Surxondaryoda eko-talablarga javob bermaydigan 2 ta korxona faoliyati toʻxtatildi

    Korxonalarda chang-gaz tozalash uskunalari eskirgani sababli atmosferaga zararli tashlamalarning meʼyoridan ortiq chiqarilayotgani maʼlum boʻldi.

    Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan asfalt ishlab chiqaradigan “Boysun tuman yoʻllardan foydalanish korxonasi” hamda “Sherobod tuman yoʻllardan foydalanish korxonasi”da ekologik tekshiruvlar oʻtkazildi.

    Tekshiruv davomida korxonalarda Boysundagi korxonada chang-gaz tozalash uskunalari foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolganligi, zavoddan chiqadigan chang-gazlarni ushlab qoluvchi filtrlar va suv purkash orqali changlarni ushlab qoladigan uskunalar oʻrnatilmaganligi aniqlandi.

    Sherobod korxonasida esa chang-gaz tozalash uskunasi eskirganligi sababli atmosferaga zararli tashlamalarning meʼyoridan ortiq chiqarilayotgani maʼlum boʻldi.

    Maʼlumot uchun, joriy yilning 29-yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan, unda joriy yil yakuniga qadar yirik sanoat korxonasida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatish va eskilarini almashtirish, havoga chang tashlash darajasi yuqori boʻlgan korxonalarda filtrlarni yangilash vazifasi qoʻyilgan.

    “Boysun tuman yoʻllardan foydalanish korxonasi” hamda “Sherobod tuman yoʻllardan foydalanish korxonasi”ga nisbatan, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 4-24-moddalari talabi buzilganligi, qator kamchiliklar aniqlanganligi sababli MJtKning 86-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Korxonalar faoliyati 10 kun muddatga — mavjud muammolar hal etilib, filtrlash asbob-uskunalari oʻrnatilguniga qadar toʻxtatildi.