Nizomga koʻra, maqsadli stajirovkaga yuborish boʻyicha nomzodlarni saralab olish Boshqaruv samaradorligi agentligi (Agentlik) tomonidan amalga oshiriladi.
Buyurtmachi tashkilotlar har yili 10-noyabrgacha kadrlar tayyorlashga boʻlgan ehtiyojlar toʻgʻrisida lavozim va yoʻnalishlar kesimida Agentlikka maʼlumotlar taqdim etadi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Boshqaruv kengashi 15-yanvargacha stajirovka dasturining xorijiy mamlakatlar kesimidagi kvotalarini tasdiqlaydi.
Buyurtmachi tashkilotlar tomonidan nomzodlar roʻyxatini shakllantirishda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
- stajirovka dasturiga mos mutaxassisligi boʻyicha kamida 3-yillik ish tajribasi, shu jumladan oxirgi 12 oy davomida ushbu sohada ishlagan boʻlishi;
- davlat tilini bilishi;
- stajirovka oʻtash rejalashtirilgan xorijiy tashkilotning shartsiz taklifnomasi mavjudligi.
Saralash tartibi quyidagicha:
- test sinovlari;
- nomzodlar bilan suhbat.
Test sinovlaridan 71 foiz va undan yuqori koʻrsatkichga ega nomzodlar suhbat jarayoniga jalb etiladi.
Gʻolib deb topilgan mutaxassislar, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Agentlik, buyurtmachi tashkilot va moliyaviy (qoʻshimcha) kafil oʻrtasida shartnoma tuziladi.








