— Oʻpkani sunʼiy nafas oldirish apparati – oʻz nomi bilan sunʼiy nafas olish uchun moʻljallangan va u bemorlarda mustaqil nafas olish toʻxtagandagina qoʻllaniladi. Ushbu apparat reanimatsiya uchun moʻljallangan va juda ogʻir holatlarda bemor SNO apparatiga oʻtkaziladi.
Agar SNO apparatini xarid qilmoqchi boʻlsangiz, undan toʻgʻri foydalanishni bilishingiz kerak va oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasi uchun kerakli hajm va konsentratsiyasini tanlashni bilishingiz lozim.
Shuni inobatga olish lozimki, oʻpkaning jarohatlanish turi va darajasidan kelib chiqib, maxsus tayyorgarlik oʻtgan shifokor har bir bemor uchun individual ravishda hajm va konsentratsiyasini tanlaydi.
Bunda, oʻpkaga yuboriladigan kislorod konsentratsiyasi, tezligi va hajmi juda muhim, birgina nooʻrin amalga oshirilgan harakat oʻpkaning interstitsiyasi va alveolalarni yorib yuborishi, nafas yoʻllari shilliq qavatini kuydirishi mumkin. Shu bilan bemor holatini ogʻirlashtirib qoʻyish mumkin yoki oʻlim holatiga keltirish ham xech gap emas.
Shu bois, bu apparatni masus tayyorgarlikdan oʻtgan shifokorlar nazorati ostida shifoxonalarning faqatgina reanimatsiya boʻlimlarida foydalanilishi lozim.