Surxondaryoda “Qizil kitob”ga kiritilgan o'simlik noqonuniy kesilib, dimlangani aniqlandi

    Qonunbuzarlar 304 tup noyob turdagi “Tojik kovragi”ni noqonuniy ravishda kesib ketgan.

    Holat Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat Prokuraturasi hamda Uzun tuman IIB xodimlari bilan hamkorlikda o'tkazilayotgan nazorat tadbirlarida aniqlangan. O'rganishlar davomida “Bobotog” davlat o'rmon xo'jaligining “Fayzova” o'rmon bo'limi “Archabuloq” massivi hududi o'rmonchisining o'z ishiga sovuqqonligi oqibatida 304 tup O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob turdagi “Tojik kovragi”ni noqonuniy ravishda kesilib, dimlangani aniqlangan.

    Mazkur holat yuzasidan birlamchi hujjatlar tayyorlanib, o'simlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblanyapti. Shuningdek, ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan va bu ishga yordam berganlar shaxsini aniqlash borasida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Ma'lumot o'rnida aytish joizki, kovrakning O'zbekistonda 50 dan ziyod turi uchraydi. Uning yelim-smolasi xalq tabobatida tomir tortishi, o'pka sili, o'lat, zaxm, ko'k yo'tal, tish og'rig'i, asab va boshqa kasalliklarni davolash uchun, shuningdek, quvvat beruvchi, balg'am ko'chiruvchi va gijja haydovchi malham sifatida qo'llaniladi.