Surxondaryo viloyati janubiy mintaqada joylashgani bois, dehqonchilik mahsulotlari boshqa hududlarga nisbatan erta pishib yetiladi. Qish oylarida iliq kunlarning ko'p bo'lishi mirishkor aholiga bu yil ham qo'l keldi. Hali bahor eshik qoqmasidan Denov tumanida respublikada birinchilardan bo'lib plyonka ostida kartoshka yetishtirildi. Xazarbog' massivi xo'jaliklaridagi fermerlar fevral oyining o'rtalaridayoq hosilni qazib olib, ichki bozorlarga olib chiqmoqda.
O'tgan yilning noyabr oyi oxirlarida plyonka ostiga ekilgan urug'lik qish davomida “termos” usulida parvarishlandi. Bu viloyatda so'nggi yillarda ommalashayotgan yangicha usullardan biri. Ya'ni, hududdagi iliq havo harorati isitilmaydigan plastik issiqxonalarda mahsulot etishtirish imkonini bermoqda.
— “Termos” usulida ekin yetishtirishning asosiy afzalliklaridan biri, unda issiqlik va namlik tabiiy usulda saqlanadi, — deydi Denov tumanidagi “Orifmirzo ulug' temur muhri” fermer xo'jaligi rahbari Temurmalik Shodmonov. — Bunda kartoshka urug'ligi 3,5 metr balandlikda yopilgan ikki qavat plyonka ostiga ekiladi. Plyonkalarning orasida issiqlikni tutib qolishi uchun ozgina joy qoldiriladi. Shu bois, u “termos” usuli deyiladi. Issiqxona ichida doim plyus harorat saqlanishi kerak. Agar sovuq harorat darajasi ortib ketsa, kartoshkaning ustiga ham bir qavat plyonka yopish mumkin. Ammo har qanday holatda ham issiqlikni ta'minlashda elektr energiyasi, ko'mir va gaz talab etilmaydi. Yuqori haroratda esa issiqxona chetlarida qoldirilgan kichik darchalarni ochib, havoni shamollatib turish mumkin.
Bundan tashqari, qishda o'simlik yoz oylariga nisbatan kam suv talab qiladi. Odatda, agatdan sug'oriladi. Undan ko'tarilgan namlik yana qaytib o'ziga tushadi. Sovuq mavsumda qumursqalarning uyquda bo'lishi ham hosildorlikni sifatli saqlashda qo'l keladi.
Bugungi kunda mazkur fermer xo'jaligining 3,5 gektar yer maydonlarida asosan issiqxonalar tashkil etilgan bo'lib, kartoshkadan tashqari mavsumiy mahsulotlar, xususan, limon, bulg'or qalampiri yetishtiriladi. Kartoshka avvaliga mayda-mayda massivlarga ekilgan bo'lsa, bu yil 2 gektar joyga 7 tonna urug'lik qadaldi.
Surxondaryo tajribasining afzalliklari
Qarovini topsang, qor ham yonadi, degan naqlni surxondaryoliklarga nisbatan qo'llash mumkin. Joriy yilgi hosildan ko'ngli to'layotgan fermer xo'jaliklari har gektardan o'rtacha 12 tonna kartoshka qazib olishni rejalashtirgan.
Ayni mavsumda asosan Gollandiyaning “Sante”, “Arizona” singari ertaki kartoshka navlari yetishtirildi. Gap shundaki, “Sante” navi namlikka anchayin chidamli bo'lib, yuqori namlikda ham ko'p hosil beradi. Har bir tupdan 400—800 grammgacha hosil olish mumkin.
Albatta, fermerlar bu borada shaxsiy tajribalar qilib ko'rgan. Plastik issiqxonaga kartoshkaning boshqa navlari ham ekilgan. Xuddi “termos” usulining ommalashish jarayonlari kabi fermerlar nav borasida ham o'zaro fikr almashib, tajribalarini o'rtoqlashishgan. Natijalar esa kartoshkaning boshqa navlari plyonka ostidagi namlikka unchalik chiqamli emasligi, “Sante”ga nisbatan kamroq hosil berishini ko'rsatdi.
Bu surxondaryoliklarning ancha yillik tajribalardan olgan xulosalari. Axir, viloyatdagi yer maydonlari hamda aholi tomorqalarida kichik hajmli isitilmaydigan issiqxona yoki ochiq maydonlarda “termos” usulida qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirish keng qo'llaniladi. Ularda kartoshkadan tashqari, oqbosh karam, gulkaram, rediska, shirin qalampir, ko'kat sabzavotlar, shuningdek, poliz ekinlari ekiladi.
Denov tumani “Tasmisoy” mahallasidagi aholi bu borada yaxshigina tajribaga ega. Hududda mavjud 1012 ta xonadonning qariyb ellik foizida “termos” usulidagi issiqxonalar barpo etilgan. Shu usulda turli xildagi gullar, sitrus mevalar, kartoshka etishtirish mahallaning drayveriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, kartoshka hosilidan aholi ham ro'zg'orini butlab, ham qo'shimcha daromad topyapti.
— Denovdagi kartoshkachilik yutuqlarida, avvalo, agrarchilarning mehnati va bilimini alohida qayd etish joiz, — deydi Qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari, Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher To'rayev. — Ular birinchi navbatda, to'g'ri nav va vaqtni tanlay olgan. Qolaversa, agrotexnik tadbirlar o'z vaqtida olib borilgan. ertaki kartoshkaning iliq ob-havo sharoitida plyonka ostiga ekilishi yaxshi natija beradi. Bu tajriba orqali kelgusida yurtimizda kartoshka importini qisqartirib, boshqa sabzavotlarni ham erta muddatlarda ekish va yetishtirish mumkin.
Xalqimiz kartoshkani bejiz “ikkinchi nonimiz” demaydi. Vatani Janubiy Amerika bo'lgan bu sabzavotga dunyoning ko'plab davlatlari qatori mamlakatimizda ham talab katta. Hatto, asosiy kundalik iste'mol mahsulotlarimizdan biri sanaladi. Shu bois, kartoshka yetishtirishdagi uzviylikni ta'minlash, uning yangi, virusga chidamli navlarini yaratish hamisha dolzarb.
Surhondaryo tajribasini o'rganish orqali esa ob-havo va iqlim sharoitlari o'xshash boshqa ba'zi viloyatlarda salmoqli hajmdagi qishloq xo'jaligi mahsulotlarini odatiy muddatidan ilgari etishtirish mumkin. Bu ichki bozorlarda barqarorlikni saqlash, eksportga yo'naltirilgan ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligi hamda daromadlarini oshirishga imkon beradi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri