Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo tumanida ham bu boradagi muammolarni bartaraf etish va aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilyapti. Jumladan, yaqinda tumanning Amir Temur nomli ovuli aholisiga toza ichimlik suv yetkazib berish maqsadida yer ostidan tortib olingan suvni chuchuklantiruvchi uskunalar oʻrnatilgan “Ekos” stansiyasi ishga tushirildi. Ushbu qurilma orqali endilikda ovuldagi 242 xonadonga chuchuklashtirilgan suv yetkazib berilmoqda.
— Tumanimizning Turkmaniston bilan chegaradosh hududidagi ushbu ovul oqar suv yoʻllarining oxirida joylashgan, — deydi Amudaryo tumani kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi boshligʻi Gʻulomjon Duysenbayev. — Aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash uchun oʻtgan yili 5 milliard 300 million soʻm qiymatga ega suv tozalash qurilmasi va maxsus inshoot bunyod etishga kirishilgan edi. Hozirda u foydalanishga topshirildi. Ushbu suv tozalash qurilmasi yordami yer osti suvlari 35 metr chuqurlikdan toʻrtta quvur orqali tortib olinib, keraksiz tuz va minerallardan tozalangan holda isteʼmol uchun yetkazib berilmoqda. Bunday stansiya tumanimizning Oq oltin ovulida ham qurilib, yuzlab xonadonga xizmat koʻrsatayapti.
Bugun fan-texnika qanchalik rivojlanmasin, chuchuk suv masalasiga jiddiy muammo sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Yer kurrasidagi suv miqdori 1,4 milliard kub kilometrga teng boʻlib, shundan 98 foizi dengiz va okeanlarning shoʻr suvlariga toʻgʻri keladi. Suv tanqisligi natijasida koʻp mintaqalarda odamlar yuqori minerallashgan suv isteʼmol qilishga majbur boʻlmoqda. Bundan Markaziy Osiyo mintaqasi ham mustasno emas. Minerallashgan suvlarni uzoq vaqt isteʼmol qilish esa inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Keyingi yillarda Orolboʻyi hududida yashovchi aholi oʻrtasida buyrak, qovuq va oʻt qopi kasalliklari koʻpayib ketayotgani boisi ham shunda. Olimlarning fikricha, kelajakda chuchuk suv miqdori bundan ham kamayib ketadi. Shu bois, asosiy suv manbai hisoblangan shoʻr suvlarni chuchuk suvga aylantirib, aholi talabini qondirish muammosi koʻndalang turibdi. Suvni chuchuklashtirishda asosan elektroliz, distillyatsiya, muzlatish va yuqori filtrlash usullaridan foydalaniladi.
Kamchiliklar bartaraf qilinmoqda
Bugungi kunda suvni tejash ham eng dolzarb masala hisoblanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi suv xoʻjaligi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, sohada yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy ishlar bajarilmoqda. Xususan, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilinmoqda.
Qoraqalpogʻiston hamda Beruniy nasos stansiyalari va energetika boshqarmalariga qarashli nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektor boshqaruviga berish boʻyicha qiymati 93,4 milliard soʻmlik jami 27 ta loyiha bitimi imzolangan. Shundan 26 ta loyiha yuzasidan 2022-yildan shu kungacha 959,7 million soʻm investitsiya mablagʻlari kiritilgan. 17 ta loyiha boʻyicha xususiy sheriklar tomonidan investitsiya mablagʻlari kiritilmagan.
— Joriy yilda mazkur yoʻnalishda 25 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi,— deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini shakillantirish va joriy etish sektori katta muhandisi Turdibay Qarlibayev. — Ushbu loyihalar boʻyicha tegishli hujjatlar ishlab chiqilib, xususiy sheriklar tamonidan imzolangan. Lekin nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida olgan sheriklar zimmasidagi majburiyatlarni bajarish boʻyicha masʼuliyatni toʻla his qilmayapti. Toʻgʻri, ular orasida samarali faoliyat yuritayotganlari ham bor. Masalan, “Toʻqqiz tom” nasos stansiyasini “Midasiatex cluster” MCHJ 2021-yil avgust oyida xususiy sheriklik asosida olgan edi. Bugungi kungacha mazkur xususiy sherik loyiha shartlariga koʻra, nasos stansiyasiga 200 million soʻmlik investitsiya kiritdi. Stansiyaga yangi PG-50 nasos agregatini oʻrnatib, oʻzlariga qarashli ekin maydonlari va aholi tomorqalarining jami 394 gektar yerni suv bilan taʼminlashga katta hissa qoʻshib kelmoqda.
Maʼlumot uchun aytish joizki, Qoraqalpogʻistondagi 4 ta nasos stansiyasini muqobil energiya bilan taʼminlash va modernizatsiya qilish boʻyicha “Metito Utilities Limited” (Buyuk Britaniya) va “Alcazar energy” (BAA) kompaniyasi qiziqish bildirgan boʻlib, hozirgi kunda loyihani amalga oshirish yuzasidan obyektlar oʻrganilmoqda.
“Nukus” kollektorini qurish loyihasi tanqid qilindi
Suv xoʻjaligi vazirligining 2023-yil ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzulmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan irrigatsiya- melioratsiya obyektlaridagi muammolarni aniqlash hamda ishlarni jadallashtirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi obyektlarda oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Xususan, Nukus tumanidagi “Nukus” kollektorini qurish (3-bosqich) loyihasi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganilganida, belgilangan ishlar rejadan orqada qolayotgani tanqid qilindi. Mazkur obyekt 2019-yildan “Qoraqalpogʻistonsuvqurilishinvest” davlat muassasasi buyurtmasi asosida “Nukus” kollektorini qurish loyihasi “Amubuxorokanalqurilish” korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan boʻlib, umumiy qiymati 24 milliard 681,777 million soʻmni tashkil qiladi.
Loyiha natijasida Nukus tumanidagi 3 ming 600 gektar ekin maydoni hamda Nukus shahar yer osti sizot suvlarini olib chiqib ketishi hisobiga shu hududlardagi yerlarning meliorativ holatini barqarorlashtirish nazarda tutilgan. Kollektorning loyihaviy suv oʻtkazish quvvati 1,2 metr kub-soatni tashkil qiladi. Qurilish boshidan, yaʼni 2018-yildan 2023-yil 1-yanvarigacha 6,4 kilometr uzunlikda 21 milliard 629,9 million soʻmlik kapital qoʻyilmalar oʻzlashtirib, shundan 22 milliard 135,6 million soʻm qiymatda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan.
2023-yil manzilli roʻyxat asosida 12 milliard 809,4 million soʻm limit ajratilib, 2023-yil 18-yanvardagi qoʻshimcha kelishuv shartnomasi orqali joriy yilga 13 milliard 345,4 million soʻmlik pudrat shartnomasi imzolangan.
Maʼlum boʻlishicha, qurilish korxonasi tomonidan joriy yilning 1-iyun holatiga koʻra, reja boʻyicha 7 milliard 498,4 million soʻmlik rekonstruksiya ishlari rejalashtirilganiga qaramay, amalda bor-yoʻgʻi 1 milliard 259,7 million soʻmlik kapital qoʻyilmalar oʻzlashtirilgan.
Obyektda reja koʻrsatkichlari bajarilishida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni aniqlab, ularni bartaraf etish boʻyicha bir yillik reja jadval ishlab chiqish, unda belgilangan vazifalar ijrosiga masʼul boʻlgan shtab tashkil qilgan holda doimiy nazorat qilib borish belgilandi.
Suv taʼminotini yaxshilashga qaratilgan loyihalar
Jahon banki ishtirokidagi “Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi 2015-yilda boshlangan edi. Qoraqalpogʻiston Respublikasining janubiy tumanlarida suv taʼminotini yaxshilashga qaratilgan mazkur loyiha joriy yilda yakuniga yetkazilishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli Beruniy, Toʻrtkoʻl va Ellikqalʼa tumanlarida suv taʼminoti yaxshilanish barobarida, hudud aholisi farovonligiga katta hissa boʻlib qoʻshildi.
Loyihaning umumiy qiymati 374,2 million AQSH dollarini tashkil etib, shundan 214,9 million dollari Jahon banki krediti, qolgan qismi esa davlat ulushidir.
Loyiha boʻyicha 833 kilometr uzunlikdagi magistral va xoʻjaliklararo kanallar hamda 2000 dona gidrotexnika inshootlari qayta tiklanadi, 16 ming gektar sugʻoriladigan maydonlar lazer yordamida tekislanib, chuqur yumshatiladi. Shuningdek, 33,4 kilometr uzunlikda yangi kanal hamda 38,7 kilometr uzunlikdagi kanallar beton qoplama qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida hamda joriy yil hududlarda suv tanqisligining oldini olish maqsadida “Suyenli” irrigatsiya tizimi boshqarmasi balansidagi kanallar tozalanmoqda. Xususan, “Suyenli” magistral kanalinining 0,5 kilometr qismi, Qonlikoʻl va Shumanay tumanlariga tegishli hududlarni suv bilan taʼminlovchi “Kindik oʻzak” kanalining 6 kilometr hamda Qoʻngʻirot va Moʻynoq tumanlarini suv bilan taʼminlovchi “Talliq” kanalining 10 kilometr qismida qazish ishlarini amalga oshirish uchun ushbu obyektlar tegishli tartibda tender savdolariga qoʻyildi.
Pirovardida, bu ishlar Qonlikoʻl, Shumanay, Qoʻngʻirot va Moʻynoq tumanlarining 12 ming 800 gektardan ortiq ekin maydonlarida suv taʼminoti yaxshilanishiga xizmat qiladi.
— 2021-yil davomida boshqarmamizga qarashli kanallar va gidroinshootlarda 18 dona, oʻtgan yili 17 dona “Aqlli suv” qurilmalari oʻrnatilgan boʻlsa, joriy yilda esa 11 dona shunday uskuna joylarga qoʻyilyapti, — deydi “Suyenli” irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshligʻi Alisher Ibraimov. — Eʼtiborlisi, joriy yil ushbu texnologiyalarni qurish xarajatlari toʻliq mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirilyapti.
Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida 2030-yilgacha barcha irrigatsiya obyektlariga “Aqlli suv” suv oʻlchash va nazorat qilish qurilmalari oʻrnatilib, suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy etish nazarda tutilganki, bu ham mazkur yoʻnalishdagi ishlarni sifat jihatidan yaxshilashga xizmat qiladi.
Yurtimizda suvni tejash va undan samarali foydalanishga soʻzda emas, amalda ham eʼtibor berilayotgani oʻz samarasini bermoqda.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri