Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqoʻrgʻon va Oqdaryo tumani hamda Samarqand shahri boʻlimlari tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “Kh.A.” fermer xoʻjaligi, “R.F.” hamda “O.I.” MCHJlar masʼul shaxslari umumiy foydalanishdagi elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanib, jami 727,6 mln soʻmlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

Shuningdek, Departamentning Urganch, Gʻuzor tuman boʻlimlari va Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda ushbu hududlardagi “B.O.”, “T.S.” va “Q.Ch.” fermer xoʻjaliklari masʼul shaxslari elektr suv nasoslarini oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tarmoqqa ulab, jami 504,6 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Departamentning Margʻilon shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “J.S.” MCHJ masʼul shaxslari korxonaning umumiy ovqatlanish shoxobchasining elektr hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir oʻtkazib, 232,2 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.