Oʻzbekiston oʻz mustaqilligining 34 yilligini nishonlagan shu kunlarda, majoziy maʼnoda, uni 34 yoshga toʻlgan, yoshlikdan ulgʻayish sari qadam qoʻygan insonga qiyoslash mumkin. Bu — oʻtgan umrni sarhisob qilish, oqni qoradan ajratib, xatolardan xulosa chiqarish, strategik qadamlarni aniq belgilash vaqti.

Xoʻsh, qaysi islohotlar Oʻzbekistonning mustaqil davlat sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qildi?

Iqtisodiy mustaqillik va yangilangan Mudofaa doktrinasi

Eng muhim omil bu — iqtisodiy mustaqillik. Mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, innovatsiyalar joriy etish, fermer va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash — bu faqatgina YAIM oʻsishi emas, balki oʻz xalqi farovonligini taʼminlash, ish oʻrinlari yaratish va odamlarni rozi qilish maqsadlarining asosi hamdir.

Oʻzbekiston soʻnggi yillarda samarasiz iqtisodiy modeldan voz kechib, uning oʻrniga raqobat, xususiy mulk va tashabbusni qoʻllab-quvvatlovchi, dunyoga ochiq bozor iqtisodiyotini shakllantirishga qaratilgan fundamental islohotlarni amalga oshirdi. Natijada mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2017-yildagi 41 milliard dollardan 2024-yilda 115 milliard dollarga yetdi, eksport hajmi esa 13,9 milliard dollardan 27 milliard dollarga koʻtarildi. Bu oʻzgarishlar iqtisodiy mustaqillikning mustahkam poydevorini yaratib, Oʻzbe-kistonni dunyo hamjamiyatiga mintaqada barqaror rivojlanayotgan davlat sifatida tanitmoqda.

Mamlakatimizning barqaror rivojlanishi, xalqimizning tinch-osuda hayot kechirishida mudofaa tizimida olib borilgan islohotlar ahamiyati ham beqiyos. Uzoq yillar davomida Qurolli Kuchlarni harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlar bilan taʼminlash asosan import hisobidan amalga oshirilib kelinardi. Bu esa nafaqat Milliy armiyani qurol-aslaha, maxsus texnika va zarur jihozlar bilan oʻz vaqtida taʼminlashga toʻsiq boʻlgan, balki mamlakatning harbiy xavfsizligi masalasida xorijiy davlatlarga bogʻlanib qolish xavfini ham kuchaytirgan edi. Shuningdek, mudofaa ahamiyatiga ega boʻlgan mavjud korxonalar ogʻir iqtisodiy ahvolga tushib qolgandi.

Soʻnggi yillarda esa muhim islohotlar amalga oshirildi. Avvalo, Oʻzbekiston Respublikasining yangilangan Mudofaa doktrina­si qabul qilindi va birinchi bor ochiq eʼlon qilindi. Shuningdek, Mudofaa sanoati agent­ligi tashkil etildi. Agentlik mudofaa korxo­nalarini zamonaviy, energiya tejovchi, raqamli dasturlashtirilgan boshqaruv tizimlari va uskunalar bilan jihozlashni bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻydi.

Harbiy-texnik hamkorlik sohasida ham keng imkoniyatlar yaratildi: dunyoning 30 dan ortiq rivojlangan davlati va 80 ga yaqin kom­paniyasi bilan aloqalar oʻrnatildi, 10 ta dav­lat bilan hukumatlararo komissiyalar tuzildi, shuningdek, 10 dan ziyod mamlakat bilan xalqaro bitim va kelishuvlar imzolandi. Zamonaviy qurol-aslaha va jangovar texnikalar xaridi ti­zimli yoʻlga qoʻyildi.

Ushbu islohotlar Oʻzbekistonning harbiy xavfsizligi va mustaqilligi kafolati boʻlib xizmat qilmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasi — tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi

Tashqi siyosat borasida ham misli koʻril­magan oʻzgarishlar amalga oshirildi. Avvalgi davrlarda qoʻshni mamlakatlar bilan siyosiy aloqalar cheklangan, ikki tomonlama savdo aylanmasi mavjud salohiyatga javob bermay­digan darajada past edi. Chegara, suv-energe­tika, transport va boshqa muammolar Marka­ziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga jiddiy toʻsiq boʻlgan. Shu­ningdek, yetakchi Gʻarb davlatlari tomonidan Oʻzbekistonga turli iqtisodiy cheklovlar qoʻl­lanilgan edi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston tashqi siyosa­tining ustuvor yoʻnalishi sifatida Markaziy Osiyo mintaqasi belgilandi. Qoʻshni davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlikni mustahkamlash, mavjud muammolarni hal etish hamda xalqaro maydonda hamjihatlik qilish asosiy maqsad sifatida belgilab olindi. Na­tijada savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalar sezilarli darajada kengaydi.

Oʻzbekistonning qator davlatlar — Xitoy, AQSH, Turkiya, Vengriya, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Hindiston va Arab mamlakatlari bilan munosabatlari strategik hamkorlik darajasiga koʻtarildi. Qoʻshni davlatlar bi­lan suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha ikki tomonlama komissiyalar tashkil etildi. Shu bilan birga, Orolboʻyi mintaqasi uchun BMT doirasida Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp to­monlama sheriklik trast jamgʻarmasi yoʻlga qoʻyildi.

Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻ­lida izchil ishlar amalga oshirildi, Yevropa Ittifoqining “GSP+” benefitsiar maqomiga erishildi. Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik deyarli barcha sohalarni qamrab olgan holda muntazam ravishda qoʻshma organlar yigʻilishlari oʻtkazib kelinmoqda. Turkiya bilan mu­nosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilib, oliy darajadagi Oʻzbekiston — Turkiya strategik hamkorlik kengashi tashkil etildi.

Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashki­loti, MDH, SHHT, Turkiy davlatlar tashkilo­ti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Osiyoda ham­korlik va ishonch choralari boʻyicha kengash kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan aloqala­rini mustahkamladi. 2019-yilda Oʻzbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻldi.

Shuningdek, mamlakat BMT doirasidagi ta­shabbuslarda faol ishtirok eta boshladi. 2020-yil 13-oktyabrda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida Oʻzbekiston tarixda ilk bor BMTning In­son huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga say­landi. Bu oʻrinda mamlakat 2021-2023-yillarda uch yillik muddatga faoliyat yuritish huquqini qoʻlga kiritdi.

Hech qachon demokratiyadan voz kechmaymiz

Yana bir muhim omil — bu huquqiy islohot. Mustaqil sud tizimi, qarorlar qabul qilish shaffofligi, korrupsiyaga qarshi kurash — mam­lakatni ichkaridan qudratli qilish bilan birga, tashqarida ham unga nisbatan hurmat oshishiga yordam beradi.

2023-yil 30-aprelda oʻtkazilgan referen­dumda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning qabul qilinishi bu jarayonda muhim va kerakli qadam boʻldi. Konstitutsiyaga kiritilgan yangi normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirish, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada sa­marali tashkil qilinishiga yordam beradi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 7-modda­sida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir”, degan norma belgilab qoʻyilgan. Bu norma timsolida Oʻzbekiston Respublikasida jahon miqyosida umumeʼtirof etilgan xalq hoki­miyatchiligi prinsipi, yaʼni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlandi.

Oʻzbekiston — huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi alohida qayd etildi. Yangi tahrirdagi Bosh qonunimizning 154-moddasi bilan 1-moddadagi qoidalarni qayta koʻrib chiqish mumkin emasligi belgilandi. Boshqacha aytganda, bu norma — Oʻzbekiston hech qachon de­mokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchi­likka sodiqligi, dunyoviylikka asoslanishini nazarda tutadi.

Boshqaruvda nomarkazlashtirish siyosatiga alohida eʼtibor qaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati usti­dan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga oʻndan ortiq qoʻshimcha vakolat berildi. Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sogʻliqni saqlash organlari rahbar­larining hisobdorligi belgilab qoʻyildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tash­kil etilib, u fuqarolardan kelib tushgan muro­jaatlar asosida korrupsiyaga oid ishlar boʻyi­cha tekshiruvlar oʻtkazish vakolatiga ega boʻldi. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning javobgarligi va ochiqligini taʼminlash uchun “Ochiqlik indeksi” joriy etildi. Barcha davlat organlariga 40 ta muhim ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilish majburiyati yuklandi.

Shuningdek, mamlakatimizda ochiq maʼlumot­lar portali ishga tushirildi. Har bir davlat idorasining matbuot xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyildi va ularning rahbarlari maslahatchi maqomiga ega boʻldi.

Ochiqlik siyosati doirasida xalqaro reytin­glardagi oʻrnimiz ham yaxshilanib bormoqda.

Masalan, Oʻzbekiston “Transparency International”ning Korrupsiyaga taʼsirchanlik indeksida 2018-yilda 158-oʻrinda boʻlgan boʻlsa, 2024-yilda 121-oʻringa koʻtarildi. 2023-yilda ODIN ochiq maʼlumotlar reytingida Oʻzbekiston 195 mamlakat orasida 30-oʻrinda qayd etildi.

Sudyalarni tayinlash va ularning vakolatla­rini tugatish mexanizmi qayta koʻrib chiqildi.

Bu jarayonlarni xolislik asosida amalga oshi­rish maqsadida Sudyalar oliy kengashi mu­staqil institut sifatida tashkil etildi va sudyalarni tayinlashda ularning vakolat mud­dati va professional etika qoidalari takomil­lashtirildi.

Sud faoliyatiga davlat idoralari, mansab­dor shaxslar yoki boshqa guruhlar tomonidan aralashuvning oldini olishga qaratilgan qonuniy normalar qabul qilindi. Xususan, sud qarorla­riga bosim oʻtkazishga qarshi javobgarlik kuchay­tirildi. Buning natijasida 2017-2024-yillarda 6679 nafar shaxs oqlandi (1991-2016-yillarda bu koʻrsatkich 137 tani tashkil qilgandi).

Demokratiyaga asoslangan, adolatli va shaffof davlat boshqaruvi

Bu islohotlar Oʻzbekistonni demokratiyaga asoslangan, adolatli va shaffof davlat boshqa­ruvi sari yetaklamoqda.

Chunonchi hukumat va jamiyat oʻrtasidagi muloqot, fuqarolarning boshqaruvdagi real ishtiroki, tashabbuslarning pastdan qoʻllab-quvvatlanishi mustaqillik poydevoridir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 120-moddasida xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab tur­gan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mum­kin emasligi mustahkamlab qoʻyilgan.

Konstitutsiyamizning ushbu moddasiga koʻra, xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari muddati besh yil boʻlib, ayni bir shaxs surun­kasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashining raisi etib saylanishi mumkin emas.

Mahalliy Kengashlar va hokimlarning vakolat­lari alohida-alohida qilib belgilanishi ushbu organlar masʼuliyati va javobgarligini oshiradi, vazifalar takrorlanishining oldini oladi. Ho­kimlarning mahalliy Kengashlarga raislik qilish amaliyotidan voz kechilgani mahalliy vakillik or­ganlari xalq nomidan muhim siyosiy qarorlarni mustaqil qabul qilishiga, hokimliklar faoliyati ustidan taʼsirchan kengash va deputatlik nazorati oʻrnatilishiga xizmat qiladi.

Mustaqil suveren davlat — shaxsiy dunyoqa­rash va oʻz “meni”ga ega jamiyat bilan quriladi. Aynan shuning uchun hukumat taʼlim tizimini tubdan isloh qilishga katta eʼtibor qaratdi. Maktabgacha taʼlim tizimi yangi yondashuv aso­sida shakllantirildi. Xalq taʼlim tizimi­ni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi va shunga muvofiq, darsliklar­ni yangilash boʻyicha muayyan ishlar bajarildi. Xususan, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida 1-4-sinf darsliklari 4K modeli asosida yangi­dan tayyorlandi.

Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qim­matini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi Konstitutsiyada mustahkamlab qoʻyildi.

Taʼlim — kelajak sarmoyasi

Mamlakatimizning eng bebaho strategik resursi — bu yoshlar. Bugun barcha jabhada ke­chayotgan oʻzgarishlar, islohotlardan kutilayotgan natijalar, taqdirimiz, kelajagimiz, soʻzsiz, ularning qoʻlida. Binobarin, yoshlarga oid dav­lat siyosati yangi Oʻzbekistonda mazmun-mohiyati va qamrovi jihatidan butunlay yangi bosqichga chiqayotgani bejiz emas.

Yangi oliygohlar ochilib, qamrov ancha ken­gaydi. Taʼlim jarayonlari sifat jihatidan yaxshilanmoqda. Oliy oʻquv yurtlarida ilmiy salohiyat 41 foizdan 45 foizga oshgani ham diqqatga molik.

Tan olish kerak, mustaqillikning ilk yil­larida Oʻzbekiston taʼlim tizimi koʻplab mu­ammolarga duch keldi. Jumladan, oliy taʼlim qamrovining pastligi, oʻqitishning eskicha yondashuvlarga asoslangani, infratuzilmaning zamonaviy talablarga javob bermasligi va iqtisodiy cheklovlar soha ravnaqiga toʻsqin­lik qildi. Taʼlim tizimidagi muammolar yoshlarning imkoniyatlarini cheklash bilan bir qatorda, mamlakatning umumiy rivojlanishiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi.

Ilgari oliygohga bitta oʻrin uchun oʻn nafar­dan ortiq abituriyent daʼvogarlik qilgan boʻlsa, hozir universitetlar soni uch barobarga koʻpay­gani tufayli oliy taʼlimga kirish imkoniyati oshdi.

Yosh olimlar va talabalarimizning mu­vaffaqiyati ham ilhom bagʻishlaydi. Bugungi kunda 1,5 mingdan ortiq yigit-qizlarimiz yetakchi xalqaro universitetlarda tahsil olmoqda. Mutaxassislarni xorijda tayyor­lash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbe­kiston Respublikasi Prezidenti huzurida­gi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi etib qayta tash­kil etildi. Agar davlat 25 yil davomida 800 nafar yoshni xorijga oʻqishga yuborgan boʻlsa, oxirgi 7 yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali 2,3 ming nafar yoshlarimiz chet elda tahsil oldi.

“Taʼlim — kelajak sarmoyasi” degan ezgu gʻoya jamiyatimizda katta harakatga aylanmoqda. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyati takomil­lashtirilishi natijasida TOP-300 talik oliy­gohga kirganlar uchun oʻqish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlay boshladi. Ilmiy darajaga ega yosh olimlar soni 4 ming na­fardan oshdi.

2020-yildan boshlab mamlakatdagi barcha oliy oʻquv yurtlarida Yevropa standartlari asosida kredit-modul tizimi joriy etildi. Qoʻshma taʼlim dasturlari akademik almashi­nuv orqali talabalarga ikki davlat univer­sitetlari diplomlarini olish imkoniyatini yaratdi.

Oʻtgan yillarda oliy taʼlim muassasala­riga bosqichli ravishda akademik va moliyaviy mustaqillikning berilishi yana bir yangi qadam boʻldi. Bu OTMga oʻquv rejalarini mustaqil tasdiqlash, yangi taʼlim yoʻnalishlari ochish va akademik mobillikni amalga oshirish imkoniya­tini berdi. Natijada davlat maʼmuriy boshqa­ruvi sezilarli darajada optimallashtirildi va OTMdagi innovatsion jarayonlar tezlashdi. Xalqimizning koʻp yillik ogʻrigʻi, dardi boʻlgan paxta terimiga majburiy jalb qilish amali­yotiga barham berildi.

Bugun biz taraqqiyotimizning navbatdagi ta­rixiy bosqichi — ijtimoiy bogʻlanish jarayoni­ga guvoh boʻlyapmiz.

Tarqoq, oʻz nafini oʻylaydigan, shaxsiy man­faatlarni ustuvor qoʻyadigan kishilar jamoasi­dan — yakdil va qudratli jamiyatga aylanayotga­nimizni kuzatish mumkin. Bu yoʻldagi eng katta kuch — ijtimoiy harakatlardir.

Qisqa davr ichida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan qator tashabbuslar ijtimoiy harakatlarga ay­landi. “Besh tashabbus”, “Zakovat” intellektual oʻyini, “Yashil makon” kabi loyihalar institu­sional muvaffaqiyatli harakatlar sifatida na­moyon boʻlgan boʻlsa, yashil taraqqiyotga intilish, milliy qadriyatlar va tarixni ulugʻlash, yoshlar taʼlimi, xorijiy tillarni oʻrganish, mahalla­lardagi chinakam insonparvarlik ruhi va faol tadbirkorlik harakatlari jamiyatning yara­tilgan sharoitlarga javobi va islohotlardan ruhlanishi natijasida vujudga kelgan katta ichki kuchga ega boʻlgan harakatlardir.

Mana shu ijtimoiy harakatlar koʻlamining kengayishi mustaqillikni mustahkamlovchi eng muhim omillar sanaladi.

Jamiyatimizda kuzatilayotgan yana bir ijo­biy tendensiya — qonunlardan qoʻrqishdan ularni hurmat qilishga oʻtilayotganidir. Bu — jamiyat taraqqiyotining oliy nuqtasi boʻlib, uygʻoq, qonunga sadoqatli va oʻz taqdirini oʻzi belgilaydigan millat sifatida shakllanayotga­nimizdan dalolat beradi.

Bu yoʻldagi birdamligimiz, ijtimoiy kuchi­miz va fidoyiligimiz — kelajak avlodga qol­diradigan eng katta merosimiz boʻladi!

Suverenitet — bu shunchaki xaritadagi chega­ralar emas, balki odamlarning maʼnaviy yetuk­ligi, hamjihatligi, ichki kuchidir.

Oʻttiz yildan oshiq vaqt davomida biz “mustaqil” degan nomni oqlashga va suveren davlat sifatida oyoqda mustahkam turishga harakat qil­dik. Oʻz vaqtida koʻrsatilgan qatʼiyat va siyosiy iroda bugun oʻzining ijobiy natijasini ber­moqda: Oʻzbekistonni butun dunyo taniydi va tan oladi. Oldinda esa uni yangi islohotlar va yangi choʻqqilar sari yoʻl kutmoqda.

Bobur BEKMURODOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi qoʻmita raisi,

“Yuksalish” harakati raisi