– Surxondaryo nafaqat tabiati goʻzal zamin, balki ruhi baquvvat, gʻayrati baland, oriyati mustahkam insonlar yurtidir. Surxonni rivojlantirish Yangi Oʻzbekistonning janubiy tayanch ustunini mustahkamlash demakdir, – dedi davlatimiz rahbari soʻzining avvalida.
Oʻtgan davrda hududda 5 milliard dollarlik 8 mingdan ortiq loyiha ishga tushdi. Xitoy, AQSh, Rossiya, Hindiston, Avstriya, Vengriya kabi davlatlar bilan investitsiya va savdo boʻyicha yana 10 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi.
Soʻnggi toʻqqiz yilda bogʻcha qamrovi 28 foizdan 68 foizga oshdi, 23 ta yangi maktab qurildi, yana 448 tasi taʼmirlandi. Qoʻshimcha 102 ming oʻquvchi oʻrni yaratildi. Bu davrda qurilgan 688 ta koʻp qavatli uyga 32 ming oila koʻchib oʻtdi. Angor, Boysun, Jarqoʻrgʻon, Sariosiyo va Termiz tumanlarida “Yangi Oʻzbekiston” massivlari tashkil qilindi.
“Toʻpalang ombori suvidan foydalanish” loyihasi hisobidan Termiz shahri va 10 ta tumandagi 563 ming aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi.
Yigʻilishda viloyat hokimi hamda tuman hokimlari oldida joriy yil investitsiyalarni 3 milliard dollarga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi turgani qayd etildi. Hududda kambagʻallikni 2,8 foizgacha, ishsizlikni 4,5 foizgacha tushirish, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqoʻrgʻon, Qiziriq va Muzrabotni kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish muhim ekani taʼkidlandi.
Surxondaryo iqtisodiyotida sanoatning ulushi soʻnggi 9 yilda 5 karra oʻsib, 10 foizga yetdi. Lekin bu hali ham kamligi koʻrsatib oʻtildi.
Sanoat hajmini oshirishda viloyatdagi konlarni oʻzlashtirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Joriy yilda Boysundagi “Sanjar”, Oltinsoydagi “Oqsuv”, kelasi yil “Fangart” konlarida koʻmir qazib olishni boshlash topshirildi. Janubiy Afrikaning “Sosol” kompaniyasi koʻmirdan polipropilen, polietilen va kauchuk ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan. Sariosiyodagi “Qorakon”, “Jemsonit”, “Chuqur”, “Bayram-1” konlariga ham xitoylik investorlar 1 milliard dollar kiritishga tayyor. Boysundagi “Bezaktop” konida tabiiy tosh zaxiralari oʻrganilmay turibdi. Ushbu konlarda zarur ishlarni boshlash vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda Termiz xalqaro savdo markazi natijalari alohida qayd etildi. Oʻtgan yili markazga 800 mingdan ortiq Afgʻoniston fuqarolari tashrif buyurib, eksport 320 million dollar boʻlgan.
Markaz hududini 1 ming gektarga yetkazish belgilandi. Yangi loyihalar natijasida tadbirkorlar va xaridorlar karrasiga oshishi taʼkidlanib, qonun ustuvorligini taʼminlash maqsadida markazda maxsus prokuratura va ichki ishlar boʻlimi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, endi markaz hududidagi tovar savdosi va xizmatlar eksport sifatida baholanishi, ularga nisbatan qoʻshilgan qiymat soligʻi “nol” stavkada qoʻllanishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligi imkoniyatlariga toʻxtalar ekan, viloyatdagi 35 ming gektar tomorqada 3-4 marta hosil olinayotgani, bunday koʻrsatkich boshqa birorta viloyatda yoʻqligini taʼkidladi.
Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi”ning ijobiy tajribasini butun Surxondaryoda yoʻlga qoʻyish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Shu munosabat bilan Angor, Uzun, Denovda ham “Tomorqa maktablari”ni tashkil etish, har bir viloyatda 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktablari”ni ishga tushirish topshirildi.
Surxondaryo sharoitida issiqxonadan mahsulot olish boshqa joylarga nisbatan 2-3 barobar arzon tushishi taʼkidlandi. Bu yil Ispaniyaning Almeriya hududi tajribasi asosida 1 ming gektarda quyoshda isitiladigan issiqxonalar tashkil etilishi, bunday issiqxona quradigan tadbirkorlarga yer 5 yilga bepul ijaraga berilishi, yer osti suvi uchun toʻlovdan 3 yilga ozod qilinishi qayd etildi.
Viloyatda foydalanilmay turgan yana bir katta imkoniyat yaylovlar ekani taʼkidlandi. Jumladan, Boysunda 197 ming gektar yaylov borligi, agar Darband daryosidagi nasoslar tiklanib, suv chiqarilsa, 10 ming gektar yaylovni foydalanishga kiritish imkoni mavjudligi aytildi.
Zaxiradagi yaylov yerlarini oʻzlashtirish uchun boshlangʻich narx normativ qiymatning 1 foizi miqdorida belgilanib, auksionga chiqarilishi ta’kidlandi. Auksiondan yer olgan tadbirkorlarga 10 yilga, 4 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit ajratilishi, har oʻn gektarga suv olib kelish uchun 120 million soʻmgacha subsidiya beriladi.
Viloyatda parrandachilik, chorvachilik, asalarichilik loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari ham belgilab olindi.
Yoʻl va transport infratuzilmasi viloyatdagi eng ogʻriqli masalalardan biri ekani qayd etildi. Hozirda Boysun va Denovni bogʻlovchi yoʻlning 111 kilometri sement-beton qoplamaga oʻtkazish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu yoʻl ishga tushsa, yuk hajmi 2 karra oshishi, tashish vaqti 3 soatdan 1,5 soatga qisqarishi aytildi.
Joriy yilda yurtimizni Afgʻoniston va Tojikiston bilan bogʻlaydigan 178 kilometrlik magistralni kapital taʼmirlash, “Toshgʻuzor – Boysun – Qumqoʻrgʻon” uchastkasini tezyurar poyezdga moslash, “Qumqoʻrgʻon – Quduqli” temir yoʻlining elektrlashtirish ishlari boshlanadi. Termiz – Istanbul, Termiz – Dubay yoʻnalishlarida yangi reyslar tashkil etiladi.
Yangi avtobuslar olib kelinib, Shoʻrchi, Denov, Sariosiyo, Sherobod va Boysundan Termizga olib boruvchi yoʻllarda qatnovga qoʻyiladi.
Yil oxirigacha Muzrabotdagi 56 ming aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berish loyihasi yakuniga yetkazilishi, Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlariga kanalizatsiya olib borish loyihalari boshlanishi maʼlum qilindi.
“Mustaqillikning 25 yilligi” yirik gazni qayta ishlash majmuasidagi texnologik murakkab masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilgani qayd etildi.
– Biz avariyani ham toʻxtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari turizm salohiyatiga toʻxtalib, viloyatda Al-Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat, Kokildor ota, Qirq qiz kabi 150 dan ziyod madaniy meros obyektlari borligi, Hisor, Boysuntogʻ, Koʻhitang, Bobotogʻda alpinizm, trekking, ekoturizm uchun katta imkoniyatlar mavjudligini aytdi. Buni toʻliq ishga solib, yiliga 1 milliard dollarlik tushum qilish mumkinligi taʼkidlandi.
Eski Termiz yodgorligi toʻliq oʻrganilmagani qayd etildi. Buddizm madaniyatiga oid Fayoztepa, Qoratepa, Dalvarzin, Zurmala kabi yodgorliklarning turizm salohiyatidan foydalanib, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Tailanddan yiliga 500 ming sayyohni jalb qilish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi.
Surxondaryoda 8 mingdan ortiq yoshlar kurash bilan doimiy shugʻullanmoqda. Joriy yilda Denovdagi “Zamondosh” oromgohi negizida kurashchilar uchun zamonaviy oʻquv-mashgʻulot bazasini qurib berish topshirildi. Boysundagi maktab-internatda yangi oʻquv yilidan sport bilan birga maktab darslarini ham yoʻlga qoʻyish kerakligi qayd etildi.
Yigʻilishda viloyat faollari, yoshlar va nuroniylar bilan muloqot qilindi, hokimlar va mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar ijrosini qatʼiy nazoratga olish, har bir yoʻnalishda aniq natijaga erishish boʻyicha tegishli topshiriqlar berdi.