Suv – gavhar, ilm – zafar,

Havas qilgay yosh-qari.

Suvni aziz bilgan, ey

Elning mard oʻgʻlonlari.


Suvsiz yer – jonsiz vujud

Mardsiz el – manzilsiz yoʻl.

Manzilga yetmoqqa ham

Sizday yigitlar masʼul.


Muammoga yechim tutgan

Asilbek, Pahlavonlar.

Ilm yoʻlida mayoq boʻlgan

Ham ustoz Sohibxonlar


Ikki oʻzbek oʻgʻlon bermish

Kelajakning taʼbirin.

Baraka suv – yomgʻir suvin

Qayta ishlash tadbirin.


Prezident maktabining

Nomin ulugʻlab kelgan.

Shayx Nohayon huzurida

Yurt shaʼnin baland qilgan.


Suvchi – zargar, degan el

Eʼzozlar, tutgay ulugʻ.

Zargarning qadrin bilgan

Shu elga ming bor qulluq.


Ilmni baland tutgan,

Nomingizga sharaf-shaʼn.

Yuksalar, obod boʻlar

Sizlar bilan bu Vatan.

***

Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida “Zayed Sustainability Prize” tanlovida Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari oʻz ixtirolari bilan gʻolib deb topildi. Ularga mukofotni BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon topshirdi.

Taqdirlash marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, gʻoliblarni gʻalaba bilan qizgʻin tabrikladi.

Tanlovda Prezident maktabi oʻquvchilari Pahlavon Gʻulomov va Asilbek Ashrapov hamda ularning ustozi Sohibxon Azizovning yomgʻir suvini ichishga yaroqli darajagacha qayta ishlash loyihasi “Global oʻrta maktablar“ nominatsiyasi boʻyicha gʻalabani qoʻlga kiritgan.

Kuni kecha Toshkentda ikki nafar oʻquvchining ota-onasi va ustoziga Prezident nomidan mukofotlar topshirildi. Shuningdek, ularga BYD avtomobillari ham sovgʻa qilindi.

Gʻoliblarni chin dildan tabriklab, ularning kelgusi oʻqish va ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!


Suv xoʻjaligi vazirligi Axborot xizmati.