Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Piskent tuman boʻlimi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “S.G.” MCHJ rahbari Sh.Z. MCHJ yer maydonida nazorat tamgʻalari boʻlmagan elektr hisoblagichdan oʻzboshimchalik bilan foydalanib, jami 525,6 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro T.X. (muqaddam sudlangan) va boshqalar Pastdargʻom tumanidagi yangi qurilgan koʻp qavatli binoni umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga tijorat maqsadida oʻgʻrilik yoʻli bilan ulab, jami 221,4 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Xuddi shunday, Departamentning Bekobod shahar boʻlimi tomonidan “Toshkent suv taʼminoti” MCHJ shahar filiali xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro J.Z. “Nurli yoʻl” MFY hududidagi koʻp qavatli va koʻp tarmoqli xizmat koʻrsatishga moʻljallangan noturar binosini tijorat maqsadida oʻgʻrilik yoʻli bilan markazlashgan ichimlik suv quvuri va oqova suv chiqarish xizmatiga ulab, jami 156,6 mln soʻmlik ichimlik suvidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) va 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.