Bugun, 9 ktyabr kuni Surxndaryo viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov rahbarligida sektorlar, hokim oʻrinbosarlari, tashkilot va boshqarmalar rahbarlari hamda hududiy studiyalardan aloqador masʼullar ishtirokida qator masalalar muhokamasiga bagʻishlangan “Hokimlik soati” oʻtkazildi.

Bu haqda viloyat hokimligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yigʻilishda ijro intizomi, fuqarolar murojaatlari ijrosi, ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, kommunal toʻlovlarni undirish masalalari hamda jurnalist va blogerlar tomonidan koʻtarib chiqilayotgan joylardagi muammo va murojaatlar ijrosi tahlil qilindi. Har bir masala yuzasidan masʼullar hamda hududlar rahbarlarining hisoboti tinglandi.

Fuqarolar murojaatlari ijrosi hamda koʻtarilayotgan muammoli masalalarni hal etishda sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgan, yuklatilgan vazifalarga befarqlik bilan qaragan viloyat va hududiy darajadagi rahbarlar hamda masʼullarning 14 nafarini egallab turgan vazifasidan ozod etish, 4 nafarini oylik ish haqidan jarimaga, 8 nafari “hayfsan” intizomiy jazosiga tortilishi belgilandi. Shuningdek, ayrim tumanlar hokimlari rasman ogohlantirildi.

Viloyat rahbari kun tartibidagi har bir masala yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, murojaatlar ijrosini qatʼiy nazorat ostida bajarilishini taʼminlash, ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, markazlashgan isitish tizimini joriy etish ishlarini bir hafta muddatda yakuniga yetkazish yuzasidan topshiriqlarni belgilab berdi.