Navoiy shahrida yashovchi fuqaro Sohiba Qilichevadan O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “1091” ishonch telefoni orqali murojaat kelib tushdi. Iste'molchining aytishicha, bank krediti asosida sotib olgan kir yuvish mashinasi nosoz chiqqan. Xaridor “Artel” servis markaziga murojaat qilgan, ammo murojaati e'tiborsiz qoldirilgan.

Murojaat o'rganilishi natijasida kir yuvish mashinasi bepul ta'mirlatib berildi.

Navoiy shahrida yashovchi yana bir fuqaro SHahnoza Ro'zieva shaharda joylashgan “Top kredit” savdo do'koniga ikkita mobil` telefoni uchun bank krediti asosida 4 million so'm to'lagan. Biroq oradan 10 kun o'tsa ham xaridlarini ololmagan. Bu bo'yicha tadbirkorga qilgan takroriy murojaatlari besamar ketgan. Mazkur murojaat o'rganilishi natijasida iste'molchiga telefon apparatlari ikki kun ichida etkazib berildi.

Navbatdagi murojaatni vobkentlik F.Rustamov yo'llagan. Iste'molchi Vobkent tumani markaziy bozorida faoliyat yuritayotgan tadbirkordan 3 million 750 ming so'mlik buyurtma asosida oshxona mebellar to'plamini xarid qilgan. Biroq oradan ko'p vaqt o'tmay, mebellar nosoz holatga kelib qolgan. Bu borada  tadbirkorga bir necha marta arz qilishiga qaramay, hech qanday  ta'mirlash xizmati ko'rsatilmagan. Mazkur murojaat o'rganilishi natijasida qisqa muddatda oshxona mebeli ta'mirlab berildi, deya xabar qilyapti federatsiya matbuot xizmati.