Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, Oltinsoy tumani mas'ul xodimi  avtomobil yo'lini kengaytirish, ushbu yo'ldagi «Qora ariq» ko'prigini rekonstruksiya qilish maqsadida yo'l yoqalarida mavjud bo'lgan ko'p yillik daraxtlarni kesib olish uchun tuman ekologiya bo'limidan og'zaki tarzda ruxsat so'ragan.

Ammo bo'lim inspektorlari ruxsat bermagani, daraxtlarni noqonuniy kesish javobgarlikka sabab bo'lishi haqida ogohlantirganiga qaramay, kechqurun hududdagi 61 tup o'suvchanligini yo'qotmagan qimmatbaho navli daraxt (2 tup chinor, 54 tup virgin archasi), manzarali daraxtlar, 6 tup kam qimmatli daraxt (2 tup terak, 4 tup tol) tag qismi bilan kesib tashlangan.