Prezidentning Fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari boʻyicha maslahatchisi boshchiligidagi ishchi guruhi tarkibidan oʻrin olgan Xalq qabulxonalari, Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, oʻttizga yaqin vazirlik, qoʻmita va tashkilotlar rahbarlarining ommaviy qabullari Termiz shahridan 90 kilometr masofadagi Qumqoʻrgʻon tumanining “Yangiyer” mahallasidan boshlanib, viloyat markazidan 120 kilometr olisdagi Denov tumanining “Istiqbol” mahallasida davom etdi. Asosan Qumqoʻrgʻon, Bandixon, Shoʻrchi, Denov va Oltinsoy tumanlaridan kelgan yurtdoshlarimiz bilan bevosita muloqotlarda har bir masala vertikal tizimda – respublika, viloyat va tumanlar masʼullari ishtirokida sinchiklab koʻrib chiqilmoqda.
Respublika ishchi guruhi koʻplab masalalarni joyiga chiqib oʻrganmoqda va shu asnoda ularning yechimi ham topilmoqda. Aytaylik, qumqoʻrgʻonlik tadbirkor Ozoda Erdanova Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullariga tumanning Jaloyir mahallasida davlat-xususiy sherikchiligi asosida xususiy klinika tashkil qilishni taklif qildi. Bu masala har tomonlama oʻrganib chiqilgach, bitim imzolashga va shu asosda Qumqoʻrgʻon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 101-oilaviy shifokorlik punktining foydalanilmayotgan hududidan 4 sotix yer maydoni ajratishga kelishib olindi.
Denovlik hunarmand Surayyo Norovaning faoliyatini kengaytirish bilan bogʻliq murojaati joyiga chiqib oʻrganilgach, unga oʻzi yashayotgan “Choʻntosh” mahallasidan boʻsh turgan bino ajratilib, hududdagi 10 nafar xotin-qiz shogird sifatida biriktirildi.
Denov tumani “Buyuk kelajak” mahallasida yashovchi Ashurboy Karimovning “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati masʼullariga murojaatidan soʻng hududdagi ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq masalaga ham joyida yechim topib berildi. Gap shundaki, bu mahalladagi 14 ming nafardan ziyod aholiga obi hayot yetkazib beruvchi nasos taʼmirtalab ahvolda ekan. Oʻrganishlardan soʻng hozircha nasos taʼmirlanib, ishga tushiriladigan, tez orada esa butkul yangilab beriladigan boʻldi.
Denov tumani Namuna mahallasida yashovchi 70 yoshli Mahkam ota Aliqulov ham hududdagi 3 km. koʻchani tosh yoʻlga aylantirib berishlarini soʻradi. Bu murojaatdagi barcha masala aholi bilan birga oʻrganilib, kengashildi va yechim ham birga topildi. Shu asosda zarur texnikalar jalb qilinib, Namuna mahallasi koʻchalarini namunali yoʻlga aylantirishga kirishildi.
“Ommaviy qabullar uch oyligi” doirasidagi muloqotlar davomida sud-huquq, ichki ishlar, kredit ajratish, qurilish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, mahalla, oila va xotin-qizlar masalalariga oid qator murojaatlar ham hal qilindi. Deylik, shoʻrchilik Toshbibi Choʻtmatova yaxshi niyatlar bilan ikkilamchi bozordan avtomobil sotib olmoqchi boʻladi-yu, firibgarga uchraydi. Toshbibi opaning Ichki ishlar vazirligi masʼullariga aytishicha, ular “Kobalt” avtomobili uchun kelishilgan summani toʻliq toʻlasa-da, biroq sotuvchi oluvchi nomiga avtomobilni rasmiylashtirib bermagan. Ayolning murojaati asosida tegishli tekshiruv-surishtiruv ishlari olib borilganda, Toshbibi Choʻtmatovaning barcha vajlari tasdiqlandi va ayolning oʻgʻli nomiga sotib olgan avtomobili rasmiylashtirib berildi.
Denovlik tadbirkorlar Adham Maqsudov va Sojida Qoraqulovaning Qurilish vazirligi masʼullariga aytishicha, ular Denov tumani Sharof Rashidov koʻchasidagi 26 sotix maydonda joylashgan binosi oʻrniga 9 qavatli biznes markazi barpo qilmoqchi. Sababi oldingi bino foydalanishga yaroqsiz deb topilgan va uning oʻrniga yangi bino qurish tavsiya qilingan. Bu borada loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan. Majmua tarkibida kinoteatr, savdo doʻkonlari, tadbirkorlik markazi boʻladi. Bu bilan yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Biroq, tadbirkorlarning aytishicha, qurilishni boshlashga ruxsat berish negadir kechikmoqda. Murojaatdan soʻng bu masala har tomonlama oʻrganib chiqilgach, qurilishni boshlashga ruxsat berildi.
Denovlik Bekzod Mirzayevning murojaati asosida unga oʻzi yashayotgan Zahiriddin Muhammad Bobur mahallasida kichik tikuvchilik korxonasi tashkil qilishi uchun 25 million soʻm kredit ajratilishi taʼminlandi.
Shoʻrchilik Nilufar Musurmonovaning tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun kredit ajratish bilan bogʻliq masalasi ham shu yerda hal qilindi.
Denov tumani Oʻshor qishlogʻida yashovchi Oltinoy Ochilovaning uch farzandi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda. Ayol Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼullaridan talaba farzandlarining taʼlimdan boʻsh vaqtida ishlashi uchun sharoit yaratib berishda amaliy yordam soʻradi. Uning Nukus davlat pedagogika institutida taʼlim olayotgan farzandi bepul yotoqxona va qoʻshimcha ish bilan taʼminlandi, Termiz Davlat universiteti magistraturasida taʼlim olayotgan farzandi oʻsha universitetning oʻzida ishga joylashtirildi.
Xuddi shu mazmundagi murojaatlar asosida denovlik Erkin Ravshanov, Xadichabonu Gʻiyosova, Qahramon Suvonov, Munira Mirzayeva kabi oʻndan ziyod yoshlar vazirlik tizimidagi taʼlim muassasalarida ish boshladi.
Qabullar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oʻnlab murojaatchilarga salomatliklarini tiklashi, davolanishi, bepul jarrohlik amaliyotini oʻtkazishi uchun yoʻllanmalar ajratildi.
Denovlik Jumagul Xudoynazarovaning ham ancha yillik dardu tashvishlari shu qabullarda aridi. Jumagul opaning tugʻma yurak xastaligi bilan dunyoga kelgan 5 yashar qizini davolatish katta katta mablagʻ talab qilar, biroq oʻzi ogʻir ijtimoiy ahvoldagi oilaning bunga qurbi yetmayotgan edi. Murojaatidan soʻng ayolning qizida Toshkent shahrida bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladigan boʻldi.
Dastlabki kunlarning hisob-kitoblarga koʻra, Qumqoʻrgʻon va Denov tumanlaridagi qabullarda 1 ming 220 ta murojaat koʻrib chiqilgan, ularning 606 tasi joyida hal qilingan. 275 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuncha berilgan boʻlsa, 339 ta masala yuzasidan aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari nazoratiga olindi.
Davlatimiz rahbaridan aniq koʻrsatma va vazifalar olgan Respublika ishchi guruhining voha boʻylab bunday ommaviy qabullari olti kun davom etadi.