O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi Nurota tuman bo'limi tomonidan joriy yilning o'tgan davri davomida qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan suv resurslari va erdan foydalanishni nazorat qilish bo'yicha bir qancha ishlar amalga oshirildi.
Xususan, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan suv resurslaridan va erlardan foydalanuvchilar, fermer xo'jalik mansabdor shaxslariga hamda tashkilotlar, korxonalar xodimlariga nisbatan suv iste'moli qoidalariga rioya etmaslik hamda erlardan xo'jasizlarcha, o'zboshimchalik bilan foydalanish holatlari aniqlanib, ularga nisbatan O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksining tegishli moddalari bilan 21 ta ma'muriy ish qo'zg'atildi. Va tegishli tartibda sud tomonidan ma'muriy jarima jazosi qo'llanildi.
— Sun'iy suv oqimlari (ochiq va yopiq kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari), suv havzalari hamda boshqa sun'iy suv ob'ektlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv iste'moli qoidalarini buzish holatini sodir etgan 3 ta tashkilot xodimlariga nisbatan 223 ming so'mdan jarima jazosi qo'llanildi, — deydi inspektsiya Nurota tuman bo'limi boshlig'i Olimjon Kamilov. — Bundan tashqari, fermer xo'jaligi rahbarlari orasida qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan suv resurslari va erlardan foydalanish sohasida sug'oriladigan maydonlarni meliorativ holatini yanada yomonlashishiga olib kelgan va unumdor qatlamni pasayishiga sababchi bo'lganlar ham nazorat tadbiri davomida aniqlandi. Ana shunday qonunbuzilishiga sababchi bo'lgan 8 ta fermer xo'jalik rahbarlari ham belgilangan tartibda jarima to'lashdi.
SHuningdek, 7 nafar fuqaro tomonidan o'zboshimchalik bilan noqonuniy egallab olingan er maydonlari aniqlandi. Ularga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 60-moddasi 2-qismi bilan ma'muriy javobgarlik to'g'risida ish qo'zg'atilib, jami belgilangan 1 million 338 ming so'm jarimaning to'liq undirilishi ta'minlandi.
Ma'lumotlarga ko'ra, er yuzidagi 7 milliarddan oshiq aholining 1,2 milliard nafardan ziyodrog'i toza ichimlik suviga muhtoj, 2,3 milliard odam sanitariya holati talab darajasiga javob bermaydigan suvdan foydalanishga majbur bo'lmoqda.
SHunday ekan, suv etishmovchiligi globallashib borayotgan bugungi davrda suvni tejab ishlatishimiz, undan oqilona foydalansak maqsadga muvofiqdir.
Abduvali BO'RIEV,
Navoiy viloyati