2022-yil hosili uchun Samarqand viloyatida 94 ming 230 gektar yer maydoniga boshoqli don ekinlari ekish rejalashtirilgan. Mazkur agrotexnik tadbirlarda kuzgi boshoqli don ekinlaridan moʻl hosil yetishtirish muhim ahamiyatga ega ekanligini yaxshi anglagan dehqonlar ochiq yer maydoni hamda gʻoʻza qator orasiga kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish bilan bogʻliq agrotexnik tadbirlarni uyushqoqlik bilan olib borishmoqda.

Kuzgi boshoqli don ekinlari ekish jarayonida 164 dona, shundan 159 ta zamonaviy  gʻalla ekish seyalkalaridan unumli foydalanilmoqda. Joriy yilning 4-oktyabr holatiga 26 ming 950 gektar, shundan ochiq maydonda 15 ming 776 gektar, gʻoʻza qator orasiga 11 ming 173 gektar yer maydoniga kuzgi boshoqli don ekinlari ekildi.

Gʻalladan moʻl hosil yetishtirish yuzasidan oʻtkaziladigan agrotexnik tadbirlardan yana biri, ekin maydonlarini peshma-pesh sugʻorishdan iborat. Mazkur agrotexnik tadbirlar “Oʻzagroinspeksiya”ning hududiy boshqarma va boʻlimlari tomonidan nazorat qilinmoqda.

Xususan, inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan boshoqli don ekinlarini sugʻorishda suv resurslaridan oqilona foydalanish yuzasidan doimiy ravishda monitoring tadbirlari oʻtkazilmoqda.

2021-yilning 4-oktyabr holatiga, 12 ming 247 gektar yer maydonidagi gʻalla sugʻorilgan boʻlib, bir kunda 1 ming 364 gektar yer maydoni sugʻorilmoqda. Mavsum boshidan beri Jomboy tumanida 2 ming 69 gektar, Paxtachi tumanida 1 ming 935 gektar, Narpay tumanida 1 ming 613 gektar, Pastdargʻomda 1 ming 497 gektar va Payariq tumanida 1 ming 428 gektar yer maydonidagi boshoqli don ekinlari sugʻorildi.

— “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslaridan foydalanish yuzasidan 2 ming410 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, sohaga oid 905 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi hamda tegishli taʼsir choralari qoʻllanildi, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori Avaz Ochilov. — Jumladan, 828 ta holatda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish, 57 ta holatda suv xoʻjaligi inshootlari va qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzish, 9 ta holatda suvlarning davlat hisobini yuritish qoidalarini buzish hamda 11 ta holatda sohaga oid boshqa qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilgan. Ushbu aniqlangan holatlar boʻyicha Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan masʼul shaxslarga nisbatan vakolat doirasida 599 ta holatda 159,6 million soʻmlik  maʼmuriy va 77 ta holatda 49,9 million soʻm moliyaviy jarima sanksiyalari qoʻllanilgan boʻlsa, 57 ta holatda toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish huquni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Shuningdek, qonunbuzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan 36 ta taqdimnoma kiritilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etishlari yuzasidan 213 ta yozma koʻrsatma berilgan boʻlsa, huquqbuzarlik sodir etilishining erta oldini olish maqsadida 1505 ta suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirish berildi.

Xususan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida inspeksiyaning Urgut tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan 275 ta nazorat tadbiri davomida 151 ta, Kattaqoʻrgʻon tuman boʻlimi tomonidan 243 ta nazorat tadbiridan 78 tasida, Pastdargʻom tuman boʻlimi tomonidan olib borilgan 198 ta nazorat tadbiri davomida 80 ta, Paxtachi tuman boʻlimi tomonidan olib borilgan 156 ta nazorat tadbiri davomida 92 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, tegishli taʼsir choralari qoʻllanilgan, deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.