Ulardan biri — “Mirza-Pay” irrigatsiya tizimi boshqarmasi kanallari katta muhandis-gidrotexnigi Obloqul Abdulazizov. U oʻtgan yili Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi. Fidoyi irrigator bilan yaqindan tanishish niyatida Jomboy tumanidagi suv inshootlari tomon yoʻl oldik. Kanallar boʻylab yurib, moʻjazgina suvchilar binosi yoniga yetib borganimizda odmigina kiyingan bir kishi hafsala bilan daraxt butayotgani ustidan chiqdik. Salom-alikdan soʻng u samimiy tabassum bilan:

— Kelingizlar, Obloqul menman, — dedi.

Rostini aytsam, bir oz hayron qoldik. Chunki uni juda sipo, jiddiy qiyofada tasavvur qilgan edik. Ammo roʻparamizda turgan kishining kamtarinligi va mehnatkashligi shundoq koʻrinib turardi. Obloqul aka bilan birga suv yoʻllari, kanallar, ariqlar, turli suv inshootlarini koʻzdan kechirar ekanmiz, u har bir suv yoʻli haqida katta ishtiyoq bilan soʻzlardi. Qaysi ariq qachon qazilgani, qayerida suvning yoʻli oʻzgargani, qayerida taʼmir kerakligi — barchasini batafsil tushuntirib berardi. Suhbat davomida qahramonimizning suv xoʻjaligidagi 45 yillik tajribasi, chuqur mulohazalari va mehnatga muhabbati yaqqol namoyon boʻlib borardi.

Eng muhimi, Obloqul akaning samimiyati va insonparvarligi qalbimizda iliq taassurot qoldirardi. U jonkuyarlik bilan aytayotgan har bir soʻzida suvning ahamiyatini yurt taqdiri, dehqon rizqi, odamlar hayoti bilan bogʻlardi. “Suv bor joyda hayot bor”, derdi har ikki gapning birida va obihayotning qadriga yetish kerakligini qayta-qayta taʼkidlardi.

Ilk koʻrganimdayoq bu inson negadir menga yaponlarni eslatib yubordi. Chunki Obloqul aka biz koʻnikkan “mukofot olgan” atoqli inson obraziga unchalik mos kelmasdi. Unda koʻtarinki dabdaba yoki rasmiy salobatdan koʻra kamtarlik va mehnatga sadoqat koʻproq namoyon edi. Shu jihatlari bilan u kinolardagi mehnatkash, xokisor yapon qahramonlarini eslatardi: ishiga berilgan, ortiqcha soʻzdan qochadigan, ammo qilgan ishi bilan katta hurmat qozonadigan inson. Qizigʻi, Obloqul akaning yoshi 60 dan oshgan boʻlsa-da, yigitlardek epchil, chaqqon. Kanal boʻylab yurarkanmiz, baʼzan ortda qolib ketardim. U esa ildam odimlardi.

— Kuniga 15-20 kilometr masofani piyoda bosib oʻtaman. Kanal va ariqlarga zamonaviy suv oʻlchash moslamalarini oʻrnatganmiz. Shularni muntazam koʻzdan kechirib turaman. Ular suvni toʻgʻri taqsimlash, tejashda juda qoʻl keladi, — deydi qahramonimiz.

Qishloq xoʻjaligi barqarorligi, yurt das­turxoni fayzu barakasi va umuman, hayo­timiz farovonligi suvga bevosita bogʻliq. Uni tejash esa bugunning dolzarb vazifasi. Ana shu maqsadda qilinayotgan muhim ishlardan biri — ariq va kanallarni betonlashtirish. Bu haqda Obloqul aka qimmatli fikrlarini bildiradi: “Ariq va kanallarni betonlashtirish Oʻzbekis­tonda suv ­resurslarini ­tejashning eng muhim va strategik yoʻnalish­laridan. Hisob-kitob­larga koʻra, betonlanmagan ariq va kanallarda suvning taxminan
36 foizi hech qanday iqtisodiy samara bermay, yer ostiga singib yoki bugʻlanib ketadi. Bu esa katta resurs yoʻqotilishi demakdir. Natijada suvga muhtoj dalalar, ekinzorlar va bogʻ-rogʻlar yetarlicha hosil bermaydi”.

Suhbat davomida Obloqul Abdulazizovning fikrlari, chuqur mulohazasida har tomchi suv uchun masʼuliyat tuygʻusi sezilib turardi.

— Bilasizmi, tuproq oʻzanli ariqlarda suvning katta qismi yer ostiga singib ketadi. Beton qoplama esa bu yoʻqotishni 95-98 foizgacha kamaytiradi, — deydi hamrohim.

Uning aytishicha, ariqlarni betonlash nafaqat suvni tejash, balki uning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Beton yuzasi silliq boʻlgani sababli suv oqimining gidravlik tezligi ortadi. Shu bois, suv manzilga tezroq yetib boradi. Suvning yoʻlda kam vaqt sarflashi esa yana bir muhim omilga — bugʻlanishning kamayishida juda muhim. Natijada bir tomchi suv ham qadrli boʻlgan bugungi sharoitda har qatradan unumli foydalanish imkoniyati yuzaga keladi. Yana bir jihati shuki, betonlangan ariqlarda loyqalanish va oʻt bosishi ancha kamayadi. Tuproq oʻzanli ariqlarda esa suv oqimi bilan kelgan mayda choʻkindilar tez toʻplanib, ariqning oʻtkazuvchanligini pasaytiradi. Bundan tashqari, oʻt-oʻlanlar tez koʻpayib, suv yoʻlini toʻsib qoʻyadi. Beton qoplamali ariqlarda esa bunday muammo deyarli kuzatilmaydi. Shu sababli ularni tozalashga ham ancha kam kuch va mablagʻ sarflanadi. Mutaxassislar hisob-kitobiga koʻra, betonlangan ariqlarda taʼmirlash va tozalash xarajati oddiy tuproq ariqlarnikiga nisbatan 3-4 baravargacha kamayadi. Qisqasi, ariqlarni betonlash faqat qurilish jarayoni emas, balki suvni asrash, uni adolatli va samarali taqsimlash yoʻlidagi muhim qadam ekan.

Kanal va suv yoʻllarini aylanib chiqqanimizdan soʻng suvchilar uyiga qaytdik. Binoga kirganimizda devorga suyab qoʻyilgan eski cholgʻu asbobi koʻrindi. Tabiiyki, bu joyda, bunday cholgʻuni koʻrish bir oz kutilmagan hol. Qiziqsinib qarab turganimizni payqagan ­Obloqul aka jilmayib:

— Zerikkan paytlarim chalib turaman, — dedi.

Undan biror qoʻshiq ijro etib berishini soʻragan edik, Obloqul aka avval bir oz kuldi. Soʻng cholgʻu asbobini qoʻliga oldi. Barmoqlari tor ustida yengil yura boshladi va quvnoq qoʻshiqdan xirgoyi qila ketdi.

Tabiat qoʻynida: sal narida shovullab oqayotgan kanal, bahorning iliq shabadasi va ma­yin musiqa sadosi oʻzaro uygʻunlashib, atrofga ajib va dilbar kayfiyat bagʻishlar edi. Goʻyo bu qoʻshiqlarda qahramonimizning butun umri — mehnati, samimiyati va hayotga muhabbati aks etayotgandek edi. U bilan xayrlashib, kanal boʻylab ortga qaytar ekanmiz, suvning sokin shovullashi va sal avval bizni maftun etgan ohang goʻyo hali ham yangrab turgandek edi.

 

Shuhrat NORMURODOV,

jurnalist