Avvalroq, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Gumatak qishlogʻida yashovchi Ramazon Abdullayevning muqaddas Haj safariga jamgʻargan mablagʻi evaziga togʻli hududdagi soy ustida koʻprik barpo etgani haqida xabar berilgan edi.
Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Yunus Xoliyorovning maʼlum qilishicha, xushmanzara Omonxona qishlogʻida yashaydigan saxovatpesha inson — Rahmat Eshboyev bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, Haj ziyorati uchun toʻplagan mablagʻini qishloqni ikkiga ajratib turgan chuqur soy ustiga koʻprik qurilishi uchun sarfladi, deb yozmoqda OʻzA.
Faqat koʻprikni bunyod etish uchun zarur boʻlgan mustahkam temir-beton materialiga tuman hokimligi homiylik qildi. Qolgan ishlar Rahmat Eshboyev jamgʻarmasidan amalga oshirildi. Endilikda qishloqning Kamari aziz koʻchasidagi 20 ga yaqin xonadonda istiqomat qilayotgan yoshu keksa yogʻin-sochinli kunlarda ham bexavotir va bemalol Omonxona markaziga kelib ketishi va transport qatnovi uchun qulay sharoit yaratildi.
Uzoq yillardan buyon soydan qishloq markaziga oʻtishda koʻproq aziyat chekib kelayotgan keksalar, xotin-qizlar va bolalar qalbi bir olam quvonchga toʻldi. Omonxona oʻzining moʻjizakor shifobaxsh buloq suvi bilan dunyoga tanilgan togʻlar qoʻynidagi qishloq. Muqaddas bu zamin buyuk sarkarda Amir Temur va Hazrati Sulton Valiy Balogardon uchrashgan makon sifatida ham mashhur.
–Oʻtmishdan yoʻl va koʻprik qurib, odamlarning uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilish eng savobli amallardan biri sanalgan, – deydi mehnat faxriysi Norboy Boboqulov. – Bunday ezgu ishni bekami-koʻst bajargan hamqishlogʻimiz Rahmat Eshboyev va uning oila aʼzolariga xalqimiz nomidan tashakkur bildiramiz.
Tantanali tadbir yakunida ishtirokchilar Vatanimizga tinchlik, yurtimizga obodlik, qurilish tashabbuskoriga uzoq umr va yangi barpo etilgan koʻprikning xalq manfaati yoʻlida xizmat qilishiga tilak bildirib, duoga qoʻl ochdi.