Bank ham, markaz ham yangi loyiha daromad keltirib, tadbirkor faoliyati rivojlanishidan manfaatdor boʻlishi uchun yangi kichik biznes loyihasi ishga tushgach, ikki yil davomida ulardan tushadigan barcha soliqlar “Biznesni rivojlantirish banki”ning aylanma mablagʻi uchun oʻtkazib beriladi.

Yaʼni, tadbirkor qancha koʻp daromad topishidan bank manfaatdor boʻladigan tizim yaratiladi.

Eng asosiysi, ushbu dasturda istalgan davlat va xususiy banklar ishtirok etishi, oʻzlari ham resurs jalb qilishi mumkin boʻladi. Banklarning dastur doirasida olgan foydasi soliq bazasidan chegirib tashlanadi.

Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlardan yana 500 million dollar jalb qilinadi.

Ushbu tashabbuslardan bir yil ichida kamida 150 mingta kichik biznes subyektlarini “oyoqqa turgʻizish”, kamida 25 mingtasini oʻrta korxonalarga aylantirish, sohada 250 ming yangi doimiy ish oʻrinlarini yaratish maqsad qilingan.