Oʻzbekiston oʻz mustaqilligining 34 yilligini nishonlagan shu kunlarda, majoziy maʼnoda, uni 34 yoshga toʻlgan, yoshlikdan ulgʻayish sari qadam qoʻygan insonga qiyoslash mumkin. Bu — oʻtgan umrni sarhisob qilish, oqni qoradan ajratib, xatolardan xulosa chiqarish, strategik qadamlarni aniq belgilash vaqti.
Xoʻsh, qaysi islohotlar Oʻzbekistonning mustaqil davlat sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qildi?
Iqtisodiy mustaqillik va yangilangan Mudofaa doktrinasi
Eng muhim omil bu — iqtisodiy mustaqillik. Mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, innovatsiyalar joriy etish, fermer va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash — bu faqatgina YAIM oʻsishi emas, balki oʻz xalqi farovonligini taʼminlash, ish oʻrinlari yaratish va odamlarni rozi qilish maqsadlarining asosi hamdir.
Oʻzbekiston soʻnggi yillarda samarasiz iqtisodiy modeldan voz kechib, uning oʻrniga raqobat, xususiy mulk va tashabbusni qoʻllab-quvvatlovchi, dunyoga ochiq bozor iqtisodiyotini shakllantirishga qaratilgan fundamental islohotlarni amalga oshirdi. Natijada mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2017-yildagi 41 milliard dollardan 2024-yilda 115 milliard dollarga yetdi, eksport hajmi esa 13,9 milliard dollardan 27 milliard dollarga koʻtarildi. Bu oʻzgarishlar iqtisodiy mustaqillikning mustahkam poydevorini yaratib, Oʻzbe-kistonni dunyo hamjamiyatiga mintaqada barqaror rivojlanayotgan davlat sifatida tanitmoqda.
Mamlakatimizning barqaror rivojlanishi, xalqimizning tinch-osuda hayot kechirishida mudofaa tizimida olib borilgan islohotlar ahamiyati ham beqiyos. Uzoq yillar davomida Qurolli Kuchlarni harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlar bilan taʼminlash asosan import hisobidan amalga oshirilib kelinardi. Bu esa nafaqat Milliy armiyani qurol-aslaha, maxsus texnika va zarur jihozlar bilan oʻz vaqtida taʼminlashga toʻsiq boʻlgan, balki mamlakatning harbiy xavfsizligi masalasida xorijiy davlatlarga bogʻlanib qolish xavfini ham kuchaytirgan edi. Shuningdek, mudofaa ahamiyatiga ega boʻlgan mavjud korxonalar ogʻir iqtisodiy ahvolga tushib qolgandi.
Soʻnggi yillarda esa muhim islohotlar amalga oshirildi. Avvalo, Oʻzbekiston Respublikasining yangilangan Mudofaa doktrinasi qabul qilindi va birinchi bor ochiq eʼlon qilindi. Shuningdek, Mudofaa sanoati agentligi tashkil etildi. Agentlik mudofaa korxonalarini zamonaviy, energiya tejovchi, raqamli dasturlashtirilgan boshqaruv tizimlari va uskunalar bilan jihozlashni bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻydi.
Harbiy-texnik hamkorlik sohasida ham keng imkoniyatlar yaratildi: dunyoning 30 dan ortiq rivojlangan davlati va 80 ga yaqin kompaniyasi bilan aloqalar oʻrnatildi, 10 ta davlat bilan hukumatlararo komissiyalar tuzildi, shuningdek, 10 dan ziyod mamlakat bilan xalqaro bitim va kelishuvlar imzolandi. Zamonaviy qurol-aslaha va jangovar texnikalar xaridi tizimli yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu islohotlar Oʻzbekistonning harbiy xavfsizligi va mustaqilligi kafolati boʻlib xizmat qilmoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasi — tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi
Tashqi siyosat borasida ham misli koʻrilmagan oʻzgarishlar amalga oshirildi. Avvalgi davrlarda qoʻshni mamlakatlar bilan siyosiy aloqalar cheklangan, ikki tomonlama savdo aylanmasi mavjud salohiyatga javob bermaydigan darajada past edi. Chegara, suv-energetika, transport va boshqa muammolar Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga jiddiy toʻsiq boʻlgan. Shuningdek, yetakchi Gʻarb davlatlari tomonidan Oʻzbekistonga turli iqtisodiy cheklovlar qoʻllanilgan edi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida Markaziy Osiyo mintaqasi belgilandi. Qoʻshni davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlikni mustahkamlash, mavjud muammolarni hal etish hamda xalqaro maydonda hamjihatlik qilish asosiy maqsad sifatida belgilab olindi. Natijada savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalar sezilarli darajada kengaydi.
Oʻzbekistonning qator davlatlar — Xitoy, AQSH, Turkiya, Vengriya, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Hindiston va Arab mamlakatlari bilan munosabatlari strategik hamkorlik darajasiga koʻtarildi. Qoʻshni davlatlar bilan suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha ikki tomonlama komissiyalar tashkil etildi. Shu bilan birga, Orolboʻyi mintaqasi uchun BMT doirasida Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi yoʻlga qoʻyildi.
Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlida izchil ishlar amalga oshirildi, Yevropa Ittifoqining “GSP+” benefitsiar maqomiga erishildi. Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik deyarli barcha sohalarni qamrab olgan holda muntazam ravishda qoʻshma organlar yigʻilishlari oʻtkazib kelinmoqda. Turkiya bilan munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilib, oliy darajadagi Oʻzbekiston — Turkiya strategik hamkorlik kengashi tashkil etildi.
Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan aloqalarini mustahkamladi. 2019-yilda Oʻzbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻldi.
Shuningdek, mamlakat BMT doirasidagi tashabbuslarda faol ishtirok eta boshladi. 2020-yil 13-oktyabrda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida Oʻzbekiston tarixda ilk bor BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylandi. Bu oʻrinda mamlakat 2021-2023-yillarda uch yillik muddatga faoliyat yuritish huquqini qoʻlga kiritdi.
Hech qachon demokratiyadan voz kechmaymiz
Yana bir muhim omil — bu huquqiy islohot. Mustaqil sud tizimi, qarorlar qabul qilish shaffofligi, korrupsiyaga qarshi kurash — mamlakatni ichkaridan qudratli qilish bilan birga, tashqarida ham unga nisbatan hurmat oshishiga yordam beradi.
2023-yil 30-aprelda oʻtkazilgan referendumda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning qabul qilinishi bu jarayonda muhim va kerakli qadam boʻldi. Konstitutsiyaga kiritilgan yangi normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirish, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada samarali tashkil qilinishiga yordam beradi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 7-moddasida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir”, degan norma belgilab qoʻyilgan. Bu norma timsolida Oʻzbekiston Respublikasida jahon miqyosida umumeʼtirof etilgan xalq hokimiyatchiligi prinsipi, yaʼni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlandi.
Oʻzbekiston — huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi alohida qayd etildi. Yangi tahrirdagi Bosh qonunimizning 154-moddasi bilan 1-moddadagi qoidalarni qayta koʻrib chiqish mumkin emasligi belgilandi. Boshqacha aytganda, bu norma — Oʻzbekiston hech qachon demokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchilikka sodiqligi, dunyoviylikka asoslanishini nazarda tutadi.
Boshqaruvda nomarkazlashtirish siyosatiga alohida eʼtibor qaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga oʻndan ortiq qoʻshimcha vakolat berildi. Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sogʻliqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qoʻyildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilib, u fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida korrupsiyaga oid ishlar boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazish vakolatiga ega boʻldi. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning javobgarligi va ochiqligini taʼminlash uchun “Ochiqlik indeksi” joriy etildi. Barcha davlat organlariga 40 ta muhim ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilish majburiyati yuklandi.
Shuningdek, mamlakatimizda ochiq maʼlumotlar portali ishga tushirildi. Har bir davlat idorasining matbuot xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyildi va ularning rahbarlari maslahatchi maqomiga ega boʻldi.
Ochiqlik siyosati doirasida xalqaro reytinglardagi oʻrnimiz ham yaxshilanib bormoqda.
Masalan, Oʻzbekiston “Transparency International”ning Korrupsiyaga taʼsirchanlik indeksida 2018-yilda 158-oʻrinda boʻlgan boʻlsa, 2024-yilda 121-oʻringa koʻtarildi. 2023-yilda ODIN ochiq maʼlumotlar reytingida Oʻzbekiston 195 mamlakat orasida 30-oʻrinda qayd etildi.
Sudyalarni tayinlash va ularning vakolatlarini tugatish mexanizmi qayta koʻrib chiqildi.
Bu jarayonlarni xolislik asosida amalga oshirish maqsadida Sudyalar oliy kengashi mustaqil institut sifatida tashkil etildi va sudyalarni tayinlashda ularning vakolat muddati va professional etika qoidalari takomillashtirildi.
Sud faoliyatiga davlat idoralari, mansabdor shaxslar yoki boshqa guruhlar tomonidan aralashuvning oldini olishga qaratilgan qonuniy normalar qabul qilindi. Xususan, sud qarorlariga bosim oʻtkazishga qarshi javobgarlik kuchaytirildi. Buning natijasida 2017-2024-yillarda 6679 nafar shaxs oqlandi (1991-2016-yillarda bu koʻrsatkich 137 tani tashkil qilgandi).
Demokratiyaga asoslangan, adolatli va shaffof davlat boshqaruvi
Bu islohotlar Oʻzbekistonni demokratiyaga asoslangan, adolatli va shaffof davlat boshqaruvi sari yetaklamoqda.
Chunonchi hukumat va jamiyat oʻrtasidagi muloqot, fuqarolarning boshqaruvdagi real ishtiroki, tashabbuslarning pastdan qoʻllab-quvvatlanishi mustaqillik poydevoridir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 120-moddasida xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi mustahkamlab qoʻyilgan.
Konstitutsiyamizning ushbu moddasiga koʻra, xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari muddati besh yil boʻlib, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashining raisi etib saylanishi mumkin emas.
Mahalliy Kengashlar va hokimlarning vakolatlari alohida-alohida qilib belgilanishi ushbu organlar masʼuliyati va javobgarligini oshiradi, vazifalar takrorlanishining oldini oladi. Hokimlarning mahalliy Kengashlarga raislik qilish amaliyotidan voz kechilgani mahalliy vakillik organlari xalq nomidan muhim siyosiy qarorlarni mustaqil qabul qilishiga, hokimliklar faoliyati ustidan taʼsirchan kengash va deputatlik nazorati oʻrnatilishiga xizmat qiladi.
Mustaqil suveren davlat — shaxsiy dunyoqarash va oʻz “meni”ga ega jamiyat bilan quriladi. Aynan shuning uchun hukumat taʼlim tizimini tubdan isloh qilishga katta eʼtibor qaratdi. Maktabgacha taʼlim tizimi yangi yondashuv asosida shakllantirildi. Xalq taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi va shunga muvofiq, darsliklarni yangilash boʻyicha muayyan ishlar bajarildi. Xususan, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida 1-4-sinf darsliklari 4K modeli asosida yangidan tayyorlandi.
Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi Konstitutsiyada mustahkamlab qoʻyildi.
Taʼlim — kelajak sarmoyasi
Mamlakatimizning eng bebaho strategik resursi — bu yoshlar. Bugun barcha jabhada kechayotgan oʻzgarishlar, islohotlardan kutilayotgan natijalar, taqdirimiz, kelajagimiz, soʻzsiz, ularning qoʻlida. Binobarin, yoshlarga oid davlat siyosati yangi Oʻzbekistonda mazmun-mohiyati va qamrovi jihatidan butunlay yangi bosqichga chiqayotgani bejiz emas.
Yangi oliygohlar ochilib, qamrov ancha kengaydi. Taʼlim jarayonlari sifat jihatidan yaxshilanmoqda. Oliy oʻquv yurtlarida ilmiy salohiyat 41 foizdan 45 foizga oshgani ham diqqatga molik.
Tan olish kerak, mustaqillikning ilk yillarida Oʻzbekiston taʼlim tizimi koʻplab muammolarga duch keldi. Jumladan, oliy taʼlim qamrovining pastligi, oʻqitishning eskicha yondashuvlarga asoslangani, infratuzilmaning zamonaviy talablarga javob bermasligi va iqtisodiy cheklovlar soha ravnaqiga toʻsqinlik qildi. Taʼlim tizimidagi muammolar yoshlarning imkoniyatlarini cheklash bilan bir qatorda, mamlakatning umumiy rivojlanishiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Ilgari oliygohga bitta oʻrin uchun oʻn nafardan ortiq abituriyent daʼvogarlik qilgan boʻlsa, hozir universitetlar soni uch barobarga koʻpaygani tufayli oliy taʼlimga kirish imkoniyati oshdi.
Yosh olimlar va talabalarimizning muvaffaqiyati ham ilhom bagʻishlaydi. Bugungi kunda 1,5 mingdan ortiq yigit-qizlarimiz yetakchi xalqaro universitetlarda tahsil olmoqda. Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi etib qayta tashkil etildi. Agar davlat 25 yil davomida 800 nafar yoshni xorijga oʻqishga yuborgan boʻlsa, oxirgi 7 yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali 2,3 ming nafar yoshlarimiz chet elda tahsil oldi.
“Taʼlim — kelajak sarmoyasi” degan ezgu gʻoya jamiyatimizda katta harakatga aylanmoqda. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyati takomillashtirilishi natijasida TOP-300 talik oliygohga kirganlar uchun oʻqish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlay boshladi. Ilmiy darajaga ega yosh olimlar soni 4 ming nafardan oshdi.
2020-yildan boshlab mamlakatdagi barcha oliy oʻquv yurtlarida Yevropa standartlari asosida kredit-modul tizimi joriy etildi. Qoʻshma taʼlim dasturlari akademik almashinuv orqali talabalarga ikki davlat universitetlari diplomlarini olish imkoniyatini yaratdi.
Oʻtgan yillarda oliy taʼlim muassasalariga bosqichli ravishda akademik va moliyaviy mustaqillikning berilishi yana bir yangi qadam boʻldi. Bu OTMga oʻquv rejalarini mustaqil tasdiqlash, yangi taʼlim yoʻnalishlari ochish va akademik mobillikni amalga oshirish imkoniyatini berdi. Natijada davlat maʼmuriy boshqaruvi sezilarli darajada optimallashtirildi va OTMdagi innovatsion jarayonlar tezlashdi. Xalqimizning koʻp yillik ogʻrigʻi, dardi boʻlgan paxta terimiga majburiy jalb qilish amaliyotiga barham berildi.
Bugun biz taraqqiyotimizning navbatdagi tarixiy bosqichi — ijtimoiy bogʻlanish jarayoniga guvoh boʻlyapmiz.
Tarqoq, oʻz nafini oʻylaydigan, shaxsiy manfaatlarni ustuvor qoʻyadigan kishilar jamoasidan — yakdil va qudratli jamiyatga aylanayotganimizni kuzatish mumkin. Bu yoʻldagi eng katta kuch — ijtimoiy harakatlardir.
Qisqa davr ichida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan qator tashabbuslar ijtimoiy harakatlarga aylandi. “Besh tashabbus”, “Zakovat” intellektual oʻyini, “Yashil makon” kabi loyihalar institusional muvaffaqiyatli harakatlar sifatida namoyon boʻlgan boʻlsa, yashil taraqqiyotga intilish, milliy qadriyatlar va tarixni ulugʻlash, yoshlar taʼlimi, xorijiy tillarni oʻrganish, mahallalardagi chinakam insonparvarlik ruhi va faol tadbirkorlik harakatlari jamiyatning yaratilgan sharoitlarga javobi va islohotlardan ruhlanishi natijasida vujudga kelgan katta ichki kuchga ega boʻlgan harakatlardir.
Mana shu ijtimoiy harakatlar koʻlamining kengayishi mustaqillikni mustahkamlovchi eng muhim omillar sanaladi.
Jamiyatimizda kuzatilayotgan yana bir ijobiy tendensiya — qonunlardan qoʻrqishdan ularni hurmat qilishga oʻtilayotganidir. Bu — jamiyat taraqqiyotining oliy nuqtasi boʻlib, uygʻoq, qonunga sadoqatli va oʻz taqdirini oʻzi belgilaydigan millat sifatida shakllanayotganimizdan dalolat beradi.
Bu yoʻldagi birdamligimiz, ijtimoiy kuchimiz va fidoyiligimiz — kelajak avlodga qoldiradigan eng katta merosimiz boʻladi!
Suverenitet — bu shunchaki xaritadagi chegaralar emas, balki odamlarning maʼnaviy yetukligi, hamjihatligi, ichki kuchidir.
Oʻttiz yildan oshiq vaqt davomida biz “mustaqil” degan nomni oqlashga va suveren davlat sifatida oyoqda mustahkam turishga harakat qildik. Oʻz vaqtida koʻrsatilgan qatʼiyat va siyosiy iroda bugun oʻzining ijobiy natijasini bermoqda: Oʻzbekistonni butun dunyo taniydi va tan oladi. Oldinda esa uni yangi islohotlar va yangi choʻqqilar sari yoʻl kutmoqda.
Bobur BEKMURODOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi qoʻmita raisi,
“Yuksalish” harakati raisi