“Tadbirkor” 26 ming xonadonning bir oylik isteʼmoliga teng tabiiy gazdan noqonuniy foydalandi

    Xavfsizlik 2 Iyul 2022 1986

    Joriy yilning 30-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzneftgazinspeksiya” bilan hamkorlikda navbatdagi nazorat tadbirini oʻtkazdi.

    Tadbir davomida “Abdullox Agro Fayz” MCHJga qarashli Toshkent tumani, “Chuvalachi” MFY hududida joylashgan issiqxona va parrandachilik sexi koʻzdan kechirilganida, hech qanday asoslantiruvchi hujjatlarsiz oʻzboshimchalik bilan gaz hisoblagich oʻrnatmagan holda 2 dona ohak pishirish xumdonida 21 ta qoʻlbola gaz yondirgich orqali tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelinayotganligi aniqlandi.

    Gaztaʼminot korxonasi mutaxassislari tomonidan holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi va yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilindi.

    Hisob-kitoblarga asosan, mazkur korxona tomonidan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 5 mlrd 226 mln 661 ming soʻmni yoki 26 mingta xonadonni bir oylik isteʼmoliga teng boʻlgan tabiiy gaz talon-taroj qilingani maʼlum boʻldi.

    “Oʻzneftgazinspeksiya” Matbuot xizmati