Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari oxirgi haftada Oʻzbekiston supermarketlarida isteʼmol tovarlari narxidagi oʻzgarishni tahlil qildi.Unga koʻra, tadbirkorlar berilgan imtiyozni isteʼmolchiga oʻtkazishda davom etmoqda.
Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2023-yil 23-martdagi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining vaqtinchalik nol stavkasi qoʻllaniladigan tovarlar roʻyxati eʼlon qilingan edi.
Tahlil uchun supermarketlardagi 102 turdagi 6 ming 726 ta isteʼmol tovari boʻyicha statistik maʼlumotlar web-scraping yoʻli bilan yuklab olindi. Har bir tovar turi boʻyicha 2023-yilning 20-aprel, 28-aprel va 5-may kunlaridagi narxlar solishtirildi.
Natijalar shuni koʻrsatadiki, 28 turdagi sabzavot mahsulotlari 28-aprelda 20-apreldagiga nisbatan oʻrtacha 5 ming 821 soʻmga va 5-mayda 28-apreldagiga nisbatan 1 ming 107 soʻmga, 110 turdagi yogurt mahsulotlari tegishli ravishda 5 soʻmga va 36 soʻmga, 61 turdagi koʻk choy mahsulotlari 25 soʻmga va 139 soʻmga arzonlashgan.