Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan “Oʻzneftgazinspeksiya” viloyat boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Hududgaz Qashqadaryo” filiali masʼul shaxslari va boshqalar “T.” MCHJga qarashli Avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchasida gaz hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir oʻtkazish orqali umumiy qiymati 3,5 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departament hamda “Oʻzneftgazinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyati boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “G.t.” xususiy korxonasi va “Hududgaz Qashqadaryo” filiali masʼul shaxslari korxonaga qarashli Avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchasida oʻlchov tarmogʻining muhriga oʻzboshimchalik bilan shikast yetkazilib, gaz qurilmasini boshqa qurilmaga almashtirish orqali 2,9 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi aniqlangan.

Departamentning Boʻstonliq tuman boʻlimi tomonidan “Boʻstonliqtumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “E.” unitar korxonasi rahbari E.S. oʻzboshimchalik bilan gaz tarmogʻidagi tamgʻani buzib, ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelganligi oqibatida, 580,3 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.