Qarorga koʻra, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy qilinadi:

2027-yildan har yili suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va subsidiyalar sugʻoriladigan yer maydonlarining suv bilan taʼminlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanadi:

  • suv bilan barqaror taʼminlanmagan hududda joylashgan sugʻoriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllagan holda hisoblanadi;
  • suv bilan barqaror taʼminlangan hududda joylashgan sugʻoriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmaganda, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi.

2027-yildan sholi yetishtiriladigan maydonlarning suvning kirish qismi hamda baliqchilik xoʻjaligi tashkil qilingan yer maydonlarining suvning kirish va chiqish qismiga tadbirkorlar oʻz mablagʻlaridan “aqlli” suv oʻlchash va hisoblash vositalarini oʻrnatishi majburiy etib belgilanadi.

Bunda “aqlli” suv oʻlchash va hisoblash vositalari oʻrnatilmaganda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga oshirilgan miqdorda hisoblanadi.

Qarorga koʻra, 2026-yil 1-oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda taʼminotchi korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan suv tejovchi texnologiyalarning nasos va filtr qurilmalarini raqamli QR-kodli maxsus yorliqlangan belgi ostida ishlab chiqarish va sunʼiy yoʻldosh kuzatuv tizimi (GPS treker)ni oʻrnatish tartibi joriy etiladi.

2026-yil 1-oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni oʻrnatish ishlari majburiy tartibda tasdiqlangan minimal talab va meʼyorlar asosida amalga oshiriladi.

2026-yil 1-oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini olmasdan oʻz mablagʻlari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning quyidagi yangi tizimi joriy etiladi:

  • loyiha tashabbuskori tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun qoʻyiladigan minimal talab va meʼyorlar doirasida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi;
  • ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda loyihani amalga oshirish boʻyicha taʼminotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma, ushbu texnologiyalar uchun belgilangan tartibda hisob-kitob qilingan subsidiyaning 50 foizini Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan oldindan ajratishga asos boʻladi;
  • suv tejovchi texnologiyalar loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq oʻrnatilib, foydalanishga topshirilganidan soʻng hisob-kitob qilingan subsidiya mablagʻlarining qolgan 50 foizi loyiha tashabbuskoriga toʻlab beriladi;
  • subsidiyaning dastlabki 50 foizi toʻlab berilganidan soʻng ikki oy muddat ichida texnologiyalar oʻrnatilib ishga tushirilmaganda, ajratilgan subsidiyalar belgilangan tartibda qaytariladi.