Baliq koʻl qishlogʻidagi mazkur ziyoratgoh XII-XIII asrlarga tegishli. Umumiy yer maydoni 225 kv.m.ni tashkil etadi. “Baliq koʻl” ziyoratgohi atrofida “Sulton Uvays Qaroniy” maqbarasidan tashqari “Bibi Naima ona” maqbarasi va haftaning har juma kuni tongda sut rangiga kiruvchi “Sutli buloq” (“Sirli buloq” deb ham yuritiladi) ziyoratgohlari ham mavjud.
Zilol suvga ega ushbu koʻl hech qachon muzlamaydigan suv manbaidan paydo boʻlgan. Uning suvini bemalol ichish mumkin. Koʻlda yirik baliqlar ham yashaydi. Aytishlaricha, har juma, juma namozi vaqtida suvdagi barcha yirik baliqlar gʻoyib boʻladi. Sayyohlar eʼtiborini tobora jalb etib borayotgan ushbu koʻl Sulton Hazrati Uvays Qaroniy ziyoratgohi majmuasiga kiradi. Uning yonida 1500 nafar odamga moʻljallangan masjid bor. Shuningdek, soʻfiylik taʼlimotida alohida oʻrin tutgan Uvays Qaroniy qabri ham joylashgan.
Sulton Uvays Qaroniy majmuasi va Bibi Naima Ona maqbarasi dunyoning turli chekkalaridan ziyoratchilarni jalb etadi. Ayniqsa, soʻfiylik tariqati izdoshlari bu manzilni alohida qadrlaydilar, chunki Uvays Qaroniy ushbu yoʻnalishning asoschilaridan biri hisoblanadi.
Ushbu maskan davlat rahbarining 2017-yilda 7-iyul kuni Uvays Qaroniy ziyoratgohiga tashrifidan soʻng, maqbara toʻliq qayta qurilgan. Maskanda milliy muzey va kutubxona ham bunyod etilgan. Tarixiy maskan 2019-yilda tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.