Suhbatda Oʻzbekiston Respublikasida yangi istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yirik xorijiy kompaniyalarni jalb etish maqsadida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, farmatsevtika, kimyo va oziq-ovqat sanoati kabi sohalardagi loyihalarni amalga oshirish doirasida xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.
Kompaniya vakillari yirik xorijiy kompaniyalarni mamlakatimiz bozoriga faol jalb etish maqsadida muhokama qilingan loyiha tashabbuslari va Oʻzbekistonda yaratilgan sarmoyaviy shart-sharoitlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni yetkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Synergy Consulting Infrastructure and Financial Advisory Inc. moliyaviy va korporativ konsultatsiyalar xizmatlari sohasida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. 80 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi. Kompaniya Oʻzbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida 30 dan ortiq loyihalarni amalga oshirishda yordam koʻrsatdi.