Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, quyidagi imkoniyatlarga ega “Tadbirkor ayollar” platformasi 2025-yil 1-iyulgacha ishga tushiriladi:
- ayol tadbirkorlarga xomashyo sotib olishga koʻmaklashish;
- oʻzaro kooperatsiyani kengaytirish va mahsulotlarni sotish uchun bozor topish;
- zarur mutaxassislarni izlash va ishga qabul qilish;
- loyihalar doirasida yuzaga kelayotgan muammolarini aniqlash va ularga yechim topish.
2025-yil 1-maydan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Hamkor tadbirkor” dasturi yoʻlga qoʻyiladi:
- oʻz biznesini tashkil etmoqchi boʻlgan xotin-qizlarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish;
- kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish;
- mahalliy va xalqaro elektron platformalarda xotin-qizlarga oʻz mahsulotlarini joylashtirish va sotishga koʻmaklashish.
2025-yil 1-avgustgacha Ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida moliyaviy xizmatlar koʻrsatish strategiyasi tasdiqlanadi.
Yetakchi ishbilarmon ayollardan iborat Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etiladi.