Tabiiy gaz hajmi meʼyoriy sxemaga yaqinlashyapti. Biroq gaz bosimining pastligi meʼyoriy sxemaning toʻliq tiklanishini kechiktiryapti

    O‘zbekistondan mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga oʻzgargunga qadar bugun ham kunning tigʻiz paytlarida elektr energiyasi ta’minotiga maʼlum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin. 

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxoʻjayev maʼlum qildi.

    Uning taʼkidlashicha, 22-fevral kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 244,2 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 4 foiz koʻp elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 42,3 mln kubometr tabiiy gaz, 21 ming tonna koʻmir hamda 11,4 ming tonna mazut yoqildi.

    Turkmaniston Respublikasidan 22,6 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.

    Respublika isteʼmolchilariga 240,2 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 6 foiz koʻp elektr energiyasi yetkazib berildi.

    Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining avariya oqibatida keskin tushib ketganligi hamda aholi isteʼmolchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning bir necha marotaba oshishi tufayli 22-fevral kuni ham respublikamiz boʻylab asosan kunning tigʻiz vaqtlarida 550 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur boʻlindi.

    Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga oʻzgargunga qadar bugun ham kunning tigʻiz paytlarida maʼlum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.

    Gaz bosimining odatdagidan koʻra past ekaniga qaramay, 22-fevral kuni ham uning isteʼmoli yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 154,6 mln kubometrni tashkil qildi.

    Tabiiy gaz hajmi meʼyoriy sxemaga yaqinlashyapti. Biroq gaz bosimining pastligi meʼyoriy sxemaning toʻliq tiklanishini kechiktiryapti.

    Magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika isteʼmolchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda taʼminlashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator zarur choralar koʻrilmoqda.

    Xususan, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan taʼminlash hamda quvurlardagi bosimni bir meʼyorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Kecha mamlakatimizdagi 481 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 3 million 239 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi.

    Avtobenzin va dizel yonilgʻisi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 22-fevral kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalariga 4 ming 332 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

    Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalarida sotish uchun qoʻyilgan 8 ming 415 tonna avtobenzinning 3 ming 439 tonnasi, 2 ming 100 tonna dizel yonilgʻisining esa 1 ming 281 tonnasi sotildi.

    Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari oʻrnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.

    Respublika hududlari boʻylab qishning sovuq kunlarida isteʼmolning koʻpayishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

    Xususan, kecha mamlakatimiz boʻylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta, gaz taʼminotida yuzaga kelgan 2 ta nosozlik bartaraf qilindi.

    Taʼkidlash joizki, qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida mehnat qilayotgan 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

    22-fevral kuni elektr taʼminotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga isteʼmolchilardan 492 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

    Tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminoti boʻyicha kelib tushgan 232 ta murojaat boʻyicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar koʻrildi.

    Shu oʻrinda isteʼmolchilardan tabiiy gaz hamda elektr energiyasidan tejab-tergab foydalanishlarini soʻraymiz. Zero, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan uzib qoʻyish, behuda yonayotgan chiroqlar, reklama yoritkichlari hamda boshqa manbalarni oʻchirib yurish orqali elektr tarmoqlariga tushadigan kuchlanishni kamaytirishimiz, qolaversa, isrofgarchilikning oldini olishimiz mumkin.