2021-yilda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan 3896 ta talabgorlar roʻyxati shakllantirilgan. Mazkur roʻyxatga asosan, Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan zarur subsidiya mablagʻlari ajratilgan.

Inspeksiya tomonidan oʻrganishlar natijasiga koʻra, Qishloq  xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga 2021-yilda suv tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilganligi uchun davlat byudjetidan jami 3896 ta (109 ming gektar yerga) subsidiya mablagʻlari ajratilgan. 

 Shundan bugunga qadar 236 tasi (7,2 ming gektar yerga) suv tejaydigan sugʻorish tizimlarini sugʻorish mavsumida ishlatishga ulgurmaganligi aniqlangan. 

Agroinspeksiyaning hududiy boshqarmalari tomonidan aniqlangan holatlar boʻyicha, mazkur tizimni 2022-yil sugʻorish mavsumiga qadar ishga tushirmagan taqdirda olingan subsidiya mablagʻlari belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytarishi toʻgʻrisida ogohlantirishlar berildi.

Jumladan, Fargʻona viloyatida joriy qilingan 452 ta suv tejaydigan texnologiyalardan 83 tasi 1741 gektar maydonlarda ishlatishga ulgurmaslik holatlari aniqlangan boʻlsa, Qashqadaryoda 546 tadan 64 tasi (617,4 ga), Xorazmda 304 tadan 40 ta (2438,6 ga), Namanganda 116 tadan 17 ta (525 ga), Navoyida 245 tadan 10 ta (199 ga), Jizzaxda 405 tadan 7 ta (95 ga), Surxondaryoda 23 tadan 1 ta (993 ga), Toshkent viloyatida 118 tadan 5 ta (95 ga), Qoraqalpogʻiston Respublikasida 127 tadan 9 tasida (309 ga) suv tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy qilingan boʻlsada, ishga tushirilmagan.

Mazkur qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari kesimida alohida roʻyxat shakllantirilib, Inspeksiya tomonidan toʻliq nazoratga olindi, deya xabar bermoqda "Oʻzagroinspeksiya” Axborot xizmati