Har qanday yangi biznes asosida ko'plab g'oya va yo'nalishlar yotadi. Ammo g'oyani doim ham muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonsiz. Buning uchun etarli resurs, iqtisodiy sharoit va mana shu sharoitni yuzaga keltiradigan muhit zarur. Ya'ni, mamlakatimiz misolida oladigan bo'lsak, so'nggi yillarda tadbirkorlarning erkin va faol ishlashi uchun yaratib berilayotgan sharoitlar, ishbilarmonlikni rivojlantirishga qaratilgan imtiyozlar biz aytmoqchi bo'lgan ijobiy muhitga misol bo'la oladi.
Iqtisodiyotda muvaffaqiyatli biznesning o'rni yuqori. Innovatsion g'oyalarni maqsadli yaratib, ishlab chiqarishga joriy etish, avvalo, ichki bozorga keng assortimentdagi sifatli, raqobatbardosh mahsulot taklifini oshirish, qolaversa, aholini ish bilan ta'minlash deganidir. Buning ortidan xizmat ko'rsatish va yetkazib berish dasturlarining zamonaviy ko'rinishlari shakllanib, raqamli iqtisodiyot ham rivojlanib borayotgani masalaning boshqa tomoni.
Sodda qilib aytganda, mamlakatda kichik va o'rta biznes vakillarining ko'payishi milliy iqtisodiyot rivojiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Ammo ishbilarmon odam biznes g'oyasini amalga oshirish uchun qulay muhit izlaydi. Unga yetarli sharoit yaratib berilsagina, ishini rivojlantira oladi.
O'tgan yili 20-avgustda davlatimiz rahbarining ilk bor tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti tashkil etilib, mazkur sana yurtimizda “Tadbirkorlar kuni” sifatida belgilangani katta voqelikka aylangan edi. O'shanda tadbirkorlardan kelib tushgan 15 mingdan ortiq savol, taklif va tashabbuslar asosida sohani qo'llab-quvvatlash va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan 7 ta yo'nalish asosida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Dasturda soha vakillariga qator imtiyozlar berildiki, xalqimiz bundan o'rnida foydalanib kelmoqda.
Shunday qilib, davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti yaxshi an'anaga aylandi. Joriy yil 20-avgust sanasida ham mazkur uchrashuv o'tkazilishi kutilyapti. Ochiq muloqot oldidan davlat rahbariga murojaatlar qabul qilish boshlangan. Savol va takliflarni yig'ish bo'yicha respublika shtabi hamda “koll-markaz” tashkil etilgan. Shu yil 3-avgust kuni davlatimiz rahbari raisligida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan muloqotiga tayyorgarlikning borishi bo'yicha o'tkazilgan yig'ilishda jarayon tahlil qilindi. Unga ko'ra, bugungi kungacha 7 ming 200 dan ortiq taklif va murojaatlar kelib tushgan. Ularning aksariyati joyida hal etilmoqda.
Muvaffaqiyatli biznes boshlash uchun yangi imkoniyat
Kutilayotgan ochiq muloqot ko'plab tadbirkorlik sub'ektlari uchun yangi imkoniyatlar demakdir. O'rtaga tashlangan muammolarga echim topilishi sohaga qadam qo'yayotgan yoshlarning o'z omadli bizneslarini yaratishlariga ham xizmat qiladi.
Yoshlar va biznes — bugungi kunda bir-biri bilan chambarchas bog'liq tushunchalardir. Aynan yoshlar tadbirkorlik faoliyati uchun yangi g'oyalarni yaratmoqdalar, tavakkal qilishdan qo'rqmay, zamonaviy yo'nalishlarga qadam qo'yyapti. Bu ulardagi bugungi kun ruhiga mos fazilatlar — tashabbuskorlik, harakatchanlik, jasorat, tavakkal qilishga moyillik, o'rganish va qayta o'rganish qobiliyati, innovatsiyalarga ochiqlik bilan bog'liq. Qolaversa, yigit-qizlarga bildirilayotgan ishonch ularning faoliyatlarida mustahkam tirgak bo'layotgani rost.
Ana shunday ilg'or yoshlar orasida aka-uka Dilshodbek hamda Azizbek Xojiyevlar ham bor. Ularning har ikkisi o'z biznesini muvaffaqiyatli yo'lga qo'yib, bo'sh ish o'rinlari yaratgan.
Azizbek Xojiyev 2012-yildan buyon o'zi rahbarlik qilayotgan “XK the best product” MCHJda import o'rnini bosuvchi suyuq devor gul qog'ozlarini ishlab chiqaradi. Yiliga 10 million kvadrat metr mahsulot tayyorlanadigan ushbu korxonada 70 nafar kishi mehnat qiladi.
Dilshodbek esa Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetining 2-bosqich magistranti. 2019 yilda “New Best Style” MCHJ korxonasini tashkil etib, xorijiy investitsiyalar asosida pardozbop gulqog'ozlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan. Korxonada ish jarayoni ham, texnologiyalar ham — bari zamonaviy. CHet davlatlardan olib kelingan uskunalar ishlab chiqarishni bir necha bor tezlashtirib, ishchi kuchini engillashtiradi. Hozir bu yerda 250 nafar kishi doimiy mehnat qilmoqda.
Tadbirkor mahsulotlarini Tojikiston, Qirg'iziston, Qozog'iston, Turkmaniston, Gruziya, Suriya, Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston davlatlariga eksport qiladi. Korxona yilning eng yaxshi eksportyori, sifatida ham e'tirof etilgan.
Dilshodbek tadbirkorlik faoliyatida erishayotgan yutuqlari bilan ko'pchilikka namuna bo'lmoqda. Shu yil 30-iyun — Yoshlar kunida tadbirkor “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. Davlatimiz rahbari yigit-qizlarga yo'llagan tabrik nutqida “Xorijiy investitsiyalar ishtirokida zamonaviy korxonalar barpo etib, ko'plab yangi ish o'rinlari yaratayotgan, o'z mahsulotlarini eksport qilayotgan tadbirkor yoshlarimiz safi kun sayin kengayib bormoqda. Misol uchun, ... Xorazm viloyati Hazoraspda Dilshodbek Hojiyev singari izlanuvchan yoshlarimiz havas qilsa arziydigan natijalarga erishmoqda. Mana shunday salohiyatli yoshlarimizning bir guruhi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani albatta barchamizni mamnun etadi", deya ta'kidlagani Dilshodbekni yanada ruhlantirdi. Qahramonimiz yaqin yillarda o'z faoliyatini kengaytirib, qo'shimcha ish o'rinlari yaratish, kam ta'minlangan oilalar xonadoniga daromad kirishiga hissa qo'shishni maqsad qilgan.
Bugungi tadbirkorga nimalar kerak?
Ana shunday yoshlarga havas qilib, ko'plab yigit-qizlar omadli biznes boshlashga intilayotgani quvonarli. Ammo ularning aksariyatini, avvalo, qanday qilib muvaffaqyaitli biznes boshlash mumkin, degan savol o'ylantiradi. Buning uchun mavjud imkoniyatlarni baholash bilan birga, bilim, ko'nikmalar, ish tajribasi, aloqalar, mijozlarni o'rganish va vaqtni to'g'ri taqsimlash talab etiladi. Shuningdek, bunga zamonaviy gadjetlarni ham qo'shish kerak. Gap shundaki, boshlang'ich kapitalning faqatgina o'zi biznesdagi muvaffaqiyatni ta'minlamaydi. Agar "Omadli biznes” muvaffaqiyatining o'lchovi faqat tikilgan mablag' bo'lsa, unga erishish ancha oson bo'lar edi. Biroq puldan tashqari yana bir qancha resurslar zarur.
Omadli biznes yaratuvchilari mijozlarning ehtiyojlarini qondirishga asoslanadi va narx-sifat hamda yaxshi xizmat kombinatsiyasini taklif qila oladigan biznesmenlar yuqori foyda olishi mumkin. Bunday yaratish uchun iste'molchiga qanday qiymat taklif qilish mumkinligini tushunish kerak. Gap shundaki, biznes nafaqat tadbirkorlik sub'ektlari, balki iste'molchilar faoliyatini qamrab oladigan tizimdir.
Bugungi kunda g'oya yaratib, biznesni boshlashning o'zi kamlik qiladi. Barcha sohalar zamonaviylashib borayotgan hozirgi davrda ilmiy, innovatsion yangiliklarni o'rganib borish, iste'molchi talabiga mos arzon va sifatli mahsulot ishlab chiqarish muhim. Buning uchun raqobat muhiti zarur. Tadbirkorlik sub'ektlari qancha ko'p bo'lsa, raqobat shu asosida shakllanib boraveradi.
Bundan tashqari, muvaffaqiyatli tadbirkorlikni rivojlantirish uchun bir qancha omillar talab etiladi. Xususan, mulk munosabatlarining uyg'unlashuvi, ishbilarmonlarga faoliyati doirasidagi jarayonlarni boshqarish bo'yicha iqtisodiy erkinliklarning berilishi, bozorning ochiqligi, ya'ni tovarlar, sarmoyalar, ma'lumotlar, ishchi kuchi, xomashyo harakati uchun sun'iy g'oyalarning yo'qligi, bozor infratuzilmasining mavjudligi, tadbirkorni himoyalovchi mustahkam qonunchilik va huquqiy kafolatlarning ta'minlangani hamda davlat tomonidan ularga imtiyozlar berilishi muhim ahamiyatga ega.
So'nggi yillarda O'zbekistonda ana shu jihatlar yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Tadbirkorlik bilan shug'ullanaman, yangi g'oyalarni amalga oshiraman, degan har bir insonga barcha sharoitlar yaratib berilyapti. Bu esa hududlarda ishbilarmonlar sonining ortishi, sohaga ilm-fan va texnika yutuqlari, innovatsion texnologiyalar kirib borishi, mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarish ko'lamining kengayishi, muhimi, odamlarning ish bilan ta'minlanishiga xizmat qilmoqda.
Shodiyor NARZULLAYEV,
Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti tadqiqotchisi
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 05.08.22, 158-sonida e'lon qilingan)