Suv xoʻjaligi sohasida keskin oʻzgarish qilishning birdan-bir yoʻli – raqamlashtirish — Prezident

    Nasos stansiyalariga 1,7 mingta “onlayn” nazorat qurilmasi va 12 mingta “aqlli suv” qurilmasi olib kelingan. Lekin ulardan olinadigan maʼlumotlarni jamlab, tahlil qiladigan axborot tizimi yoʻq.

    Shu bois, Suv xoʻjaligi vazirligi huzurida Suv xoʻjaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz suv isteʼmoli va uni hisobini yuritishning yagona axborot tizimini ishga tushiradi.

    Hozirda suv soligʻidan tushumning 40 foizi tuman suvchilarida qolmoqda. Lekin, 27 ta tumanda undirilgan suv soligʻidan mablagʻ suv yetkazish xizmatlariga oʻtkazib berilmagan. Viloyat hokimliklariga bir haftada ushbu kamchilikni bartaraf qilish topshirildi.

    Moliya vazirligiga bundan buyon suv soligʻidan tushum byudjet va suvchilar oʻrtasida avtomatik ravishda taqsimlanishini taʼminlash topshirildi.

    Yigʻilishda soha mutasaddilarining hisobotlari, fermer xoʻjaliklari rahbarlarining takliflari tinglandi.