali oʻrganish texnologiyalarini mahalliy sharoitga moslashtirish, tibbiy tasvirlar­ni avtomatik tanib olish, farmakologiyada individual davolash modellarini ishlab chiqish kabi yoʻnalishlarda yurtimizning il­miy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu esa mamlakat tibbiyotini raqobatbardosh, tezkor, innovatsion va yuqori samarali ti­zimga aylantirish imkonini beradi.

Sunʼiy intellektni taʼlim, fan, ishlab chiqarish va tibbiyot bilan chuqur integratsiya qilish strategik zaruratdir. Chunki SIni faqat texnologiya sifatida emas, balki ilm- fanning yangi paradigmasi, milliy taraq­qiyotning asosiy drayveri va inson salo­matligini asrashda kuchli vosita sifatida koʻrish vaqti keldi. Uning imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish uchun kadrlar tayyorlash tizimi, zamonaviy infratuzilma, tajriba­li mutaxassislar, laboratoriyalar, raqamli maʼlumotlar bazasi, ilmiy hamkorlik va xalqaro tajriba almashuvi kabi unsurlar yagona maqsad sari uygʻun holda ishlashi lozim.

Ajdodlarimiz ilm yaratgan. Biz esa uni davom ettirish, zamonaviy texnologiyalar bilan boyitish, yangi ilmiy yoʻnalishlar­ni kashf qilish, mamlakatimizni intel­lektual salohiyat jihatidan yangi pogʻonaga koʻtarish va kelajak avlodga mazmunan boy, ilmiy asosli, zamonaviy tafakkurga ega meros qoldirish masʼuliyatini zimmamizga olgan avlodmiz. Ilm — boqiy daryo, oqi­mi toʻxtamaydi. Bizning vazifamiz uning sohillarini kengaytirish, uni yangi man­balar bilan boyitish va inson hayoti hamda jamiyat taraqqiyoti uchun yanada katta foyda keltirishdir.

Sunʼiy intellekt inson aqlining manti­qiy qonuniyatlari va tahlil qilish xususiya­tini algoritmlar orqali qayta tiklab, katta hajmdagi maʼlumotlardan mustaqil oʻrganib boradigan intellektual tizim boʻlib, u zamo­naviy “isbotlangan tibbiyot”ning yangi bos­qichini shakllantirmoqda. Ilgari shifokor, ayniqsa, murakkab operatsiyaga kirishishdan avval, asosan, tajribasi, ustozlari koʻrsat­malari va chegaralangan klinik maʼlumotlar­ga tayangan. Inson tajribasi qanchalik boy boʻlmasin, uning xotirasi, diqqat imkoniyati hamda tahlil qilish quvvati muayyan daraja­da cheklangan.

Sunʼiy intellekt esa inson imkoniyat­larini cheksiz maʼlumotlar manbalari bi­lan toʻldirib, klinik qaror qabul qilish jarayonini yuqori aniqlik darajasiga koʻtaradi. Chunki SI millionlab bemor­lar tarixi, minglab klinik tadqiqotlar, rentgen, MRT, UTT kabi tasvirlar, labo­rator tahlillar, biologik koʻrsatkichlar va oʻxshash operatsiyalar natijalarini bir vaqtning oʻzida taqqoslab, ulardan qonu­niyatlarni aniqlaydi va shifokorga ilmiy asoslangan xulosalarni taqdim etadi. Bu jarayon inson tafakkuri uchun nihoyatda murakkab va yillar talab etadigan vazi­falarni bir necha soniya yoki daqiqalarda bajarish imkonini beradi.

Shu sababli sunʼiy intellekt “isbotlan­gan tibbiyot”ning mantiqiy davomiga aylan­di. “Isbotlangan tibbiyot” har bir klinik qarorni ilmiy dalillar, statistik tahlil va tajribaga tayangan holda qabul qilishni talab etadi. Sunʼiy intellekt aynan shu dalillar bazasini keskin kengaytirib, uni aniq, xolis va tizimli tahlil qilishga yor­dam beradi. Inson koʻzi ilgʻay olmaydigan nozik belgilarni, toʻqima tuzilishidagi mikrooʻzgarishlarni, xavfsiz operatsiya yoʻ­lini yoki asorat xavfi yuqori boʻlgan nuqta­larni oldindan aniqlab, shifokorga tavsiya qiladi. Masalan, jarrohlik amaliyoti ol­didan sunʼiy intellekt asosida tuzilgan 3D modellash tizimlari organlarning aniq joylashuvini, qon tomirlari tarmogʻining individual tuzilishini koʻrsatadi va ope­ratsiya taktikasi uchun eng optimal variantni tanlash imkonini beradi. Mammografiya va onkologiyada esa sunʼiy intellekt murakkab tasvirlarda shifokor koʻzi qiyinchilik bi­lan ajrata oladigan mikroskopik oʻzgarish­larni ham aniqlay oladi.

Bunday ilmiy asoslangan, yuqori aniqlik­ka ega xulosalar shifokor ishini yengillashti­ribgina qolmay, bemorga koʻrsatiladigan tib­biy xizmat sifatini ham sezilarli darajada oshiradi. Tashxis qoʻyish vaqti qisqarishi, operatsiya xavfi kamayishi, davolash jarayoni individual tus olishi, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash imkoniyatlari kengayishi sunʼiy intellektning amaliy ustunlikla­rini yaqqol namoyon etadi. Uning eng muhim jihatlaridan yana biri shundaki, charchamaydi, diqqatini yoʻqotmaydi, hissiyot taʼsirida qa­ror qabul qilmaydi va har bir tahlilni bir xil barqaror aniqlik bilan bajaradi.

Xulosa qilib aytganda, sunʼiy intellekt tibbiyotda klinik qarorlar qabul qilishni ilmiy dalillar bilan mustahkamlaydi, shi­fokor imkoniyatlarini millionlab klinik tajribalar asosida shakllangan intellek­tual baza bilan boyitadi. U shifokor oʻrni­ni egallamaydi, ammo uning kasbiy salohiya­tini kengaytiradi, inson omiliga bogʻliq xatolarni minimallashtiradi va zamonaviy tibbiyotni yuqori aniqlik, tezkorlik va sa­maradorlikka asoslangan yangi bosqichga olib chiqadi. Shu bois, sunʼiy intellektni oʻrganish, uni klinik jarayonlarga chuqur in­tegratsiya qilish va uning imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanish bugungi kunning eng dolzarb ilmiy hamda amaliy talablaridan biriga aylandi. Biroq bu jarayon faqat tib­biyot ichidagi islohotlar bilangina cheklan­maydi. Bunday ulkan innovatsion oʻzgarish­lar, yuqori texnologiyali infratuzilmani yaratish va sohaga katta miqdordagi inves­titsiyalarni yoʻnaltirish natijasida yangi Oʻzbekiston tibbiyoti mintaqada strategik ahamiyatga ega tibbiyot xabiga aylanish uchun real imkoniyatga ega boʻldi. Zamonaviy labo­ratoriyalar, super kompyuter klasterlari, robotlashtirilgan operatsiya xonalari, yuqo­ri texnologiyali ixtisoslashgan markazlar barpo etilishi mamlakatga nafaqat oʻz ehtiyo­jini qondirish, balki qoʻshni davlatlardan yuqori sifatli tibbiy xizmat izlab keladi­gan bemorlarni qabul qilish imkonini ham yaratadi.

Bu esa amaliyotda bir nechta muhim ustun­likka ega:

  • mintaqada malakali kadrlar tomoni­dan amalga oshiriladigan murakkab opera­siyalar va yuqori texnologiyali tibbiy xiz­matlarni taqdim etish;
  • tibbiy xizmatlar orqali qoʻshimcha qiymat yaratish va sohaning iqtisodiy sama­radorligini oshirish;
  • tibbiy turizmni rivojlantirish hi­sobiga mamlakatga valyuta tushumlarini koʻ­paytirish;
  • milliy tibbiyot maktabi nufuzini oshirish, ilmiy tadqiqot salohiyatini ku­chaytirish.

Tibbiyot sohasini raqamlashtirish va sunʼiy intellektni keng joriy etish nafa­qat sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qiladi, balki mamlakat iqtisodiyoti uchun ham strategik ahamiyatga ega boʻlgan yangi qoʻ­shimcha qiymat zanjirini shakllantiradi. Yangi Oʻzbekiston tibbiyoti ana shu integra­sion yondashuv orqali Markaziy Osiyoning yuqori texnologik tibbiyot markaziga ayla­nish yoʻlida izchil va mustahkam qadamlar bilan ilgarilab bormoqda.

Shuhrat BOYMURODOV,

Toshkent davlat tibbiyot

universiteti rektori

Hamkorlik materiali