Mazkur markaz mamlakatimizda inson kapitalini toʻlaqonli rivojlantirish, oliy va professional taʼlimning sifatini oshirish, aholi keng qatlamini talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish hamda malakali kadrlar tayyorlashning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish maqsadida tashkil etildi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2020-yil 31-dekabrdagi “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Suv xoʻjaligi vazirligi huzurida “Suv xoʻjaligi sohasida kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish tarmoq kengashi” faoliyat yoʻlga qoʻyildi.

Tarmoq kengashiga moʻljallangan xonalar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan hamda YUNESKO amalga oshirayotgan “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida ishga joylashish koʻnikmalarini rivojlantirish” loyihasi doirasida jihozlandi.

Suv xoʻjaligi tizimidagi oʻrta va quyi boʻgʻin rahbarlarining malakasini oshirish markazi Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi. 2-bosqich” doirasida jihozlandi. Bu yerda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari, tumanlar irrigatsiya boʻlimlari rahbarlari, maxsus xizmat, suv tejovchi texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar uchun oʻquv kurslari tashkil etiladi.